Aktrisa Muqaddas Xoliqovaga fidokor va sabrli ayol degan ta’rif juda mos keladi. Sababi uzoq yillik ijodi va hayotidagi qiyinchiliklar uni sindirmadi, balki yanada kuchli bo‘lishga undadi. Kichik yoshida yetim qolgan, uch bora yurak xurujini boshidan o‘tkazgan, turmush o‘rtog‘ining xastaligi bilan sinalgan, shunga qaramay ijoddan to‘xtamagan Muqaddas Xoliqovani kuchli o‘zbek ayoli timsoli, deyish mumkin. Aktrisa 14-aprel sanasida 65 yoshni qarshiladi.
Bolalikdagi yurak xastaligi san’at olamiga yetaklagan
U sog‘lomlashtirish markazidagi bemorlarga kichik konsertlar qo‘yar edi.
Muqaddas Xoliqova 1960-yil 14-aprelda Toshkent shahrida tavallud topgan. Oilada kenja farzand bo‘lib, bir akasi bo‘lgan. U 9 yoshida otasidan ayrilgan, shundan so‘ng hayot qiyinchiliklari bilan ro‘para kelgan. Yoshlik yillarida yurak xastaligi sabab Namanganda davolangan va o‘sha yerda bemorlar uchun tashkillashtirilgan tadbirlarda qatnashgan. U Namanganda davolanib qaytgach, aktrisa bo‘lish orzusida teatr to‘garagiga a’zo bo‘lgan. Maktabni tamomlagach esa 1977–1981-yillarda Toshkent san’at institutining teatr va kino aktyorligi fakultetida tahsil olgan.
Aktrisaning teatr sahnasidagi barakali ijodi
Muqaddas Xoliqova oliygohni tamomlagach, 1981-yili O‘zbek davlat akademik drama teatriga yo‘llanma oldi va shu teatrda o‘z mehnat faoliyatini boshladi.
U ilk yillardanoq teatrning yetakchi yosh aktyoriga aylanib, teatr sahnasida 80 dan ziyod obrazlar yaratdi. U teatrda sahnalashtirilgan “O‘tkan kunlar”da To‘ybeka, “Otello”da Emilya, “Chimildiq”da ona, “Andishali kelinchak”da ayol, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da Sotti, “Ko‘ngil”da Zuhra kabi rollarni ijro etdi. Kinoda ham muvaffaqiyat qozongan Muqaddas Xoliqova “Sevginator–2”, “Boyvachcha”, “Amakivachchalar”, “Taqdir charxpalagi”, “Ulfatlar”, “Ulfatlar-2”, “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” kabi film va seriallardagi rolini maromiga yetkazgan.
“Oilaning yozilmagan qonunlariga amal qilinsagina turmush go‘zal kechadi”
Aktrisa Muqaddas Xoliqova 1990-yilda Adhamjon ismli insonga turmushga chiqqan. Ularning turmushidan uchta qizi bor.

— Birinchi o‘rinda erkak va ayol murosa qilishni o‘rganishi shart. Oila rishtalari bilan bir-biriga bog‘langan. Inson buyum emaski, ularni almashtirib, boshqasini sotib olsa. Buni anglab yetish uchun, albatta, vaqt va mulohaza kerak. Insonni yaxshi va yomon odatlari bilan qabul qilishni o‘rganish lozim. Misol uchun, turmush o‘rtog‘im har gal tug‘ilgan kunimda nima sovg‘a qilishni o‘zimdan so‘raydi. Unga qizlarimning achchig‘i kelib “Dada, bunday so‘rasangiz, syurpriz bo‘lmaydik-u” deyishadi. U kishi esa menga kutilmagan sovg‘a qilaman, deb bor narsani xarid qilib qo‘yishdan cho‘chiydilar. Bolalar yosh, bu holatni qayerdan ham tushunishsin. Men esa u insonni hozirgi holatda qabul qilib bo‘lganman. Romantika-yu, “syurpriz”larning hojati yo‘q. Agar har bir oilada ana shu yozilmagan qoidalarga amal qilinsa, yashash va muammolarning yechimi osonlashadi, degandi u turmush o‘rtog‘i hayotlik chog‘ida.
“Turmush o‘rtog‘imning ko‘zlari to‘satdan ko‘rmay qolgandi”
Aktrisa turmush o‘rtog‘ining ko‘zi ko‘rmay qolgani, shunday bo‘lsa-da, u o‘ta zehnli, idrokli inson bo‘lgani haqida ham aytib o‘tdi.

