Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev dunyo uchinchi jahon urushi yoqasida turganini aytdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Medvedev Xalqaro jinoiy sudning (XJS) davlat rahbarlarini, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga bergan orderlari global xavflarning kuchayishiga olib kelayotganini da’vo qildi.
Xalqaro hamjamiyat prinsipial belgilarga ko‘ra bo‘lingan va aslida sayyoramiz Uchinchi jahon urushi yoqasida turgan bir davrda, XJSning qarori o‘z-o‘zidan global xavflarning kuchayishiga olib keldi. Bunday tahdidning kuchayishida insoniyat oldida Xalqaro jinoiy sudning ayrim mansabdor shaxslari ham mas’uldir, dedi Medvedev.
U tegishli fikrlarini “Pravovedeniye” jurnalidagi maqolasida keltirdi. Medvedev BRIKS doirasida Xalqaro jinoiy sudga (XJS) muqobil xalqaro huquqiy organ yaratishga chaqirdi.
Siyosatchining fikricha, bunday organ BRIKSga a’zo davlatlarning “BMT Nizomi tamoyillariga qat’iy rioya qilish”ga intilayotganini namoyon etardi. Bu tamoyillar suveren davlatlar rahbarlarining xorijiy sud yurisdiksiyasidan daxlsizligi hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplarini o‘z ichiga oladi.
Medvedev “adolatga intilish va dunyoning kuchli shaxslarini jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish istagi” odamlarni doimo birlashtirgan g‘oya bo‘lib kelganini aytdi.
Ammo bu g‘oya har doim ham to‘g‘ri shaklda namoyon bo‘lavermaydi — hatto Xalqaro jinoiy sudda ham, deya xulosa qildi u.
Putinni hibsga olish orderi
2023-yil mart oyida Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Ular Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish va Rossiya hududiga noqonuniy ko‘chirishda ayblanmoqda. Jinoyatlar, sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 24-fevraldan beri sodir etilgan. Kreml bunga javoban Rossiya Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmasligini aytgan. O‘sha paytda AQSH prezidenti bo‘lgan Jo Bayden XJS qarori asosli ekanini aytgandi.
Netanyaxu va Galantani hibsga olish orderi
21-noyabr kuni Xalqaro jinoiy sud veb-saytida bir vaqtning o‘zida ikki isroillik siyosatchi — bosh vazir Binyamin Netanyaxu va o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan hibsga olish orderini berish to‘g‘risida bayonot paydo bo‘ldi. Order 2023-yil 8-oktyabrdan 2024-yil 20-maygacha bo‘lgan davrda G‘azoda sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun berilgan. Ayblovlar Isroil hukumati va qurolli kuchlarining Falastin aholisiga, xususan, G‘azo sektoridagi tinch aholiga qarshi harakatlariga taalluqli. Isroil bosh vaziri idorasi bu qarorni antisemitizm deb atagan, buyruq bergan organning o‘zini esa “noxolis va kamsituvchi” deb ta’riflagan. Shu bilan birga, Yevropa komissiyasi raisi o‘rinbosari Jozep Borrel XJS qarori Rim statutini imzolagan barcha davlatlar uchun majburiy ekanini ta’kidlagan.
Izoh (0)