Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Qrim yarimorolini Rossiyaga tegishli deb tan olishdan Kiyevning bosh tortishi haqidagi bayonotlari mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni qiyinlashtirmoqda. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Zelenskiy The Wall Street Journal gazetasining birinchi sahifasida “Ukraina Qrimni huquqiy jihatdan Rossiyaga tegishli deb tan olmaydi, bu yerda muhokama qiladigan hech narsa yo‘q” deya maqtanmoqda. Bu bayonot Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga jiddiy zarar yetkazadi. Chunki Kiyev ko‘p yillar oldin AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama davrida Qrimdan ayrilgan va bu hozirda muhokama mavzusi ham emas, dedi Tramp.
Shuningdek, Amerika prezidenti Ukraina yetakchisining so‘zlari inqirozni hal qilishga emas, balki faqat vaziyatni keskinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Hech kim Zelenskiydan Qrimni Rossiya hududi deb tan olishni talab qilmayapti. Lekin agar unga Qrim kerak bo‘lsa, nega ular o‘n bir yil oldin, Qrim Rossiyaga bir o‘q otilmasdan topshirilganda, u uchun kurashmagan? Shuningdek, bu hududda ko‘p yillar davomida “Obamaga topshirilishidan” oldin ham, Rossiyaning yirik suv osti kemalari bazalari joylashgan edi. Aynan Zelenskiyniki kabi ig‘vogarona bayonotlar bu urushni tartibga solishni qiyinlashtirmoqda. Uning maqtanadigan hech narsasi yo‘q, deb yozmoqda Oq uy rahbari.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, hozir Ukraina uchun vaziyat og‘ir bo‘lib, tinchlikka erishish yoki butun mamlakatni yo‘qotishdan oldin yana uch yil jang qilish mumkin.
Mening Rossiya bilan hech qanday aloqam yo‘q. Lekin har hafta behuda halok bo‘layotgan o‘rtacha besh mingta rus va ukrain askarini qutqarish istagi bilan ko‘p umumiyligim bor, deydi AQSH prezidenti.
Oq uy rahbari Zelenskiyning Qrim haqidagi bayonoti “qotillik maydonini” davom ettirishdan boshqa hech narsa bermasligiga, buni esa hech kim xohlamasligiga ishonch bildirgan.
Biz kelishuvga juda yaqinmiz, lekin “o‘ynash uchun kartalari yo‘q” odam (Zelenskiy nazarda tutilmoqda - tahririyat), nihoyat, hozir buni qilishi kerak. Men Ukraina va Rossiyaga, agar men prezident bo‘lganimda hech qachon boshlanmaydigan bu to‘liq va mutlaq tartibsizlikdan chiqishga yordam berish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdaman, dedi u.
AQSH tashabbusi to‘g‘risidagi mish-mishlar
21-aprel kuni Washington Post AQSH Londonda Ukraina, Britaniya va Fransiya bilan muzokaralarda Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik bitimi bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.
Xususan, gap AQSH Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olishi mumkinligi haqida ketishi kerak edi. Shuningdek, Vashington Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni taklif qilmoqda. Buning evaziga Rossiya barcha jangovar harakatlarni to‘xtatishi kerak bo‘ladi, bu esa urushni amalda muzlatib qo‘yishni anglatadi.
Bunga javoban Zelenskiy Qrim, Zaporojye AES va NATO haqidagi har qanday gap-so‘zlar spekulyatsiya ekanligini, chunki o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish Ukrainaning Rossiya bilan har qanday mazmunli muzokaralarini boshlash uchun birinchi zaruriy shart ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)