Yaman husiylari so‘nggi haftalarda AQSHning umumiy qiymati 200 million dollardan ortiq bo‘lgan yettita Reaper dronini urib tushirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Bu Vashingtonning husiylarga qarshi olib borayotgan kampaniyasidagi eng katta moddiy yo‘qotish sanaladi. Mudofaa rasmiylariga ko‘ra, dronlar 31-martdan 22-aprelgacha urib tushirilgan. Ularning uchtasi so‘nggi hafta davomida yo‘q qilingan. Bu husiylarning yuqori balandlikda uchuvchi AQSH aviatexnikasiga qarshi zarba berish qobiliyati oshganini ko‘rsatadi.
Har bir Reaper droni taxminan 30 million dollar turadi. Ular suvga yoki quruqlikka qulaganida razvedka yoki hujum missiyalarini bajarayotgan bo‘lgan. The Associated Press xabariga ko‘ra, zarbalar 31-mart, 3, 9, 13, 18, 19 va 22-aprel kunlari amalga oshirilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp 15-martdan boshlab husiylarga qarshi har kuni zarbalar berishni buyurgan. Oqibatda Yamandagi husiylar nazorati ostida bo‘lgan hududlarda o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi vakili Dave Eastburnning aytishicha, AQSH kuchlari 800 dan ortiq nishonni urib, qo‘mondonlik markazlari, qurol-yarog‘ omborlari va havo mudofaa tizimlarini yo‘q qilgan. Shuningdek, yuzlab husiy jangchilari va yetakchilarini o‘ldirgan. Biroq ushbu da’volarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.
Yana bir AQSH rasmiysi, ismi oshkor qilinmagan holda, dron yo‘qotishlari hozirda tergov qilinayotganini aytdi. Ammo ular dushman hujumi oqibatida urib tushirilgani ehtimoldan holi emasligini bildirdi.
Husiylar Isroilning G‘azodagi urushiga norozilik sifatida Bob al-Mandeb bo‘g‘ozidan o‘tayotgan, asosan Isroil, AQSH va Britaniya kemalarini nishonga olishda davom etmoqda. Ularning bayonotiga ko‘ra, agar Isroil doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, hujumlar ham to‘xtatiladi.
Izoh (0)