Mashhur serial butun dunyoni turk shou-biznesi yulduzlarining ko‘pgina isteʼdodlari bilan tanishtirdi. Muxlislar “Muhtasham yuz yil”dagi bunday mohirona ijrodan so‘ng aktyorlarni kelajakda kinematografiyada muvaffaqiyatli karyera kutmoqda deb ishonishgan. Serialda shahzodalarni o‘ynagan turk aktyorlarining taqdiri qanday kechgani haqida so‘z yuritiladi.
Mehmet Gunsur — Mustafo

Mehmet Gunsur uchun “Muhtasham yuz yil” uning filmografiyasidagi birinchi loyiha emasdi. Sulaymonning to‘ng‘ichi va Mohidavron sultonning yagona o‘g‘li bo‘lgan Shahzoda Mustafo roli uni butun dunyoga mashhur qildi. Olamshumul mashhurlik turk yulduzining mahorati va professionalligi uchun munosib mukofot bo‘ldi.
Ammo aktyor “Muhtasham yuz yil”dagi qahramoni bilan taqqoslanishni yoqtirmaydi. Keng filmografiyasiga qaramay, turk seriali muxlislarining aksariyati uchun u shahzoda Mustafo bo‘lib qolmoqda.
Hozirda Mehmet Gunsur kinoda suratga tushishda davom etmoqda. U nafaqat turk, balki italyan loyihalarida ham qatnashadi. Aktyor oilali va uchta farzandning otasi. U shaxsiy hayotini begonalar ko‘zidan ehtiyotkorlik bilan yashiradi va kamdan kam intervyu beradi.

Turk seriali yulduzi hozirga qadar 35 dan ortiq muvaffaqiyatli loyihalarda rol ijro etgan. U “Hadya”, “Fi, Chi, Pi”, “Kvest”, “Mening onam — Anqara”, “Shaytonlar”, “Kanaga”, “Qarag‘aylar hukmdori” kabi boshqa ko‘plab filmlar va seriallarda rol o‘ynagan.
Gurbey Ileri — Mehmet

Gurbey Ileri uchun “Muhtasham yuz yil”da suratga tushish turk kino olamiga oltin chipta bo‘lishi kerak edi. Aktyorlik faoliyatini yangi boshlagan aktyorga katta omad kulib boqdi — shahzoda Mehmet roli uning filmografiyasidagi uchinchi rol bo‘ldi va unga shuhrat olib keldi. Gurbeyning muxlislari uni muvaffaqiyatli karyera kutmoqda deb ishonishgan edi. Dastlab shunday bo‘ldi ham, aktyor “Yuragim seni tanladi”, “Sevgi taqdirga qarshi” va “Ertug‘rul” kabi seriallarda rol o‘ynadi. Keyinchalik turk aktyori to‘liq metrajli filmlarni suratga olishga qaror qildi va shu bilan o‘zini omadsizlikka mahkum qildi.
2019-yildan buyon Gurbey ishtirokidagi birorta ham loyiha tomoshabinlarning eʼtiborini jalb qila olmadi. 2023-yilda u o‘zining so‘nggi serialida rol o‘ynadi, shundan so‘ng uning aktyorlik faoliyati to‘xtatildi. Aktyor uzoq vaqt davomida ijtimoiy tarmoqlarini ham yangilamadi. Uning shaxsiy hayoti haqida hech narsa maʼlum emas.
Engin O‘zturk — Selim

Engin O‘zturk Sulaymonning eng qaysar shahzodasi rolini o‘ynagan aktyor bo‘ldi. Aynan Selim buyuk podshohning tirik qolgan yagona vorisi bo‘ldi va u otasining vafotidan keyin taxtga o‘tirdi. Shahzoda roli Engin uchun birinchi rol emas edi — vatanida uni allaqachon “Fotimagulning aybi nimada?” seriali bo‘yicha tanigan edilar. Biroq aynan “Muhtasham yuz yil” seriali O‘zturkni iste’dodli aktyor sifatida butun dunyoga tanitdi hamda unga kino olami eshiklarini ochdi.

Hozirda turk aktyori suratga tushishda davom etmoqda. Uning filmografiyasida 15 dan ortiq loyiha mavjud va tomoshabinlar uni “Yuqori jamiyat”, “Onaning siri”, “Ertug‘rul”, “Sandiq hidi-2” kabi seriallardagi rollari bilan eslab qolishgan. Engin O‘zturk rasmiy nikohda bo‘lmagan va umuman u shaxsiy hayotini sir saqlashni afzal ko‘radi.
Aras Bulut Iynemli — Boyazid

Shahzoda Boyazid roli Aras Bulut Iynemliga jahon shuhratini olib keldi. U Sulton Sulaymonning isyonchi o‘g‘li rolini o‘ynadi, uni o‘zining katta akasi qatl qildi. Turk aktyorining muxlislari uning mahorati va ko‘p qirrali ekanligidan hayratda qolishdi va uning bir xil obraz bilan cheklanib qolishi mumkinligidan juda xavotirlanishdi.

“Muhtasham yuz yil”dan keyin Arasning karyerasi tez surʼatlar bilan rivojlana boshladi. Bugungi kunda uning filmografiyasida 20 ga yaqin loyiha mavjud. Tomoshabinlar uni “7-xonadagi mo‘jiza”, “Chuqur”, “Daho”, “Ichkarida”, “Qimmatli vaqt” va boshqa ko‘plab film va seriallardagi rollari bilan eslab qolishgan. Iynemli muntazam ravishda suratga olishga takliflar oladi. U oilaviy hayot haqida o‘ylamaydi, hozirda aktyor uchun ish birinchi o‘rinda turadi. Bige Onal bilan ajralganidan keyin u shaxsiy hayoti tafsilotlari bilan o‘rtoqlashmaydi. Qizig‘i shundaki, “Muhtasham yuz yil”da Aras va Engin O‘zturk bir-birlaridan nafratlanadigan aka-ukalarni o‘ynagan, ammo hayotda ular eng yaxshi do‘stlar.
Tolga Saritash — Jahongir

Aynan shu aktyorga Sulaymon va Xurramning kenja o‘g‘li obrazini o‘ynash imkoni berildi. Suratga olish vaqtida Tolga allaqachon katta tajribaga ega edi, lekin uning ismini turk seriali muxlislari faqat Jahongir rolini o‘ynaganidan keyin bilishdi. Saritash o‘z rolini aʼlo darajada bajardi va kichik shahzodaning o‘lim sahnasi hali ham “Muhtasham yuz yil”ning eng yurakni ezguvchi lahzalari reytingida birinchi o‘rinda turadi.

Serialdan ketgandan keyin, turk aktyori faol suratga tushishni davom ettirdi. Uning filmografiyasida 20 ga yaqin loyiha mavjud (“Gunesh qizlari”, “Zolim”, “Qimmatli vaqt”, “Tashkilot”). Tolga Saritash har doim turli xil rollarni tanlashga harakat qiladi. Intervyuda u bir xil obrazli aktyor bo‘lib qolishdan qo‘rqishini va shuning uchun har doim yangi narsalarga ochiq ekanligini tan oldi. Turk aktyori uylangan. Uning rafiqasi Zeynep Mayruk bo‘lib, aktyor u bilan to‘ydan avval deyarli besh yil davomida uchrashib yurgan, juftlikning hozircha farzandlari yo‘q.
Izoh (0)