Musiqa — bu butun dunyo tushunadigan til. Ko‘plab san’atkorlar uchun buning o‘zi yetarli emas: ular qo‘shiqlarini turli tillarda ijro etib, nafaqat tinglovchilar yuragiga yo‘l topadi, balki madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini ham bajaradi. Quyida bir nechta tillarda qo‘shiq kuylaydigan va hatto albomlar chiqargan iqtidorli xonandalar haqida so‘z yuritamiz.
Shakira — ispan, ingliz va arab tillari

Kolumbiyalik xonanda Shakira xorijiy tillarni bilish xalqaro muvaffaqiyat sari yo‘l ochishini amalda isbotladi. U lotin amerikalik qo‘shiqchi sifatida karyerasini boshlagan va tez orada nafaqat Kolumbiyada, balki AQSHda ham tinglovchilar qalbini zabt etgan.
1991-yilda ispan tilida chiqqan ilk albomi unga katta muvaffaqiyat keltirdi. Biroq global jihatdan mashhur bo‘lish uchun u ingliz tilini o‘rganishi kerak edi. To‘rt yil davom etgan mashaqqatli mashg‘ulotlar va grammatikani chuqur o‘rganish natijasida Shakira ingliz tilida tarjimonsiz qo‘shiqlar yozishga muvaffaq bo‘ldi.
Bugungi kunda Shakirani bemalol shou-biznesdagi asosiy poliglotlardan biri, deb atash mumkin. U oltita tilda so‘zlasha oladi. Ispan va ingliz tilidan tashqari qo‘shiqchi arab, portugal, fransuz hamda italyan tillarini biladi.
Selin Dion — fransuz va ingliz tillari

Selin Dion ikki tilda — fransuz va ingliz tilida kuylaydi. Bu uning karyerasidagi turli bosqichlar bilan bog‘liq. Dion 80-yillarda fransuz tilida kuylovchi sifatida tanilgan, so‘ng 90-yillarning boshlarida ingliz tiliga o‘tib, “Unison”, “Celine Dion” va “The Colour of My Love‘ kabi albomlarni chiqardi.
Selin Dionning aytishicha, u ingliz va fransuz tillarida turlicha kuylaydi — bu faqat talaffuz masalasi emas. Unga ko‘ra, fransuz tili nozik tuyg‘ular va aniq ifodalarni talab qiladi, shuning uchun bu tilda kuylash ingliz tiliga qaraganda murakkabroq sanaladi. Bundan tashqari, xonanda ispan, italyan, xitoy va yapon tillarida ham qo‘shiqlar aytgan.
Rosaliya — ispan, ingliz va katalan tillari

Yangi avlodning eng yorqin qo‘shiqchilaridan biri bo‘lgan Rosalía ham poliglot xonanda. U Barselona yaqinidagi shaharchada ulg‘aygan, bu yerda ispan va katalan tillarida so‘zlashadi.
Rosalía ingliz tilida erkin muloqot qilsa-da, aksariyat qo‘shiqlarini ispan tilida kuylaydi, chunki shu orqali o‘z xalqining madaniyati va his-tuyg‘ularini yetkazishni istaydi. Ammo uning ijodida ona tili — katalan tilining ham o‘rni beqiyos. 2019-yilda u “Milionària” nomli qo‘shiq aytib, ilk bor to‘liq katalan tilida kuyladi va shu bilan o‘z ajdodlari va vataniga bo‘lgan hurmatini ifoda etdi.
Ledi Gaga — fransuz, nemis va ispan tillari

Ledi Gaga aytishicha, turli tillarda kuylash bu shunchaki ijodiy tajriba emas: bir nechta tilda qo‘shiq aytish musiqa ohangiga o‘zgacha romantik tus beradi, va trekni boyitadi. U “Poker Face” qo‘shig‘ining fransuzcha versiyasi, “Scheiße” nomli nemischa trek va “Americano” qo‘shig‘ining ispancha versiyasini ham muxlislariga taqdim etgan.
Billi Aylish — “Bad Guy”ning yaponcha versiyasi va ispan tilidagi tajribalar

Amerikalik qo‘shiqchi Billi Aylish poliglot bo‘lmasa-da, turli tillarda hit qo‘shiqlarini ijro etish orqali muxlislarini hayratda qoldirishni biladi. Uning aksariyat qo‘shiqlari ingliz tilida, ammo u turli tillar va madaniyatlar bilan tajriba o‘tkazishdan qo‘rqmaydi.
Qo‘shiqlari orasida “Bad Guy” ning yaponcha versiyasi alohida e’tiborga loyiq. Mazkur trek Yaponiyada reytinglarda yuqori o‘rinlarni egalladi, muxlislar esa uni iliq kutib olishdi. Bundan tashqari, 2021-yilda Billi mashhur “Euphoria” serialining maxsus epizodi uchun ispan tilida saundtrek yozdi.
Izoh (0)