Jang maydonida uchuvchisiz uchish vositalaridan foydalanishni Ukraina boshlamadi. Ammo dronlarni yoppasiga qo‘llash bilan mazkur sohasi alohida tarmoqqa aylantirgan, texnologik jihatdan yangi bosqichga olib chiqqan aynan ukrainaliklar hisoblanadi.
Ukraina rus armiyasining assimetrik ustunligiga qarshi turish uchun ulardan keng foydalandi. Davlat mazkur soha bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni keng qo‘llab-quvvatladi. Bu esa qisqa vaqtda o‘z samarasini berdi.
Mamlakat 2024-yili 2,2 million FVP-dron ishlab chiqardi. Joriy yilda raqamlarni 4,5 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng tashkil etilgan SkyFall kompaniyasi mana shu zanjirning muhim qismi hisoblanadi. U mamlakat qurolli kuchlarini turli maqsadlarga mo‘ljallangan uchuvchisiz uchish vositalari bilan ta’minlab kelmoqda. “Vampire” shular jumlasidan.

“Vampire” geksokopter turidagi dron bo‘lib, uni shuningdek “Baba Yaga” deb ham ataladi. Qurilma 15 kilogrammgacha og‘irlikdagi portlovchi moddalarni tashishi mumkin. Ilg‘or termal kameralar sharofati bilan uni tungi sharoitlarda ham qo‘llasa bo‘ladi. Dron 80 km/soat tezlik bilan parvoz qilishi, yarim soatga yaqin havoda qolishi mumkin. Kompaniya mazkur turdagi uchuvchisiz uchish qurilmalaridan har oy minglab yetkazib beradi.
Rossiya armiyasi tomonidan keng qo‘llanilayotgan radioelektron kurash vositalari jiddiy tahdid hisoblanadi. SkyFall shuni inobatga olib, “Baba Yaga” dronlarini turli chastotalarda ishlovchi elektron urush tizimlari bilan uyg‘unlashtirgan.

Kompaniya dron “ko‘zi” va “miyasi” bilan bog‘liq yuqori texnologik komponentlarni tashqi bozor, asosan Xitoydan olib keladi. Ammo detallarning aksariyati mahalliy ishlab chiqarilmoqda. Buning uchun yirik sanoat korxonasi yoxud bahaybat dastgohlar kerak bo‘lmaydi. Har kuni 4000 dron uchun ehtiyot qismlari yetkazib berishni 350 ta 3D printeri uddalamoqda.
Kerakli ehtiyot qismlar 3D printer yordamida chop etilgach, yig‘ish jarayoni boshlanadi. Yuzlab xodimlar belgilangan instruksiya bo‘yicha qismlarni birlashtirib chiqadi. Eng so‘nggi bosqich esa sinov hisoblanadi. Bu yerda qurilmalarning video hamda buyruq transmitterlari hamda boshqa mexanizmlari tekshirib ko‘riladi.

SkyFall tomonidan ishlab chiqilgan yana bir mahsulot “Shrike” bo‘lib, u Baba Yaga’dan ancha kichik. Yuqorida to‘xtalib o‘tilgan geksokopter portlovchi moddalarni dushman ustiga tashlab, keyin ortga qaytadi. Biroq “Shrike” kamikadze tasnifiga mansub. Ya’ni u faqat bir marta foydalanishga mo‘ljallangan FPV-drondir.
Shunga qaramay, “Shrike” o‘zining arzon narxi va yuqori aniqligi bilan ajralib turadi. Bu esa uni nafaqat ichki bozor, balki G‘arb harbiylari uchun ham jozibador loyihaga aylantirmoqda. SkyFall bu turdagi uchuvchisiz uchish qurilmasidan har kuni o‘rtacha 4000 dona ishlab chiqaradi.
“Shrike”ning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri — operator bilan aloqa uzilgan taqdirda ham nishonga qarshi mustaqil yo‘nalish olish, ya’ni inson omilisiz zarba berish imkoniyatidir. Bu elektron urush qurollarining kuchli ta’siri sharoitida asqotadi.
Ukraina – bozor yetakchilaridan biri
Ukraina hukumati mahalliy kompaniyalar uchun uchuvchisiz uchish qurilmalari eksportini cheklagan. Shunga qaramay, xorij bilan hamkorlikdagi loyihalarga to‘siq yo‘q. SkyFall hamda AQSHning CX2 startapi birgalikda yo‘lga qo‘ygan qo‘shma dastur bunga misol bo‘la oladi. Unga binoan kompaniya muhandislari AQSH harbiylari uchun yangi turdagi bombardimonchi dron ishlab chiqishga yordam bermoqda.
Kiyev xususiy kompaniyalar hamda ko‘ngilli tashkilotlar ishini muvofiqlashtirib, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. Bu esa qisqa vaqt ichida butun boshli ekotizimning vujudga kelishiga yo‘l ochdi.
Ukraina mudofaa vazirligi mazkur sohada faoliyat ko‘rsatadigan 76 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi bilan shartnoma tuzib, ularga 2024–2025 yillar uchun 2,5 milliard AQSH dollari to‘lagan. SkyFall FPV-dron yetkazib beruvchi eng yirik Ukraina kompaniyasi hisoblanadi.
Izoh (0)