Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrim yarimorolining Rossiya tomonidan noqonuniy anneksiya qilinishini hech qachon tan olmasligini ta’kidlagan edi. AQSH prezidenti Donald Tramp bu Rossiya bilan muzokalarga jiddiy zarar yetkazishini aytib, ukrainalik hamkasbini tanqid qildi. Zelenskiy mazkur tanqidga javob qaytardi.

Ukraina rahbari Trampning birinchi prezidentlik davrida davlat kotibi bo‘lgan Mayk Pompeo 2018-yilda bergan bayonotni eslatdi. U Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi noqonuniy ekani va AQSH buni hech qachon tan olmasligini bildirgandi. Zelenskiy buni aks ettiruvchi AQSHning 2018-yilgi Qrim deklaratsiyasi skrinshotini o‘zining X ijtimoiy tarmog‘iga joyladi.
Hamkorlardan minnatdormiz. Ukraina har doim o‘z konstitutsiyasiga muvofiq harakat qiladi va biz hamkorlarimiz, xususan, AQSH o‘zining kuchli qarorlariga muvofiq harakat qilishiga mutlaqo ishonamiz, deb yozgan siyosatchi.
Zelenskiy bu fikrlarini 23-aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tgan Ukraina, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya vakillari ishtirokidagi uchrashuvga izoh tariqasida bildirgan.
Bahsli masala
AQSH 17-aprel kuni Ukraina delegatsiyasiga Tramp tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasini taqdim etgan. Ushbu hujjat AQSHning urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan “so‘nggi taklifi” hisoblanadi. Agar Ukraina bu rejani rad etsa, AQSH Kiyev va Moskva o‘rtasidagi vositachilik rolidan voz kechishini ma’lum qilgan.
Rejaning eng bahsli bandlaridan biri — AQSHning Qrim ustidan Rossiya nazoratini tan olishga tayyorligi sanaladi. Zelenskiy bu borada aniq pozitsiyasini bildirgan. U Qrim Ukraina xalqiga tegishli ekanini va bu bahslashmasligini aytgan. Tramp esa buni tanqid qilib, “Qrim ko‘p yillar oldin qo‘ldan ketgani”, Zelenskiyning so‘zlari esa “tinchlik muzokaralariga zarar yetkazishi”ni ta’kidlagandi.
Izoh (0)