Aktrisa, boshlovchi va mahoratli dizayner Shahzoda Muhammedova 34 yoshni qarshiladi. Dadasidan erta ayrilgan, onasi bilan ko‘plab nizolarga borgan aktrisa qarshiliklar evaziga san’atkor bo‘lgani va turmush o‘rtog‘i sabab filmlarda suratga tushmayotganini ko‘pchilik bilmasa kerak.
“Bolaligim baxtli o‘tmagan”
Shahzoda Muhammedova o‘ziga to‘q tadbirkor va huquqshunoslar oilasida dunyoga kelgan. Oilada yolg‘iz qiz farzand bo‘lishiga qaramay, bolalikdan ma’lum cheklov va ishonchsizlik ta’sirida ulg‘aygan. Otasining erta vafoti esa uning kelajakka bo‘lgan umidlarini yanada so‘ndirgan.

— Otam vafot etganida 13 yoshda edim. U mudhish avtohalokatga uchragan, undan keyin bir muddat davolandi. Ammo davolanishlar samara bermay, bu hayotni juda erta tark etdi. Dadam prokuror va tadbirkor bo‘lgan. Ayrimlar avtohalokat atayin uyushtirilgan, deyishadi. Dadamning bevaqt o‘limi hayotimizdagi eng katta fojia bo‘lgan. Bolaligim baxtli o‘tgan, deyolmayman. Chunki u vaqtda oila a’zolarim tomonidan qiz bola deb ko‘p ishonchsizlik bildirishgan. Ukamga bo‘lgan munosabat boshqacha edi. Shuning uchun ham bolalikdan o‘zim harakat qilishga va atrofdagilarga nimalarnidir isbotlashga uringanman. Odatda qizlar ota uyi va oila a’zolariga o‘rganib, to‘y kuni xayrlashayotganida yig‘laydi. Men esa to‘yim kuni ko‘zlarimga umuman yosh kelmagan, deydi aktrisa Shahzoda Muhammedova.
“14 yoshdan tikuvchilikdan pul topganman”
Aktrisa bolalikdan tikish-bichishga qiziqqan. U ilk daromadini ham aynan shu sohadan olgan.

— Ilk daromadimni 14 yoshda qo‘lga kiritganman. O‘shanda yon qo‘shnimizga chizgan eskizim yoqib, shu asosida ko‘ylak tikib bera olasanmi, degan. Qo‘rqmasdan ha, deganman va ko‘ylakni tikkanman. Aniq esimda, ko‘ylak uchun 70 ming so‘m olgandim, deydi aktrisa Shahzoda Muhammedova.
Tasodifan aktrisa bo‘lgan
Shahzoda Muhammedovaning aktrisa bo‘lishiga qaysidir ma’noda ukasi sababchi bo‘lgan. Chunki onasi Gulmira Muhammedova o‘g‘li aktyor bo‘lishini orzu qiladi. Ammo o‘g‘li emas, qizi san’at sohasini egallaydi.

— Birinchi bo‘lib kinostudiyaga 16 yoshida o‘g‘limni olib bordim. Uning Murod Rajabovdek aktyor bo‘lishini istadim. O‘shanda Shahzoda “Men ham boray, studiyani bitta ko‘ray”, deb iltimos qilgandi. Lekin har doim ham o‘ylagan narsang bo‘lavermas ekan. O‘g‘lim qolib, rejissyor qizimni tanladi. Men yakka-yu yagona kelinman, qizim oilamizda yakka-yu yagona qiz nevara. Men orqamda turgan qaynona-qaynotamdan qanday dakki eshitishimni bilsam-da, qizimning kinoda rol o‘ynashiga ruxsat berdim. “Omad” filmidan taklif bo‘lganida o‘ylab ham o‘tirmasdan rozilik bildirdim, chunki ssenariyda qizimning fe’l-atvori yozilgan edi. Kichik rollardan boshlab, qanday qilib kino sohasiga kirib ketganimizni bilmay qoldik, deydi aktrisaning onasi Gulmira Muhammedova.
“Homiladorlik... Odamlar qanday tushunadi?”
Ko‘pchilik aktrisa ilk rolini “Tundan tonggacha” filmida ijro etgan, deb biladi. Ammo u ukasi suratga tushgan “Omad” filmida kichik epizod rolda ko‘rinish bergan. To‘g‘rirog‘i, rejissyordan biror rol ijro etishga ruxsat berishini so‘ragan. Film katta ekranlarga chiqqan, ammo bu haqda uning buvisiga aytishmagan. Shundan so‘ng uni “Tundan tonggacha” filmi kastingiga taklif etishgan.

