AQSH prezidenti Donald Tramp uchinchi prezidentlik muddatiga saylanish uchun konstitutsiyaviy taqiqni chetlab o‘tish yo‘llarini bilishini tan oldi. Bu haqda u Time jurnali bilan suhbatda ma’lum qilgan.

“Hozir bu haqda gapirmaslikni afzal ko‘rardim. Lekin bilasizki, muhokama qilingan va yaxshi ma’lum bo‘lgan ba’zi qonuniy bo‘shliqlar mavjud”, deydi Tramp.
Shunga qaramay, Amerika yetakchisi bunday usullardan foydalanmoqchi emasligini ta’kidlagan.
“Ammo men qonuniy bo‘shliqlarga ishonmayman. Ulardan foydalanishga ishonchim yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Tramp agar uning hozirgi o‘rinbosari J.D. Vans davlat rahbari lavozimiga o‘z nomzodini qo‘ysa, navbatdagi saylovlarda AQSH vitse-prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yish istagi bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan.
1951-yilda qabul qilingan Amerika konstitutsiyasidagi 22-tuzatishga ko‘ra, bir shaxs ko‘pi bilan ikki marta davlat boshlig‘i etib saylanishi mumkin. AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2028-yilda o‘tkaziladi.
Ilgari AQSH prezidenti Richard Nikson davrida Oq uyning sobiq maslahatchisi Jon Din agar Tramp keyingi saylovlarda vitse-prezident bo‘lsa, Oq uy rahbari lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishni taqiqlovchi mamlakat konstitutsiyasining 22-tuzatishini chetlab o‘tishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, Donald Trampning bir guruh tarafdorlari uning yana bir muddat o‘z lavozimida qolishi uchun konstitutsiyani qayta yozish kampaniyasini boshlagani xabar qilingandi.
Bundan oldin Britaniyaning The Guardian gazetasi Donald Trampning “Trump Store” internet-do‘koni AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari yiliga bag‘ishlangan “Tramp 2028” yozuvi tushirilgan kiyim-kechak va kepkalarni sotayotganini xabar qilgandi.
Izoh (0)