— 2010-yilda akam va onamni yo‘qotganimda infarkt bo‘ldim. Keyin to‘satdan turmush o‘rtog‘imning ko‘zlari ko‘rmay qoldi. O‘shanda ham siqilib infarktni boshimdan o‘tkazdim.
Bir kuni qizlarimiz, nevaralarimiz — hammamiz dasturxon ustida o‘tiribmiz. Shu payt dadasi bir cho‘chigandek bo‘lib, “Chiroq o‘chdimi?”, dedilar. “Yo‘q, dadasi”, desam, “Ko‘z ketibdi”, dedilar. Shundan so‘ng hech narsani ko‘rmay qoldilar. Qizlarim o‘tirgan joyida yig‘lab, joyidan turib ketdi. Lekin shu odam bizga og‘irligini tushirmaslikka harakat qilardi. Zaldan oshxonaga, hojatxonagacha necha qadam ekanligini sanab chiqardilar. Biz ishga ketganimizda ovqatlarini o‘zlari yeb, oshxonaga olib borib, idishlarini yuvib qo‘yardilar. Gohida bunday ishlarni sog‘ odam qilmaydi. Yeydi, qo‘yadi, ketadi.
Ular juda ham ozoda inson edilar. Qaynonam rahmatli “Adham bilan rosa qiynalasiz, rosa ozoda bu”, derdilar. Ko‘zlari ojiz, 1-guruh nogironi, lekin menga “Mana bu ishni qilmabsan, changni artmabsan”, derdilar. Bir kuni “Dadasi, sizning ustingizdan yozib beraman”, dedim. “Nimaga?”, dedilar. “Birinchi guruh nogironiman deb pensiya olasiz, lekin mana shu changni ko‘ryapsiz”, dedim. Ikkalamiz ham kulib yubordik. Biz shunday yashardik. 34 yil yashagan bo‘lsak, biron marta qattiq urishmaganmiz. Chunki shunaqa vaziyatlardan hazil-huzul bilan chiqib ketardik, deydi aktrisa.
“O‘lim bilan yuzma-yuz kelib, marhum onam bilan suhbatlashdim”
Muqaddas Xoliqova va Adham Xoliqov salkam 34 yilga yaqin hayot kechirdi. Aktrisaning turmush o‘rtog‘i 2023-yilning 23-mayida olamdan o‘tdi. Aktrisa kasalxonada yotgan paytida marhum onasi bilan suhbatlashgani haqida ham aytib o‘tdi.

— Uchinchi xurujni dadasi o‘tganlarida boshdan kechirdim. Men bunaqa narsalarga ko‘nikuvchan, sabrli odamman. Hayotga nolimasdan qarayman. O‘zimcha o‘ylayman, sabrim hayotimdagi katta yutug‘imdir.
O‘lim rosa oson, zo‘r ketish. Kasal bo‘lib yotganimda buni yaqqol his qilganman. Qaytgim kelmagan. Ko‘zimni yumganman, ketganman. Tushimmi, yo xayolimmi tushunmay qolganman. Yotsam kelinoyimning rahmatli onasi kelib, “Shuncha ishi bor-u, buni yotishini qara”, degan. Rahmatli onam ham “Tur, o‘rningdan”, deganlar boshimga kelib. “Opa, charchadim, birpas dam olay”, deganman. Shuning orasida kelinoyimning onasi kelib “Tavba, cho‘zilib yotishini” deganida ulardan uyalib ko‘zimni ochganman. Ancha paytgacha bu tushmidi yo o‘ngimmidi tushuna olmaganman. O‘shanda nimagadir ketgim kelgan. Lekin men aytamanki, “o‘lim rosa oson ekan, faqat Allohim yotqizdirmasin, termiltirmasin, yelday kelib, selday olib ketsin”. Yotib qoladigan bo‘lsangiz, bolalaringiz qaraydi. Lekin “Ey, qachon ketarkan” degilik qilmasin. Shu narsa yuragidan o‘tmasin, deb niyat qilaman. O‘lim haq. Hech kim o‘lgisi kelmaydi, yashagisi keladi. Xayolida o‘ylaydi: “Mendan keyin odamlar qolib ketadimi, qiynaladimi?”. Yo‘q, sendan keyin hayot davom etadi, odamlar yashayveradi. Shunga odam ko‘nikishi kerak. Shundagina chiroyli ketasiz, deydi aktrisa.
“Qizim, men onasi ekanligimni yashirib, san’at institutiga kirgan”
Muqaddas Xoliqova kenja qizi Zebinisoni 2021-yilning 21-fevral kuni turmushga berdi. Zebiniso Xoliqova ham onasi bilan birgalikda O‘zbek milliy akademik drama teatrida aktrisa sifatida faoliyat yuritadi.

