Toshkent shahrining Mirobod tumanida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan “zakladchik” qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda F. ismli shaxs manzillar orqali giyohvandlik vositalarini tarqatib yurgani aniqlandi va Munis ko‘chasida avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Mashinadan 17 dona marixuana moddasiga o‘xshash giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng telefonidagi manzillar orqali uning yerga ekkan giyohvandlik moddalari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchining Yashnobod tumanidagi yashash manzili ko‘zdan kechirildi. Xonadondan alohida grammlarga ajratilib, paketlarga solingan, qora yelim o‘ramalarga o‘ralgan giyohvandlik moddalari borligi aniqlandi.
Ushbu giyohvandlik vositalarining bahosi 100 mln so‘mni tashkil qiladi.
Giyohvand moddalar savdosi
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, shuningdek, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.
Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.
Izoh (0)