Mazkur multfilmlar hokimiyatni haqorat qilgani, epilepsiya va spirtli ichimliklarga qaramlikni keltirib chiqargani uchun ham ba’zi davlatlarda taqiqqa uchragan.
“Shrek 2” — Isroilda taqiqlangan
- AQSH, 2004 yil.
- Multfilm, fantastika, melodrama, komediya, sarguzasht, oilaviy.
- Davomiyligi: 1 soat 33 daqiqa.
- IMDb: 7,4.
Mashhur animatsion franshizaning ikkinchi qismida Shrek va Fiona to‘ylarini nishonlash uchun saroyga yo‘l olishadi. Ma’lum bo‘lishicha, qirol va qirolicha bu to‘ydan xursand emas. Shrek saroy fitnalariga aralashib qoladi va Etik kiygan mushuk bilan tanishadi.
Bu multfilm senzura tufayli emas, balki sud da’vosi sababli taqiqlangan. Isroillik dublyaj ustalari dialogga qo‘shiqchi David D’Or haqidagi hazilni kiritishadi. Uning baland ovozi ko‘pincha axta qilish haqidagi hazillarda masxara qilinardi. Xonanda g‘azablanib, kompaniyani sudga beradi. Oqibatda filmni kinoteatrlardan olib tashlashga majbur bo‘lishadi.
“Misr shahzodasi” — Misr, Malayziya va Maldiv orollarida taqiqlangan
- AQSH, Kanada, 1998 yil.
- Multfilm, myuzikl, fantastika, drama, sarguzasht, oilaviy.
- Davomiyligi: 1 soat 39 daqiqa.
- IMDb: 7,2.
Multfilm “Chiqish kitobi”ga asoslangan bo‘lib, unda Muso payg‘ambarning tug‘ilishidan to yahudiy xalqining Misrdan chiqib ketishigacha bo‘lgan voqealar hikoya qilinadi.
DreamWorks studiyasining 1998-yilda nima uchun Injilni ekranlashtiradi. Film darhol uchta musulmon mamlakatida taqiqlandi. Ijodkorlar iloji boricha Muqaddas Kitob matniga ehtiyotkorona yondashishga harakat qilgan bo‘lsalar-da, islomda payg‘ambarlarni, jumladan Musoni ham, vizual tasvirlash man etilganini hisobga olishmagan.
“Everest” — Vyetnam, Malayziya va Filippinda taqiqlangan
- AQSH, Xitoy, 2019-yil.
- Multfilm, fantastika, komediya, sarguzasht, oilaviy.
- Davomiyligi: 1 soat 37 daqiqa.
- IMDb: 7,0.
Shanxaydagi laboratoriyadan fan uchun noma’lum bo‘lgan maxluq qochib ketdi. Uni maktab o‘quvchisi Lu ko‘p qavatli uy tomidan topib oladi. U do‘stlari bilan birga maxluqni uyiga qaytarish uchun tog‘larga yo‘l oladi. Qahramonlarni g‘alati jonzotlar to‘plovchi ayyor kolleksioner va zoolog ta’qib qila boshlaydi.
Bu DreamWorks kompaniyasining Vyetnam, Malayziya va Filippinda namoyish etilishi taqiqlangan yana bir filmi. Buning sababi orqa fonda to‘qqiz nuqtali chiziqli xarita ko‘rsatilgan sahnaning mavjudligidir. Bu chiziq Xitoy atlaslariga Janubiy Xitoy dengizidagi orollarga bo‘lgan hududiy da’volarni ifodalash uchun qo‘shiladi.
Shu bilan birga, Vyetnam, Tayvan, Filippin, Bruney va Malayziya ham bu hududlarni o‘zlariniki deb da’vo qilib, bunday bo‘linishga qarshi chiqqan. Asosiy voqealar Shanxayda kechayotgan va bunday belgilash mamlakat uchun odatiy bo‘lsa-da, multfilm baribir senzuraga uchragan.
“Vinni Puxning ajoyib sarguzashtlari” — Xitoyda taqiqlangan
- AQSH, 1977-yil.
- Multfilm, myuzikl, komediya, oilaviy.
- Davomiyligi: 1 soat 14 daqiqa.
- IMDb reytingi: 7,5.
Britaniyalik yozuvchi Alan Aleksandr Miln asarlari asosida yaratilgan filmlar turkumida Vinni Pux ayiqchasi va uning do‘stlarining sarguzashtlari tasvirlanadi.
2017-yil iyulidan boshlab Xitoyda Vinni Puxning barcha tasvirlari senzuraga uchradi. Bunday siyosat o‘sha paytda Xitoy Kommunistik partiyasi bosh kotibi (hozir XXR raisi) Si Szinpinni multfilm qahramoniga o‘xshatgan memlarning tarqalishi bilan bog‘liq. Natijada Disney’ning ayiqcha haqidagi barcha multfilmlari taqiqqa uchradi.
