Samarqand viloyatining Samarqand tumanida yashovchi shaxs xonadonida giyohvandlik vositalari va qalbaki pullarni saqlab kelayotganligi aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Nurafshon” mahallasida yashovchi 55 yoshli fuqaroning uyidan hovlisiga ko‘mib qo‘yilgan, gugurt qutilariga solingan giyohvandlik moddasi aniqlandi. Shuningdek, sellofan bo‘laklarga solingan 14,5 mln so‘m qalbaki pullar borligi maʼlum bo‘ldi.

Giyohvandlik moddasi va soxta pullar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi. Hozirda IIO tomonidan qo‘shimcha tezkor qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Giyohvand moddalar savdosi:
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.
Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.
Soxta pullar savdosi
Navoiy viloyati IIB TQX Jinoyat qidiruv bo‘limi, DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh tomonidan 400 million so‘m soxta pullar 160 million so‘m haqiqiy pullarga almashtirilayotgan paytda qo‘lga olingandi.
Toshkent shahri Yangihayot tumanida xaridor qalbaki pulga iPhone sotib olgani, Toshkent viloyati Angren shahrida qalbaki pullar muomalaga kiritilishining oldi olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)