— Avvaliga onam bu rolni ijro etishimga jiddiy qarshilik qilgan. Qiz bola homilador kelinchak rolini o‘ynasa, odamlar har xil tushunadi, deb o‘ylagan. Ammo kinoijodkorlar “Qizingizni olib keling, ko‘raylik” deyaverishganidan keyin kastingga olib borgan. Studiyadagi katta doskaga ilingan mashhur san’atkorlarning suratini ko‘rib, rolga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgargan, deydi Shahzoda Muhammedova.
“Kasting 3 oy davom etgan”
Kelinchak roliga Sevinch Mo‘minova, Dilnoza Kubayeva va Madina Mumtoz ham kasting topshirgan. Kasting jarayonlari naqd 3 oy davom etadi, Shahzoda Muhammedova esa roldan butunlay umid uzadi.

— Alisher Uzoqovning partnyor ekanligi katta qiziqish uyg‘otgan. Chunki bu aktyorning ijodini avvaldan kuzatib borardim. Ammo kasting jarayonlari juda uzoq davom etgan. Avvaliga 15 ta aktrisa sinovdan o‘tkazilgan, ularning 8 tasi videosinovga tushgan. Xullas, 3 oy davom etgan sinovlardan keyin ikkita nomzod qolgan va ular Sevinch Mo‘minova va men ekanligimni aytishdi. Sevinch juda mashhur xonanda, uning ustiga u paytda rol ijrochilarining saundtrek ijro etishi urfga aylangan paytlar edi. Shu bois bu rol aniq xonandaga beriladi, deb o‘ylagandik, deydi Shahzoda Muhammedova.
“Bobom va buvim mendan ranjishgan”
Aktrisaning ilk katta rolini o‘ynashi va undan keyingi voqealar juda qiziq kechgan. Ya’ni u onasi bilan “til biriktirib” syomkalarga borib kelgan, bundan buvisi va bobosining xabari bo‘lmagan. Film premyerasidan so‘ng ular xabar topishib, ikki yilga yaqin nabirasi bilan gaplashishmagan.

— Bobom va buvim qat’iyatli, aytganini qiladigan insonlar bo‘lishgan. Hatto ular dizayner bo‘lishimga ham qarshi bo‘lishgandi. Brodveyda rasm chizib o‘tirasanmi, kerak emas bu ish, deyishgan. “Tundan tonggacha” filmida suratga tushayotganimni ham aytmaganmiz. Qarshi bo‘lishlarini aniq bilardik. Shu bois u-bu narsani bahona qilib, syomkalarga borib kelganmiz. Film premyera bo‘lganidan so‘ng qattiq ranjishgan. Hatto ikki yilcha salomimga alik olishmagan. Aslida, oilada bittagina qiz nabiraman. Tarbiyamga qattiq qarashgan va aytganlarini qilmaganim uchun mendan ranjishgan, deydi aktrisa Shahzoda Muhammedova.
Dizayner, aktrisa va iqtisodchi
Shahzoda Muhammedova Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Xalqaro turizm fakultetida tahsil olgan.

— Faoliyatim rang-barang. Hammasiga qiziqaman va bu borada oz bo‘lsa-da tajribam bor. Iqtisod bo‘yicha o‘qiganim tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yishimga yordam bergan, deydi aktrisa.
“Bir ustoz hafsalamni pir qilgan”
Aktrisa xonandalikka ham qo‘l urgan. “Sensiz” nomli qo‘shig‘iga klip suratga olib, televideniyelarda “aylantirgan”. Ammo uning xonanda bo‘lishiga jiddiy qarshiliklar bo‘lgan.

