“O‘zbekinvest” kompaniyasi xalqaro sug‘urta sohasidagi yirik va nufuzli tashkilot hisoblangan Xalqaro sug‘urta jamiyati - International Insurance Society (IIS) ga aʼzo bo‘ldi.
1965-yilda asos solingan Xalqaro sug‘urta jamiyati (IIS) dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan 500 dan ziyod yetakchi sug‘urta kompaniyalarini o‘z safida birlashtiradi. Bular qatorida Lloyd‘s of London (Buyuk Britaniya), Swiss Re (Shveysariya), Munich Re (Germaniya), Chubb Limited (AQSH), Korean Re (Janubiy Koreya), China Pacific Insurance Company (Xitoy), Saudi Reinsurance Company (Saudiya Arabistoni), AXA XL (Fransiya) kabi kompaniyalar bor. Tashkilotning bosh qarorgohi AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan.
Mazkur tashkilotga aʼzolik sohaga oid xalqaro forumlar va IIS konferensiyalarida to‘laqonli ishtirok etish imkonini beradi. Ularning orasida eng muhimi - 2025-yilda Shveysariyada o‘tkaziladigan Global sug‘urta forumi (Global Insurance Forum) hisoblanadi.
IIS ga qo‘shilish orqali “O‘zbekinvest” jahon sug‘urta bozorining asosiy tendensiyalari haqidagi muhim tahliliy va ekspert maʼlumotlariga hamda o‘rta va yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun kasbiy taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“O‘zbekinvest” nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo sug‘urta kompaniyalari orasida birinchilardan bo‘lib ushbu nufuzli tashkilotning to‘laqonli aʼzosiga aylandi.
“O‘zbekinvest”ning IIS ga aʼzo bo‘lishi O‘zbekiston sug‘urta sohasining xalqaro maydonda eʼtirof etilgan ishtirokchiga aylanayotgani va mamlakatning Markaziy Osiyo mintaqasida sug‘urta sohasidagi mavqeyini mustahkamlayotganidan dalolat beradi.
Koll-markaz: (+998) 71−207−60−00, 1160
Sayt | Facebook | Instagram | Telegram | YouTube
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)