“Biznesni rivojlantirish banki” ATB respublikadagi yetakchi moliya muassasalaridan biri sifatida zamonaviy xizmatlarni joriy qilish orqali mijozlar ishonchini qozonishga va moliya bozorida mustahkam o‘rin egallashga intilmoqda.
Chakana biznes modelini rivojlantirish va daromadlilik ko‘rsatkichlarini oshirish bankning asosiy strategik maqsadlaridan biri sanaladi. Keng jamoatchilikka taqdim qilingan “Mening biznesim” va “Mening buyurtmam” innovasion yechimlari mazkur maqsadga erishishda dadil qadamdir.
Taqdimot marosimida mazkur yangi loyihalarning ahamiyati va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Mening biznesim” – bu o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan noyob raqamli platformadir.
“Mening biznesim” mobil ilovasida:
— tadbirkorlik faoliyatini rasman boshlashi uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
— rasmiy daromadga ega bo‘lmagan, o‘z kasbini ustasi bo‘lgan fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi yoki rivojlantirishi uchun kreditlar olish;
— tadbirkorlik faoliyati, ya’ni bo‘yoqchi, elektrik, tikuvchi, ustachilik, santexnik va boshqa shu kabi o‘z xizmatlarini aholiga onlayn tarzda taklif etish;
— mehnat stajini rasman yuritish orqali kelajakda ijtimoiy nafaqalarga ega bo‘lish kabi muhim imkoniyatlar yaratildi.
Bundan tashqari, barcha mobil ilovalar kabi kunlik ehtiyojlarni qondirish uchun barcha xizmatlar mavjud. “Mening buyurtmam” – bu mijozlar va o‘zini o‘zi band qilgan xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi qulay raqamli vositachidir.
“Mening buyurtmam” ilovasi orqali:
— har qanday xizmat ko‘rsatuvchilarni, ustalarni tez va oson topish imkoniyati;
— o‘z lokatsiyalarini ko‘rsatgan holda belgilangan narx asosida identifikatsiyadan o‘tgan ustalarni jalb qilish;
— ilgari foydalangan iste’molchilar tomonidan qoldirilgan izohlar tahlili asosida ustalarni tanlash;
— jalb qilinayotgan ustalarning reytingini tahlil qilish imkoniyatlari yaratilgan.
Bu ilovada kasblar va sohalar bo‘yicha xizmatlar katalogi mavjud va undan 24/7 rejimida foydalanish mumkin. Shuningdek, xizmatlar uchun buyurtma berish, geolokatsiya asosida eng yaqin xizmat ko‘rsatuvchini topish imkoniyatlari mavjud. Foydalanuvchilarga chat orqali tezkor aloqani amalga oshirish imkoniyati ham yaratilgan.
Taqdimot marosimida spikerlar tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning istiqboldagi rejalari va tatbiq etilishi mo‘ljallanayotgan yangi innovasion loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)