— Bu qizimdan aktrisa bo‘laman, degan gapni eshitganimda juda hayron bo‘lganman. Chunki opa va singlisiga nisbatan bu og‘ir-bosiq edi. Juda beg‘am va biroz beparvo, desam ham bo‘ladi. “Shu yerdan jilmasdan o‘tir” desam, chaqirmaganimcha joyidan qo‘zg‘almasdi hatto. Zebinisoni hech tasavvur qilmagandik. Dadasi esa uning maqsadini qo‘llab-quvvatladi. Menga “Sen sanʼatkor bo‘lib yomonlik ko‘rmading, nega unga qarshilik qilyapsan” degan gaplari hozirgacha esimda. Menga aytmasdan institutga borib, hujjatlarini topshirgan, imtihonlarga ham kirib chiqqan. O‘shanda, imtihon oluvchi ustozlari “Muqaddas Xoliqova sizga kim bo‘ladi?” deyishganda, “Qo‘shnimiz bo‘ladi” deb javob qaytargan ekan (kuladi). Yillar o‘tgandan keyin, “Sizlar ruxsat bermagansizlar” degan armonlari bo‘lmasin, deb men ham rozi bo‘ldim. O‘zidagi xohish va intilishning kuchi bugun meni biroz xotirjam qilyapti. O‘zi esa ijodini boshlashdan avval “Hali sizga yaxshi sanʼatkor bo‘lishimni isbotlayman” degan, deydi aktrisa.
“Nabiramning ham aktyorlik mahorati juda kuchli”
Muqaddas Xoliqova nabiralari bilan vaqt o`tkazsa, o‘zi ham bolaga aylanadi.
— Bu mavzuda gapirish qaysi buviga yoqmaydi. Bola kabi yoqimli va shirin ne’mat bo‘lmasa kerak dunyoda. Ular bilan vaqt qanday o‘tganini bilmay qolaman. Har biri alohida bir dunyo. To‘ng‘ich nabiram Kamronbek juda aqlli, zehni o‘tkir. Kattalar gapiga quloq ilib, tanbeh eshitishni yomon ko‘radi. Shuning uchun ham sho‘xligi kamroq. Ukasi esa uning aksi. Teatrimizda “Mirzo Ulug‘bek” spektaklining repetitsiyasiga olib kelgan edim. Rolimning gapini yodlab olibdi. Uyga borsak, boshiga ro‘mol o‘rab, rolga kirishib ketdi. Aktyorlik mahorati juda kuchli. Kenja qizimning qizi esa umuman boshqa dunyo. Bir oyda bir kelsa ham mehr ko‘rsatishi juda boshqacha.
“Aktyor safimiz kamayib bormoqda”
O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Muqaddas Xoliqova 2020-yilda koronavirusga chalingan edi. U Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi shifoxonada davolangan.
— Kasallikka chalingan paytimda siqilmasin deb aktyor Abduraim Abduvahobovning vafot etganini mendan yashirishgan ekan. Keyin eshitdim. Safimiz kamayib bormoqda. Juda yaxshi aktyor, mehribon hamkasb, qadrdon ukam edi, deydi aktrisa.
Muqaddas Xoliqova hanuzga qadar ijodni to‘xtatgani yo‘q. U afsonaviy “Setora” guruhining dekabr oyida o‘tkazilgan konsertida qatnashdi. U hamkasbi Tesha Mo‘minov bilan “Bibixonim” qo‘shig‘i sadosi ostida tarixiy sahna ko‘rinishida rol ijro etdi.

Nafaqat spektakl va filmlardagi, balki milliy urf-odatlardan biri kelinsalom aytishi bilan ham muxlislar mehrini qozongan Muqaddas Xoliqovaning kelinsalom o‘tkazib berish narxi 300 dollar qilib belgilangan.

Izoh (0)