— Xonanda bo‘lishni juda orzu qilganman. Ham dizayner, ham xonanda bo‘laman, degan orzu bolalikdan bo‘lgan menda. Kino sohasida ishlashni umuman orzu qilmagan ekanman. Dizaynerlik sohasini o‘qib tugatdim, uydagilarimning istagiga ko‘ra Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini ham bitirdim. Oliy ma’lumotliman, lekin nimadir yetishmayapti menga. Musiqani juda ham yaxshi ko‘raman. Hattoki uyimda fortepianom bor. Bolalikdan chalganman, Dubayga borganimda o‘zimga gitara sotib olganman. Musiqaning hayotimga boshqacha ta’siri bor edi.
Keyin ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha konservatoriyada o‘qiyman, deb bordim. Ne-ne umidlar bilan borib Dilorom Omonullayeva degan insonga uchrab turibman-ku. Mana shu yeri yomon bo‘lgan. U ayol menga shunaqangi yomon munosabatda bo‘lganki, musiqa san’atiga bo‘lgan mehrimni so‘ndirib yuborgan. O‘sha ayol sababli shu o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim so‘nib qolgan. Keyin bilsam, u ayol juda ko‘pchilikka ta’lim bergan professor ekan. Lekin ko‘plab estrada xonandalarining dilini og‘ritib, ko‘pchilikka zarba bergan, ko‘nglini qoldirgan ustozlardan biri ekan. Men ularni yomonlamoqchi emasman. Ijodlarini hurmat qilamiz. Umrlari uzoq bo‘lsin, deydi Shahzoda Muhammedova.
Yarim tunda avariyaga uchragan
Aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedova ko‘p yillardan buyon avtomobil boshqaradi. U ko‘p marta shoshqaloqligi sabab tezlikni oshirgani uchun ogohlantirish olgani va jarima to‘laganini aytgan. Bir necha yil avval esa jiddiy yo‘l-transport hodisasiga uchragan. O‘shanda u tungi soat 03:00 da suratga olish maydonchasidan qaytayotgan bo‘lgan. O‘sha paytdagi Nexia avtomobili tanib bo‘lmas darajaga kelgani haqida OAVda ma’lum qilingandi. Yaxshiki, aktrisaga u qadar jiddiy jarohat yetmagan.
“To‘ydan oldin katta shartlar qo‘ygan”
Aktrisa asli qashqadaryolik bo‘lgan tadbirkor Marat Hamdamov bilan oila qurgan. Hozirda ularning qiz va o‘g‘il farzandi bor. Tadbirkor Toshkentda o‘tgan shov-shuvli to‘yi 65 ming AQSH dollariga tushgani haqida so‘zlab bergan.

— Aslida, to‘yimiz bahorda bo‘lishi kerak edi. Lekin o‘sha paytda qo‘limda naqd pulim bo‘lmagan. O‘shanda ishlarim orqaga ketib, yuklarim chegarada qolib ketgan. Shuning uchun to‘yni kuzga qoldirganman. Lekin to‘yim bo‘ladigan noyabrdan uch oy oldin ham qo‘limda naqd pul yo‘q edi. To‘yning 60 ming dollardan ko‘proqqa tushishi hisoblangan. Shahzodaga aytganman, lekin pulim yo‘qligini bilsa, meni tashlab ketadi, deb o‘ylaganman. U sinash uchunmi, to‘ydan oldin menga juda katta shartlar qo‘ygan. Keyin mo‘jiza yuz bergan, birdaniga uchta loyiha buyurtmasi tushgan va avans ko‘rinishida roppa-rosa 65 ming dollar berishgan. Shunday qilib, O‘zbekistonga kelib, to‘yni o‘tkazib, ertasi kuni yana Rossiyaga uchib ketganmiz. O‘shanda asal oyi uchun Dubayga chipta olingan edi, lekin ishim ko‘pligi uchun Dubay sayohatini bekor qilib, Moskvaga ketishga to‘g‘ri kelgan, deydi Marat Xayrullayevich.
“Turmush o‘rtog‘im aktyorlardan qizg‘anadi”
Shahzoda Muhammedova turmush o‘rtog‘ining talabiga ko‘ra ijoddan biroz chekingani va uning rashkchiligi sabab ko‘plab rollarni rad etgani haqida so‘zlab bergan.

— Turmush o‘rtog‘im ko‘proq boshlovchi bo‘lishimni istaydi. Negadir keyingi paytlarda rol ijro etishimni umuman istamayapti. Buning boisi aktyorlardan qizg‘anadi, o‘ta rashkchi inson. Unga qolsa hech kimni sevmaydigan yoki turmush o‘rtog‘i bo‘lmagan ayol rollarini ijro etishim kerak. Takliflar juda ko‘p bo‘ladi. Oilam tinchligini o‘ylab, ularni rad etaman, deydi aktrisa.

Bundan tashqari, Shahzoda Muhammedova asosiy daromadni dizaynerlik yoki aktrisalik faoliyatidan emas, balki Instagram’dagi reklamalar orqali olishini ma’lum qilgan. Aktrisa sahifasiga kam reklama joylaydi, shunga yarasha ularning narxi ham juda qimmat.
Izoh (0)