“Pokemon. Elektron jangchi Porigon” — butun dunyoda taqiqlangan
- AQSH, 1997-2023 yillar.
- Anime, komediya, sarguzashtlar, fantastika.
- Davomiyligi: 25 mavsum.
- IMDb: 7,6.
Esh, Misti va Brok pokemonlarni virtual tarmoq orqali teleportatsiya qilish tizimi ishlamayotganini bilib qolishadi. R jamoasi Porigon nomli raqamli Pokemon prototipini o‘margani va undan sehrli mavjudotlarni o‘g‘irlash uchun foydalanayotgani ma’lum bo‘ladi. Qahramonlar Porigonni qutqarishga yo‘l olishadi.
Bu shov-shuvli multserial butun Yaponiyada epilepsiya epidemiyasiga sabab bo‘ladi. U efirga uzatilgandan so‘ng, ko‘rish qobiliyati xiralashishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi va ko‘ngil aynishidan aziyat chekkan 700 dan ortiq bola kasalxonalarga yotqiziladi.
Barchasi qizil va ko‘k ranglar juda tez almashib keladigan qisqa sahnaga borib taqaladi. Sog‘liq bilan bog‘liq shikoyatlardan so‘ng, serial zudlik bilan efirdan olib tashlanadi. Uni faqat Yaponiyada ko‘rishgan, biroq bu voqea butun dunyoga mashhur bo‘lib ketadi.
“O‘lim daftari” — Xitoyda, Rossiyada taqiqlangan
- Yaponiya, 2006-yil.
- Anime, fantastika, triller, drama, kriminal, detektiv.
- Davomiyligi: 1 mavsum.
- IMDb: 8,9.
Sotsiopat maktab o‘quvchisi Layt Yagami O‘lim daftarini topib oladi. Bu daftar sahifasiga ismi yozilgan har qanday odamni o‘ldirish imkonini beradi. Layt jamiyatni tozalash uchun faqat jinoyatchilar va g‘ayriijtimoiy shaxslarni yo‘q qilishga ahd qiladi. Tez orada hokimiyat vakillari jinoyatchilar orasida ommaviy o‘lim hodisalarini payqab qolishadi. Ishni tergov qilish tajribali detektiv L zimmasiga yuklanadi.
“O‘lim daftari” haqiqatan ham qora va shafqatsiz anime hisoblanadi. Xitoyda maktab o‘quvchilari orasida dushmanlari — sinfdoshlari, ota-onalari va o‘qituvchilarining ismlarini yozib boradigan daftarlar urf bo‘lib ketgach, serial namoyishi taqiqlanadi. Rossiyada esa serial bilan bog‘liq janjal o‘z joniga qasd qilgan 15 yoshli qizning uyidan manga kitoblari topilganda avj oladi. Sud kitoblarning voqeaga aloqasi yo‘qligini isbotlasa-da, yosh chegarasi qo‘yilmagan saytlarda anime ko‘rish taqiqlanadi.
“Tez yordam” — SSSRda taqiqlangan
- SSSR, 1949 yil.
- Multfilm, qisqa metrajli film.
- Davomiyligi: 10 daqiqa.
- IMDb: 6,0.
Multfilm 40-yillar oxirida SSSRda ommalashgan siyosiy satira janrida ishlangan. Mualliflar Marshall rejasi — AQSHning Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropaga ko‘rsatgan yordami dasturini kinoya qilishgan. Syujet kambag‘al quyonlar mamlakati haqida so‘zlaydi. Bir kuni ularning oldiga bo‘g‘ma ilon kelib, eski mo‘ynalar o‘rniga yangisini taklif etadi. U bo‘rilarni chaqiradi, ular hayvonlarning mo‘ynasini shilib olishadi va quyonlar oxir-oqibat hech narsasiz qolishadi.
Multfilmda sovet hokimiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishoralar bo‘lmasa-da, u baribir taqiqlangan. Ehtimol, senzorlar terisi shilingan quyonlar syujetida SSSRda quyonchilik rivojlanishiga kinoyani ilg‘ashgandir. Balki multfilmni bolalar auditoriyasi uchun juda shafqatsiz deb hisoblashgandir.
“Tez yordam” filmi rejissyori Lamis Bredis multiplikator darajasiga tushiriladi, ssenariy muallifi Aleksandr Medvedkin esa “Soyuzmultfilm”dan bo‘shatiladi. Ammo bu uning keyinchalik buyuk sovet rejissyoriga aylanishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Izoh (0)