Angliyaning Moldon shahri yaqinidagi Blekouter daryosining quyilish qismida joylashgan Osi oroli 33 million dollarga sotuvga qo‘yildi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.

Ko‘chmas mulk agentlari ma’lumotiga ko‘ra, taklifga bo‘lgan talab juda yuqori, chunki orol o‘zida ko‘plab tarixiy voqealarni mujassam etgan. Jumladan, reper va qo‘shiqlar muallifi Stormzy aynan shu yerda o‘zining “This Is What I Mean” albomi ustida ishlagan.
“Bizga bir nechta takliflar kelib tushdi, ayrimlari hatto belgilangan narxdan ham yuqori”, dedi Fine and Country rieltorlik kompaniyasidan Saymon Pelling.

Shuningdek, mazkur orol bir necha bor filmlar va kliplar suratga olish maydonchasi sifatida ishlatilgan. 2012-yilda chiqqan “Qora libosli ayol” filmi aynan Osi orolida suratga olingan.
Hudud bir necha bor mashhur yulduzlar tomonidan ijaraga ham olingan: Rianna, Olli Mers kabi qo‘shiqchilar bu yerda to‘y marosimini o‘tkazgan.

Bo‘lajak orol egasi 1,5 kvadrat kilometrli keng maydonni qo‘lga kiritadi. Sotuvchilar ta’kidlashicha, bu xaridning afzalliklaridan biri orolning London shahri yaqinida joylashganida hamda go‘zal manzaraga ega ekanligidadir.
Izoh (0)