Go‘zallik normalariga mos bo‘lish va yoshlikni saqlab qolish uchun mashhurlar ko‘p narsaga tayyor. Ammo ba’zida mukammallikka intilish yo‘lidagi turli jarrohlik operatsiyalari achinarli oqibatlarga olib keladi. Quyida kutilgan natijani olmagan va kosmetik muolajadan so‘ng tabiiy go‘zalligini yo‘qotgan mashhurlar hikoyasi bilan tanishamiz.
Rene Zellveger

“Bridjit Jonsning kundaligi” filmi orqali mashhur bo‘lgan Rene Zellveger film qahramonidan farqli ravishda har doim go‘zal qomatga ega bo‘lgan. Biroq 2014-yilda aktrisaning yangi ko‘rinishi muxlislarni hayratda qoldirdi. Aktrisa qizil gilamda tamoman boshqa chehra bilan paydo bo‘ldi: uning o‘ziga xos ko‘zlari o‘zgarib ketgan edi.
Zellvegerning bu qadar keskin o‘zgarishi tanqidlarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar aktrisa qovoqlarini torttirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi. Oradan besh yil o‘tgach, u jarrohlik aralashuvi oqibatlarini tuzatishga erishdi — aktrisaning avvalgi ko‘z shakli va mimikasi qaytdi.
Mikki Rurk

Bir vaqtlar Gollivudning eng xushbichim aktyorlaridan bo‘lgan Mikki Rurk kino faoliyatidan avval boks bilan shug‘ullangan. Ringda miya chayqalishi travmasini olgandan so‘ng shifokorlar unga bir yil sport bilan shug‘ullanmaslikni tavsiya berishdi. Shu orada u aktyorlikka qadam qo‘ydi. 1991-yilda Rurk yana ringga qaytdi va natijada ko‘plab yuz jarohatlarini oldi.
Aktyor plastik jarrohlarga murojaat qildi, ammo operatsiyalar tashqi ko‘rinishdagi muammolarni hal eta olmadi. Uning yangi ko‘rinishi kinodagi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Faqatgina “Kurashchi” filmi tufayli u tomoshabinlar e’tiborini jalb qila olgan.
Lara Flinn Boyl

Devid Linchning afsonaviy “Tvin Piks” seriali yulduziga porloq kelajak bashorat qilingandi. U o‘zining nafis go‘zalligi bilan kinoda shuhrat qozongan edi.
Lara Flinn Boylning tashqi ko‘rinishidagi dastlabki o‘zgarishlar 2000-yillar boshida ko‘zga tashlandi. Yoshlikni saqlab qolish istagida u plastik jarrohlik va inyeksiyalarga murojaat qila boshladi. Ko‘p o‘tmay, Boylning yuzi shishib qolgan ko‘rinishga keldi, lablari esa g‘ayritabiiy ravishda kattalashdi. Mutaxassislarning fikricha, jarrohlik amaliyoti yuzning tabiiy proporsiyasini buzgan va aktrisaning ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Madonna

Madonnaning zamonaviy suratlari bilan 10-15 yil oldingi kliplarini solishtirsangiz, ular ikki xil odam deb o‘ylashingiz mumkin. Vaqt qo‘shiqchining tashqi ko‘rinishiga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlagach, u plastik jarrohlar va kosmetologlar yordamiga murojaat qilishga qaror qildi.
2000-yillar boshida Madonna turli yoshartirish usullari: yuzni torttirish, lipotransfer (yuz va tananing turli qismlariga o‘z yog‘ hujayralarini ko‘chirish), blefaroplastika (qovoqlarni oldirish), liposaksiya (ko‘krak plastikasi) va boshqa muolajalarni bajargan.
2010-yillarning boshida fillerlar qo‘yish modasi boshlandi, bu muolajadan so‘ng yuzda ma’lum muddat shishlar bo‘ladi. Madonnada ham aynan shunday o‘zgarishlar kuzatildi. Xonandaning yoshi 60 ga yaqinlashgani sari u jarrohlarga tobora ko‘proq murojaat qilmoqda.
Megan Foks

Bir paytlar Gollivudning eng quvnoq aktrisalaridan biri bo‘lgan Megan Foksning shaxsan o‘zi ham bir necha bor ko‘krak operatsiyasini o‘tkazganini tan olgan. Birinchi marta u 21 yoshida operatsiya stoliga yotgan. Yuziga kelsak, aktrisa yuz jarrohligi bo‘yicha barcha mish-mishlarni rad etgan, ammo botoks inyeksiyalarini yashirmaydi. Hozirda lablarini kattalashtirgan aktrisani muxlislar hissiz qo‘g‘irchoqqa o‘xshatmoqda.
Zak Efron

“High School Musical” myuzikl seriali yulduzi Gollivuddagi eng kelishgan aktyorlardan biri bo‘lgan, biroq bir necha yil oldin Zak Efron muxlislarni hayratda qoldirdi. Uning yuzi biroz shishgan, jag‘lari kattalashgan va yonoqlari ham ajralib qolgan edi. Efron bu o‘zgarishlarni jarohat bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktyor sirg‘anib ketib, iyagi bilan granit favvoraga urilgan va jag‘i sinib ketgan. Shifokorlar jag‘ini qayta yig‘ishgan, bu esa mimika va yuz shakliga ta’sir qilgan. Efronning muxlislari esa uni inyeksiyalarga murojaat qilgan deb hisoblaydi.
Linda Yevangelista

Faoliyatining cho‘qqisi — 1998-yilda Linda Yevangelista uch yillik tanaffus oldi, ammo tez orada ekranlarga qaytdi. Biroq 2016-yilda kutilmaganda yana g‘oyib bo‘ldi. Muxlislar uni karyerasidan tanaffus olgan, deb o‘yladi, ammo 2021-yilda Yevangelista haqiqatni ochiqladi: u kriolipoliz qurboni bo‘ldi. Shifokorlar unga ortiqcha yog‘ hujayralaridan xalos bo‘lishni va’da qilgan, ammo muolajadan so‘ng yog‘ to‘qimalari aksincha ko‘payib ketdi. Unga hech qanday parhez va sport ham yordam bermadi.
So‘ng shifokorlar Lindaga “paradoksal yog‘ gipertrofiyasi” tashxisini qo‘yishdi. Umidsizlikka tushgan Yevangelista liposaksiyaga murojaat qildi, ammo bu ham kerakli natija bermadi. 2022-yilda kosmetologik xizmat ko‘rsatgan kompaniyaga qarshi 50 million dollarlik da’vo arizasi bilan chiqdi. Ammo avvalgi ko‘rinishini qaytara olmadi.
Izoh (0)