Dunyo aholisi o‘ziga xos xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Har kimning bo‘yi, vazni va tashqi ko‘rinishi boshqa-boshqa. Ammo ayrim insonlar g‘ayrioddiy tashqi ko‘rinishi bilan hatto Ginnesning rekordlar kitobiga ham kirishi mumkin. Quyida sayyoramizning turli chekkalarida tavallud topgan ana shunday mitti insonlarning hayoti va taqdiri haqida so‘z yuritamiz.
Chandra Bahadur Dangi

Chandra Bahadur Dangi 1939-yil 30-noyabrda Nepalda tug‘ilgan. U Ginnesning rekordlar kitobiga eng past bo‘yli odam sifatida kiritilgan. Chandraning bo‘yi atigi 54,6 santimetr, vazni esa 14 kilogramm bo‘lgan.
Dangi Nepalning Salyan qishlog‘ida o‘sgan. Uning besh aka-ukasidan uchtasi ham 122 santimetrdan past bo‘lgan. Hayoti davomida u to‘quvchi bo‘lib ishlagan va turli shlyapalar tayyorlagan. 2012-yilda Dangi o‘zining noodatiy jismoniy holati bilan dunyoga tanilgan va Ginnes kitobiga kiritildi.
Shundan so‘ng Chandraning hayoti tubdan o‘zgardi, o‘sha paytda rekordchi erkak 72 yoshda edi. 2012-yilda u o‘ziga mos bo‘yli ayol Joti Amji bilan uchrashib, yaqin munosabatlar boshlagan. 2014-yilda esa u o‘sha vaqtdagi Ginnes rekordlari bo‘yicha eng baland bo‘yli odam — Sulton Kesen bilan uchrashdi.
Chandra Bahadur Dangi 2015-yil 3-sentyabrda, 75 yoshida vafot etdi. U do‘stlari va yaqinlari yodida har doim quvnoq va ijobiy inson sifatida qoldi.
Gul Muhammad

Gul Muhammad 1957-yil 15-fevralda Hindistonning Nyu Dehli shahrida tug‘ilgan. 1990-yilda uning bo‘yi 57 santimetr, og‘irligi 17 kilogramm deb qayd etilib, Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan. U o‘zining noodatiy holatidan tasodifan, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganda xabardor bo‘lgan.
Gul Muhammad bronxit va astmadan aziyat chekkan va aynan shu kasalliklar uning 1997-yil 1-oktyabrda, 40 yoshida vafot etishiga sabab bo‘lgan.
Junri Balaving

Junri Balaving 1993-yil 12-iyun kuni Filippinda, kambag‘al temirchi oilasida tug‘ilgan. Uning bo‘yi 60 santimetr, vazni 15 kilogramm edi. Bu rekord 2011-yilda, uning 18 yoshida, sobiq rekordchi Hegendra Tapa Magarni ortda qoldirgach, rasman tasdiqlangan.
Junri bir yoshidan keyin o‘sishdan to‘xtagan. 2012-yilda Chandraning rekordi uni ortda qoldirgan bo‘lsa-da, 2015-yilda Dangi vafotidan so‘ng Junri yana eng past bo‘yli odam unvonini qaytarib olgan.
U Dapitan shahrida oilasi bilan yashagan, sog‘liq muammolariga qaramay, ko‘plar uchun ilhom manbayi bo‘lgan. Junri 2020-yil 28-iyulda, 27 yoshida, pnevmoniyadan vafot etgan.
Afshin Gaderzade

Afshin Gaderzade 2022-yilda Ginnes rekordlar kitobiga eng past bo‘yli odam sifatida kiritilgan. Uning bo‘yi 65,24 santimetr, vazni 13 kilogramm edi. Shuningdek, u “eng kichik qo‘llar egasi” sifatida ham tan olingan.
U 2002-yil 13-iyulda Eronning Bukon shahrida, kurd oilasida tug‘ilgan. Jismoniy holati sababli o‘qishni to‘xtatgan, biroq Eron milliy qo‘mitasi ko‘magida Ginnes ro‘yxatiga kiritilgan. 2023-yilda u iPhone 14 nomli kurd filmida bosh rolni o‘ynashi e’lon qilingan.
Hagendra Tapa Magar

Hagendra Tapa Magar 1992-yil 4-oktyabrda Nepalda tug‘ilgan. Uning bo‘yi 67 santimetr edi. Tug‘ilganida bor-yo‘g‘i 600 gramm bo‘lgan, bir yoshida esa 6,5 kilogrammga yetgan.
2008-yilda Britaniyaning Channel 4 telekanalida u haqda hujjatli film namoyish etilgan. Hagendra 2020-yil yanvar oyida, 27 yoshida, o‘pka kasalliklari tufayli vafot etgan.
Lin Yuychji

Lin Yuychji 1972-yilda Tayvanda tug‘ilgan. U yozuvchi va jamoatda faol. Uning bo‘yi 67,5 santimetr, og‘irligi 8 kilogramm. U ham Britaniyaning 2008-yilgi hujjatli serialida ishtirok etgan.
Linda nto‘liq osteogenezis nomli irsiy kasallik aniqlangan. Hozirda u aynan shu kasallikdan aziyat chekayotganlarga yordam beruvchi jamg‘arma asoschisi.
Edvard Ninyo Ernandes

1986-yilda Kolumbiyaning Bogoto shahrida tug‘ilgan. 2010-yilda 24 yoshida, uning bo‘yi 70 santimetr, vazni 10 kilogramm bo‘lgan. U Ginnes rekordini qo‘lga kiritgan, keyinchalik esa bo‘yi 72,1 santimetrga yetgan.
Bugungi kunda Edvard o‘zining qat’iyatliligi bilan tanilgan, hamda Argentinadagi “Susana Himenes” nomli mashhur teleko‘rsatuvda ishtirok etgan.
Xe Pinpin

Xitoylik Xe Pinpin 1988-yil 13-iyulda tug‘ilib, 2010-yil 13-martda vafot etgan. 2007-yilda Ginnes kitobiga eng past bo‘yli odam sifatida kiritilgan. O‘sha vaqtda uning bo‘yi 74 santimetr, og‘irligi 7 kilogramm edi.
U tug‘ilganida qo‘lda bemalol panja ichiga sig‘adigan darajada kichkina bo‘lgan. Uning ham kasalligi osteogenezis edi. 2007-yilda Tokiodagi teleko‘rsatuvga taklif etilgach, mashhur bo‘lib ketgan.

2008-yilda u Britaniya hujjatli filmida ham ishtirok etgan. 2009-yilda u o‘sha paytdagi eng past bo‘yli odam — Bao Sishu bilan uchrashgan. Xe Pinpin 2010-yil mart oyida ko‘krak og‘rig‘i sababli kasalxonaga yotqizilgan va yurak muammolari tufayli 21 yoshida vafot etgan.
Izoh (0)