Turk seriallari go‘zal aktyorlari, qiziqarli syujetlari va yorqin lokatsiyasi tufayli butun dunyodagi millionlab tomoshabinlar qalbini zabt etgan. Biroq ularning ko‘plab muxlislari e’tiborsiz qoldira olmaydigan kamchiliklari ham mavjud.
Haddan tashqari uzoq davom etadigan seriallar
Turk serialining o‘rtacha bir qismi taxminan 2 soat davom etadi. Agar onlayn tomosha qilinsa, reklamalari bilan birga 3,5 soatgacha cho‘zilishi mumkin.
Bundan tashqari, turk seriallari ko‘pincha o‘nlab, hatto yuzlab qismlardan iborat bo‘ladi. Masalan, “Muhtasham yuz yil” va “Hukmdor Usmon” bir necha mavsumga cho‘ziladi. Voqealarning cho‘zilishi ba’zan syujet susayishiga olib keladi.
Bir xil qolipdagi syujetlar
Ko‘plab turk seriallarida takrorlanuvchi syujet chiziqlarini ko‘rish mumkin:
- boy yigit-kambag‘al qiz;
- soxta nikohlar;
- bir ko‘rishdayoq sevgi;
- dushmanlarning do‘stga aylanishi.
Masalan, “Qizil sharbat”da qahramonlar munosabatlarni qayta-qayta tiklashga urinishadi, “Qo‘rg‘on sirlari”ning uchinchi mavsumida esa o‘tmishdagi qasoskorlar paydo bo‘ladi. Bunday bir xillik hatto turk seriallarining eng sodiq muxlislarini ham zeriktiradi.
Tugallanmagan hikoyalar va kutilmagan yakunlar
Bu muammo ikki jihatni o‘z ichiga oladi:
Seriallarning kutilmaganda to‘xtatilishi. Reytingi yuqori va mashhur aktyorlar qatnashgan loyihalar ham to‘satdan bekor qilinishi mumkin.
Tugallanmagan syujet liniyalari. Ba’zan mantiqiy yakuniga yetgan seriallarda ham aytilmay qolgan nuqtalar bo‘ladi, ayniqsa, ikkinchi darajali qahramonlar taqdirida.
Haddan tashqari senzura
Turkiya hukumati RTUK maxsus organi orqali televideniyeni qattiq nazorat qiladi. Natijada seriallar quyidagi qattiq cheklovlarga uchraydi:
- ochiq sahnalarni ko‘rsatish taqiqlangan;
- hatto yengil romantika ham senzuraga uchraydi;
- otishma yoki jinoyat sahnalari qisqartiriladi.
“Qizil sharbat”, “Chuqur” va “Qalbim eshigini qoq” kabi ko‘plab loyihalar jarimaga tortilgan va vaqtincha efirdan olib tashlangan. Shu sababli seriallarda syujet dinamikasida ko‘plab bo‘shliqlar va uzilishlar paydo bo‘ladi.
Aktyorlar monopoliyasi
Turk kino biznesida bosh rollarda doimo bir xil yulduzlar suratga olinadigan vaziyat yuzaga kelgan. Bu bir tomondan tomoshabinlarni jalb etsa, boshqa tomondan yosh aktyorlarga o‘zlarini namoyon qilish imkoniyati deyarli berilmayapti.
Bundan tashqari, mashhur yulduzlarning muxlislari bilan bir qatorda, ular ishtirok etgan seriallarni ataylab ko‘rmaydigan tanqidchilari ham bor. Bu holat reytinglarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va ishlab chiqaruvchilarni asosiy tarkibga kamroq tanilgan aktyorlarni tobora ko‘proq jalb etishga majbur qilmoqda.
Izoh (0)