So‘nggi vaqtlarda ruhan charchagan, tushkunlikka tushgan yoki hayotini qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj sezayotgan insonlar talaygina. Ularda doim ham psixologga borishning imkoni bo‘lmasligi mumkin. Bunday paytda to‘g‘ri tanlangan seriallar qalbga malham bo‘lishi, o‘zlikni anglashga yordam berishi hamda ichki dialogni boshlashga turtki bo‘lishi mumkin.
Quyidagi seriallar nafaqat sifatli syujetga ega, balki inson psixologiyasi, his-tuyg‘ulari va hayotiy tanlovlar haqida chuqur fikr yuritishga undaydi. Keling, ular bilan yaqindan tanishamiz.
1. “Hazillashyapman”

- Janr: Drama, komediya
- Davlat: AQSh
- Yil: 2018–2020
- Bosh rolda: Jim Kerri, Frenk Lanjella, Judi Grir
Bu filmda Jim Kerri bolalar shousidagi teleboshlovchi Jeff rolini ijro etgan. Uning obrazida quvnoqlik ortida yashiringan chuqur ichki qayg‘u mujassam. Jeff oilaviy fojiani boshdan kechirganiga qaramasdan, bolalarga yaxshi kayfiyat ulashishda davom etadi. Serial yaqin insonlarni yo‘qotish, ruhiyat bilan bog‘liq sinovlar va ikkiyuzlamachilik bilan qanday kurashishi mumkinligi haqida juda nozik va falsafiy tarzda hikoya qiladi. Loyiha hayotga bo‘lgan munosabatimizni qayta ko‘rib chiqishga undaydi.
2. “Eyforiya”

- Janr: Drama
- Davlat: AQSh
- Yil: 2019-2023
- Bosh rolda: Zendaya, Hanter Shafer, Jeykob Elordi
17 yoshli Ru Bennett reabilitatsiya klinikasida davolanishdan so‘ng uyiga qaytadi. Garchi u sog‘ayishni xohlasa-da, giyohvandlikdan butunlay voz kecha olmaydi va yana eski odatlariga — narkotik moddalar va betartib hayot tarziga qaytadi. Biroq shaharga Juls ismli qizning kelishi Runing hayotiga umid bag‘ishlaydi.
3. “Tedd Lasso”

- Janr: Komediya, drama, sport
- Davlat: AQSh
- Yil: 2020–2023
- Bosh rolda: Xanna Uoddingem, Jeremi Svift, Fil Danster
Kanzas kolleji futbol murabbiyi Ted Lasso optimist, doim xush kayfiyatli va pozitiv trenerdir. U hatto YouTube yulduzi sifatida shuhrat qozongan. “Richmond” nomli Angliya futbol klubining yangi raisi o‘zining ayyor rejalarini amalga oshirish uchun Teddan foydalanishga qaror qiladi va futbol klubini barbod qilish niyatida unga bosh murabbiylik lavozimini taklif qiladi. Faqat Amerika futboli bilan shug‘ullangan Ted o‘zining yangi vazifasini odatdagi zavq va ijobiy kayfiyat bilan boshlaydi.
Serialda nafaqat sport mavzusi, balki insoniylik hamda birdamlik orqali ko‘plab maqsadlarga erishish mumkinligi haqida so‘z boradi.
4. “Katta kichik yolg‘onlar”

- Janr: Detektiv, drama
- Davlat: AQSh
- Yil: 2017–2019
- Bosh rollarda: Adam Skott, Nikol Kidman, Aleksandr Skarsgard, Meril Strip, Riz Uizerspun
Serial voqealari Kaliforniya shtatidagi Monterey shahrida sodir bo‘ladi. U yerda yuqori ijtimoiy qatlamga mansub onalar farzandlarini bitta maktabga yuborishadi. Hammasi xuddi ideal hayotdek ko‘rinadi: mehribon oilalar, aqlli bolalar, qimmatbaho uylarda yashaydigan zamonaviy ayollar... ammo bu tashqi ideal hayot ortida kuchli yolg‘onlar, sirlar va zo‘ravonlik yashiringan.
Maktabdagi xayriya kechasida bir kishi o‘ldiriladi, biroq birinchi navbatda kim o‘ldirilgani ham, qotil kimligi ham noma’lum. Serial davomida bu voqeaga olib kelgan sabablar ketma-ket ochiladi.
Serialda insonlarning ichki iztiroblari, oilaviy zo‘ravonlik, yolg‘on, haqiqat, do‘stlik va onalik kabi mavzular atroflicha yoritilgan. Qahramonlar o‘z menini topishga, haqiqatini tan olishga va hayotni yangidan boshlashga harakat qiladi.
Izoh (0)