1917-yil 18-aprelda o‘rtoq Chuchurin, Taxvo Kenenin, Vesnushkin, Qo‘rqoq va Balzaminov obrazlari bilan ko‘pchilikning yodida qolgan Georgiy Vitsin dunyoga kelgan.
Leonid Gaydayning komediyalari aktyorni abadiyatga muhrladi. Uning filmografiyasida dramatik rollar kamroq bo‘lsa-da, ularda ham u yorqin obrazlar yaratgan. Aktyorning birinchi jiddiy roli Grigoriy Kozintsevning “Belinskiy” (1953) filmida bo‘lib, unda Georgiy Vitsin Nikolay Gogol rolini ijro etgan.
Georgiy Mixaylovichning ro‘yxatida jami 345 ta ish mavjud bo‘lib, ularga ovoz berilgan multfilm qahramonlari ham kiradi.
Bugun biz sizga u haqida bilmasligingiz mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni aytib o‘tamiz.
Uyatchan bo‘lgan
Maktab yillaridayoq Georgiy kamtarin va odamovi edi. Hatto doskaga chaqirilganda ham qizarib ketar, javobni unutib qo‘yar, so‘zlarini bir-biriga bog‘lay olmasdi. To‘rtinchi sinfda u maktabdagi drama to‘garagi haqida eshitadi va bu to‘garak komplekslardan xalos bo‘lishiga yordam beradi deb o‘ylaydi.
Shunda u o‘z ustida ishlashga ahd qiladi — turli xarakterdagi rollarni sinab ko‘rar, ular ortiga haqiqiy o‘zini yashirardi. Qahramonlar niqoblari uning tortinchoqligiga e’tibor bermaslikka yordam beradi, maktab esa Georgiyga uning haqiqiy qobiliyatini ko‘rsatadi — u aktyorlik sohasida 61 yil ishlaydi.
Rassom bo‘lishni orzu qilgan
Maktab yillarida Vitsinni nafaqat aktyorlik mahorati, balki balet va rasm chizish ham qiziqtirgan. Raqs to‘garaklariga qatnashishga ota-onasi qarshilik qiladi. Rasm chizish esa uzoqroq davom etadi. “Yetti yillik”ni tugatgach, bo‘lajak aktyor badiiy bilim yurtiga kirishni o‘ylaydi (ayniqsa, hajviy rasmlarni yaxshi chizardi).
Diplom ololmagan
Maktabni tugatgach, u Kichik teatr qoshidagi teatr bilim yurtiga (hozirgi M.S. Shchepkin nomidagi Oliy teatr bilim yurti) o‘qishga kiradi. Biroq bir yildan so‘ng “o‘quv jarayoniga yengiltaklik bilan yondashgani uchun” u yerdan chetlashtiriladi. Shu paytda Vitsin Y.Vaxtangov nomidagi teatr qoshidagi teatr bilim yurtida (hozirgi Boris Shukin nomidagi teatr instituti) tahsil ola boshlaydi va keyinchalik MXATning teatr studiyasiga o‘tadi.
Ko‘p o‘tmay studiya tarqatib yuboriladi va Vitsin diplomini ololmaydi. Biroq aktyor Nikolay Xmelyov uni hozirda Yermolov nomidagi drama teatri sifatida tanilgan o‘zining teatr-studiyasiga taklif etadi.
Vegetarian bo‘lgan va yoga bilan shug‘ullangan
San’atkor sog‘lom turmush tarzining tarafdori edi — ichmas, chekmasdi. Aktyor birinchi va so‘nggi marta 7 yoshida sigaret chekkan va “o‘lishiga sal qolgan”. Shundan keyin u hech qachon tamakiga qo‘l urmagan.
U sharq amaliyotlariga qiziqar, o‘rganish uchun zarur bo‘lgan adabiyotlarni xarid qilar va o‘ziga ko‘proq yoqqan mashqlarni tanlab olardi. SSSRda g‘ayrioddiy hisoblangan bu qiziqish san’atkorning atrofidagilarni hayratga solardi. U esa 15 daqiqada to‘yib uxlay olar, tomir urishini goh tezlashtirib, goh sekinlashtirib (rolga yaxshiroq kirish uchun) boshqara olardi.
Hatto “Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari” filmi ustida ishlayotganda ham Morgunov, Nikulin va Vitsin pivo ichgan sahnada, Vitsin aslida na’matak damlamasini ichgan.
Uning sevimli bo‘yinbog‘i bo‘lgan
60 yil davomida Vitsin sahnaga “bo‘g‘ma” deb erkalab atagan sevimli galstugi bilan chiqardi. Uning kolleksiyasida 80 ta shunday “bo‘g‘macha” bor edi, ammo u doimo bittasini taqib yurardi. Hatto uni bir marta ham yuvishga bermagan.
Hayvonlarni juda yaxshi ko‘rgan
Vitsin uysiz mushuk va itlarni boqar, qushlarga tariq separdi. U sayrga chiqqanida orqasidan bir gala it ergashib yurardi. Hayratlanarlisi shundaki, aktyorning uyida bir nechta xonqizi yashardi — ular xonadon bo‘ylab uchib yurar, aktyor esa ularni zavq bilan kuzatardi.
Bundan tashqari, uning iti “ona” so‘zini ayta olardi, to‘tisi esa: “Nimaga tinmay yuguryapsan? Borib uxlasang-chi!” degan jumlani takrorlardi. Ehtimol, qush aktyorning xotiniga aytadigan so‘zlarini o‘zlashtirib olgandir.
Aytishlaricha, hayvonlar hatto aktyorni so‘nggi yo‘lga kuzatishga ham kelgan. Odamlar ularni haydamagan.
Keksayganida tish shifokoriga bormay qo‘ygan
Aktyor yoshi o‘tib tishlaridan ajralganda, tanaga begona narsalarni kiritish g‘oyasini rad etgani uchun sun’iy tishlar qo‘ydirishni istamaydi. Shunday bo‘lsa-da, uning mukammal diksiyasi saqlanib qoladi.
“Odam dunyoga tishsiz keladi va tishsiz ketadi”, derdi Vitsin.
U kamtarin edi va intervyu berishni yoqtirmagan
Kundalik hayotda aktyor jamoat transportidan foydalanardi, tanib qolishmasligi uchun esa boshiga kepka kiyib, egniga kulrang plash tashlardi. Agar e’tibordan chetda qolishning iloji bo‘lmasa, o‘zini artistning akasi deb tanishtirardi. Jurnalistlar bilan suhbatlashishni yoqtirmasdi, biroq so‘nggi suhbatlarning birida o‘lim haqida gapiradi:
Izoh (0)