O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” yodgorligida rus tilidagi yozuv yo‘qligiga e’tibor qaratdi. Bu haqda “RBK” sayti ma’lumot berdi.

Yodgorlikdagi halok bo‘lgan askarlarga bag‘ishlangan so‘zlar o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan.
“Bu yerda ingliz tilida yozuv bor, lekin ruschasini ko‘rmadim. Ona — bu eng muqaddas zot”, degan Lavrov ekskursovodga (TASS bergan iqtibos). Ushbu suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati gullar qo‘yish marosimidan bir nechta suratlarni e’lon qildi. Suratlarda Lavrovga faxriy qorovul askarlari hamrohlik qilayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Samarqandda ikki kunlik rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bugun, 23-aprel kuni u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv avvalida Lavrov davlat rahbariga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston—Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)