Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobillar savdosida uzoq yillar yetakchilik qilib kelgan Tesla’ni allaqachon ortda qoldirdi. Endilikda esa u hashamatli sport avtomobillari bozoriga qadam qo‘ymoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.

BYD’ning yuqori toifadagi Denza brendi yaqinda o‘zining “Z” deb nomlangan, yorqin ko‘k rangdagi yangi modelini taqdim etdi. Bu avtomobil kompaniyaning Porsche va Mercedes-Benz kabi yirik brendlar bilan raqobatlasha olishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur taqdimot Xitoyning eng yirik avtomobil ko‘rgazmasi – Auto Shanghai doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu ko‘rgazmaga o‘nlab mahalliy va xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilar tashrif buyuradi. Denza Z sport avtomobili taqdimotgacha qora yopinchiq ostida ko‘rgazma maydonida turdi. Uning yonida esa BYD asoschisi va mamlakatning eng mashhur tadbirkorlaridan biri Vang Chuanfu ham bor edi.
Bugungi kunda BYD Xitoyda elektromobil segmentining yetakchisiga aylangan. U 2024-yilda global savdo hajmi bo‘yicha Tesla’dan o‘zib ketdi. Kompaniya ayniqsa Xitoy ichki bozorida kuchli pozitsiyaga ega bo‘lib, avtomobillarining asosiy qismini shu yerda sotmoqda.
Kompaniya rasmiysi yangi model “texnologiya va hashamatda maksimal darajaga ega” bo‘lishini ta’kidladi. Denza dastlab Mercedes-Benz bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lsa-da, hozirda u to‘liq BYD’ga tegishli. Brend aprel oyning boshida Yevropa bozorida ham savdoga chiqarildi.
BYD’ning asosiy brendi ko‘proq byudjet toifasidagi transport bilan mashhur bo‘lsa, Denza liniyasi kompaniyaning bozorni kengaytirish, premium segmentga kirish istagini bildiradi.
Masalan, Denza N9 yo‘ltanlamas avtomobili mart oyida 389 800 yuan (taxminan 53 453 dollar) boshlang‘ich narx bilan sotuvga chiqarilgan. Taqqoslash uchun, BYD’ning ommabop Song Plus yo‘ltanlamasi atigi 18 500 dollardan boshlanadi.

Bundan tashqari, BYD Yangwang deb nomlangan, 1 million yuandan (137 000 dollar) yuqori narx toifasidagi premium elektromobil brendi ostida ham avtomobillar ishlab chiqarmoqda. Bu brend aprelda o‘zining 10 000-chi avtomobilini sotganini nishonladi. Yangwang’ning so‘nggi modeli – U8L yo‘ltanlamasi ham Auto Shanghai ko‘rgazmasida namoyish etildi.
Tesla bilan raqobat
BYD 2024-yilda 107 milliard dollarlik daromadga erishdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 29 foiz ko‘p. Kompaniya yil davomida 4,27 million avtomobil, jumladan gibrid avtomobillarni yetkazib berdi. Taqqoslash uchun, Tesla 97,7 milliard dollar daromad oldi va 1,79 million akkumulyatorli elektromobil sotdi. Tesla uchun bu birinchi yillik pasayish bo‘lib, yetkazib berish hajmi 1,1 foizga kamaydi.
2025-yilning birinchi choragida BYD sotuvi 60 foizga oshdi. Bu davrda kompaniya 1 milliondan ortiq yangi energiya manbalariga ega avtomobil sotdi. Bu mashinalarga to‘liq elektr avtomobillar, benzin va elektrda harakatlanuvchi gibrid avtomobillar hamda tijorat transport vositalari kiradi.
BYD ikkala turdagi – akkumulyatorli va gibrid – avtomobillarni ishlab chiqaradi, Tesla esa faqat to‘liq elektr energiyasi bilan ishlaydigan avtomobillarga moslashgan. BYD’ning akkumulyatorli elektromobillar bo‘yicha yetkazib berish hajmi 1,76 million donani tashkil etdi, bu esa Tesla’nikidan biroz kamroqdir.
Izoh (0)