AQSH prezidenti Donald Tramp Garvard universitetini antisemitizmda aybladi va muassasa demokratiyaga tahdid solayotgani haqida bayonot berdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Garvard, boshqa ko‘plab universitetlar singari, antisemitik va o‘ta so‘l ta’lim muassasasi bo‘lib, u yerga butun dunyodan mamlakatimizni parchalab tashlashni istaydigan talabalar qabul qilinadi. Bu joy liberal tartibsizlik markazi bo‘lib, unda ma’lum bir guruh aqldan ozgan kishilar auditoriyalarga bemalol kirib-chiqib, soxta g‘azab va nafrat tarqatishi mumkin. Bu haqiqatan ham dahshatli!”, deb yozdi u.
Shuningdek, Amerika prezidenti Garvard AQSH demokratiyasiga tahdid solayotganini ta’kidlagan.
“Endi biz da’vo qo‘zg‘atishni boshlaganimizda, ular o‘zlarini xuddi “sof amerikacha” qiyofada ko‘rsatishmoqda. Garvard — demokratiyaga tahdid”, deb yozadi Tramp.

Trampning Garvard universitetiga qo‘ygan talablari
Amerika hukumati 11-aprel kuni Garvardga rasmiy maktub yo‘llab, universitet agar keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirsa, federal moliyalashtirishni saqlab qolishi mumkinligini bildirgan. Aks holda deyarli 9 milliard dollarlik moliyaviy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.
Tramp ma’muriyatining fikricha, o‘tgan yili G‘azo sektoridagi urushga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar paytida Garvard va boshqa Amerika oliy o‘quv yurtlarida antisemitizmga yo‘l qo‘yilgan. Shu sababli Garvard universitetiga quyidagi talablar qo‘yilgan:
• boshqaruv tizimini isloh qilish;
• ilmiy faoliyatdan ko‘ra faollikka (aktivizmga) berilgan professor-o‘qituvchilarning ta’sirini kamaytirish;
• AQSH qadriyatlariga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lgan talabalarni qabul qilmaslik;
• shuningdek, xulq-atvor qoidalarini buzgan “grin karta” egalari haqida politsiyaga xabar berish.
13-aprel kuni Garvard universitetining bir guruh professorlari Tramp ma’muriyatiga universitetning umumiy moliyalashtirishini 9 milliard dollarga qisqartirish rejalari tufayli da’vo arizasi topshirgani ma’lum bo‘ldi.
AQSH ta’lim vazirligi Garvard universiteti rahbariyati Oq uyning kadrlar va ta’lim siyosatidagi o‘zgarishlar haqidagi talablarini ochiqchasiga rad etganidan so‘ng, uni 2,2 milliard dollarlik davlat moliyalashtirishidan mahrum qilishi haqida xabar bergan edi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bu miqdor 8,7 milliard dollarlik grantlar va universitet hamda federal tuzilmalar o‘rtasidagi 255,6 million dollarlik amaldagi shartnomalarni o‘z ichiga oladi. Da’vogarlarning fikricha, ma’muriyatning xatti-harakatlari ularning akademik erkinlik va so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqlarini buzmoqda.
Garvard Tramp ma’muriyatining universitet antisemitizm ko‘rinishlariga, xususan, chet ellik talabalar tomonidan sodir etilayotgan holatlarga ko‘z yumayotgani haqidagi ayblovlarini rad etdi va antisemitizmga qarshi kurash choralarini ko‘rayotganini, ammo shu bilan birga so‘z va ifoda erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni buzishni istamasligini ta’kidladi.
O‘shanda Amerika prezidenti Garvard universiteti safsata o‘rgatayotganini, universitet federal moliyalashtirishga loyiq emasligini aytgandi. Trampning fikricha, oliy ta’lim muassasasi radikal so‘l mafkura tarafdorlarini ishga oladi va shuning uchun u munosib ta’lim maskani hisoblanmasligi kerak.
Izoh (0)