Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi jangovar harakatlarni hozirgi front chizig‘ida to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda uchta manbaga tayanib Financial Times xabar berdi.

Putin aprel oyi boshida amerikalik hamkasbi Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashgan edi. U uchrashuv chog‘ida Ukrainaning bosib olingan to‘rt viloyatining Kiyev nazorati ostida qolayotgan qismlariga da’volaridan voz kechishi mumkinligini aytgan. Gap Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari haqida ketmoqda.
Buning evaziga Moskva Qrim anneksiyasining AQSH tomonidan tan olinishi va Rossiyaning bosib olingan qolgan hududlar ustidan amalda nazorat o‘rnatishiga umid qilmoqda. Biroq anonimlik sharti bilan gapirgan yevropalik amaldorlar ta’kidlashicha, Putinning tashabbusi taktika bo‘lishi mumkin. U orqali Kremlning boshqa talablarini Trampga o‘tkazish va ularni Ukrainaga tayyor qaror sifatida majburan qabul qildirish ko‘zlanmoqda.
Hozirda Kiyevga Tramp g‘alabani e’lon qilishi uchun ba’zi pozitsiyalardan voz kechish bo‘yicha katta bosim o‘tkazilmoqda, dedi Financial Times suhbatdoshlaridan biri.
Takliflar muhokamasi 23-aprelda, Ukraina, AQSH va Yevropa davlatlari vakillarining Londondagi uchrashuvida davom etadi. Biroq uchrashuvda Stiv Uitkoff ham, AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etmasligi mumkin.
Muzokaralarda AQSH nomidan Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog qatnashadi. Parijda bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvda AQSH bir qator takliflarni ilgari surgan. Oq uyning fikricha, ular kelajakdagi kelishuvga asos bo‘lishi mumkin. Yuqori lavozimli ukrainalik manbalar Kiyev rozilik bildirgan ayrim g‘oyalar ham mavjudligini ma’lum qildi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.
Bo‘lajak kelishuv doirasida muhokama qilinayotgan tashabbuslar orasida Yevropa tinchlikparvar kuchlarini Ukraina hududiga joylashtirish va NATOga kirmaydigan alohida harbiy kuchlar tomonidan 1000 kilometrdan ortiq uzunlikdagi butun front chizig‘i bo‘ylab otishkesimni monitoring qilish ham bor, deb yozadi FT.
Ushbu kuchlar Ukraina va Rossiya vakillari bilan hamkorlikda sulhga rioya etilishini ta’minlash uchun harakat qilishi kerak bo‘ladi. Ukraina bosib olingan hududlarni kuch bilan qaytarib olishga urinmaslik majburiyatini oladi, Rossiya esa harbiy harakatlarni to‘xtatadi.
Shunga qaramay, Moskva avvalroq AQSHning bir qator takliflarini, jumladan, Ukraina hududida NATOning har qanday kuchlarini joylashtirishni rad etgan edi. Bundan tashqari, Rossiya Kiyevni Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish istagidan voz kechishni talab qilmoqda.
Biz Amerika tomoni bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Ish murakkab va ko‘p vaqt talab qiladi, shuning uchun darhol natija kutish qiyin va uni omma oldida qilish mumkin emas, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 22-aprel kuni “Qrim bizning yerimiz. Bosib olingan hududlarning maqomi haqidagi har qanday munozaralar urushni faqat cho‘zadi” deb aytgandi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, anneksiyaning ehtimoliy tan olinishini “qo‘pol xato” deb atagan. U Vashingtonning Moskvaga nisbatan yetarlicha qat’iy bo‘lmagan pozitsiyasidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirgan.
Izoh (0)