22-aprel kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandga keldi. Uni O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov kutib oldi. Rossiyalik mulozim O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashdi.
Lavrovning kutilmaganda O‘zbekistonga safar qilgani sababini siyosiy tahlilchilar turlicha talqin qilmoqda. Ayrimlar bunga oy boshida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo—Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti tufayli ekanini, boshqalar esa Rossiyaning Afg‘onistondagi rejalariga bog‘liqligini aytyapti. “Daryo” ushbu mavzuda ekspertlarning fikrlari bilan qiziqdi.
G‘arbdan xavotir va siyosiy ishora
Rossiya tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarda, uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi masalalar hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2024-yil 26—28-may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida Moskva va Toshkent o‘rtasida imzolangan har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, taqdim etilgan rasmiy ma’lumotda qo‘shimcha 2 ta muhim masala tilga olingan. Ulardan biri — O‘zbekistonning Rossiya boshchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)dagi faoliyati va AES qurish masalasi. Ikkinchisi esa Afg‘oniston.
Rossiya TIV rahbari O‘zbekiston hukumati bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida, Rossiya G‘arbning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hukmronlik o‘rnatishga urinishlariga keskin qarshi ekanini ochiq bayon qildi.
“Biz hamkorlik jarayonlarini siyosiylashtirishga, u yoki bu guruh davlatlari tomonidan ushbu va boshqa geosiyosiy makonlarda hukmronlik o‘rnatishga urinishlar bilan bog‘liq mafkuraviy elementlarning kiritilishiga mutlaqo qarshimiz. Afsuski, ikkinchi turdagi urinishlar g‘arblik hamkasblarning yondashuvlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yevropa Ittifoqi a’zolari bu yerda ayniqsa ajralib turadi”, degan Lavrov.
Lavrovning bu ohangdagi gaplarini — Kremlning mintaqa davlatlariga yo‘llagan ogohlantiruvchi signali deb ta’riflash mumkin. Ayniqsa, rossiyalik mulozimning Samarqand shahridagi “Motamsaro ona” haykali poyida ko‘rsatgan siyosiy harakati — bunga ishoradir.

Moskva nega Afg‘onistonga qiziqib qoldi?
Ma’lumki, bir necha kun oldin Rossiya Oliy sudi Bosh prokuraturaning “Tolibon” faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirdi.
Bu bilan Rossiya “Tolibon”ni terrorchilik ro‘yxatidan chiqardi. Bundan tashqari, oxirgi kunlarda Kreml rasmiylarining Kobulga safarlari ancha ko‘payib qoldi.
Tabiiyki, savol tug‘iladi: nega Rossiya “Tolibon”ni terrorchilik ro‘yxatidan chiqardi? Rossiya bu bilan qanday maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin?
“Daryo” eksperti, siyosatshunos Muxtor Nazirov yuqoridagi savollarga quyidagicha javob berdi.
“Yevropa Ittifoqi va Xitoy hamon Markaziy Osiyo transport yo‘laklarini rivojlantirishda raqobat yoki hamkorlik qilayotganliklarini aniqlashga urinayotgan bo‘lsa-da, Rossiya Afg‘oniston bilan aloqalarni faol ravishda mustahkamlamoqda va bu ayni “Hindiston kaliti”ni olishga, ya’ni Hind okeaniga chiqishga intilmoqda. Bu rasmiy Moskva va Kobul o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishida namoyon bo‘lmoqda.
Hozirda Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyoning transport va energetika tizimlarini birlashtirishga qodir bo‘lgan Yevrosiyo infratuzilma markazlarining yangi heartland (“yuragi”)ga aylanmoqda va bu jarayon ortida turgan davlatlar mintaqaviy kun tartibiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
2025-yil 15-fevral kuni Afg‘oniston jamoat ishlari vaziri Muhammad Iso Sani Rossiyaning Kobuldagi elchisi Dmitriy Jirnov bilan uchrashuvda strategik ahamiyatga ega Salang magistralini rekonstruksiya qilish va 1958—1964-yillarda qurilgan, taxminan 4200 metr balandlikdagi Salang dovoni orqali janubiy va shimoliy hududlarni bog‘laydigan yangi yo‘l tunneli — “hayot yo‘li” qurilishi muhokama qildi.
Shuningdek, Rossiya uskunalari, qurilish texnikasi va materiallarini yetkazib berish masalasi ham ko‘rib chiqildi. “Tolibon” delegatsiyasi tashabbuslarni muhokama qilish uchun Rossiyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda”, deydi u.

Qayd etish kerakki, 2025-yil 8-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston transport vazirligi, shuningdek, “Rossiya temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va “O‘zbekiston temir yo‘llari” o‘rtasida Transafg‘on temiryo‘li loyihasini amaliy amalga oshirishni boshlash bo‘yicha hujjatlar imzolangan edi.
Unga ko‘ra, 2025-yilda Rossiyaning ixtisoslashgan loyiha tashkilotlari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari bo‘limlarini tayyorlashni, shu jumladan yuk tashish hajmlari va iqtisodiy samaradorlik prognozlarini aniqlashni taʼminlaydi.
Hozirda Transafg‘on magistralida 2 ta yo‘nalish belgilab olingan. Bular: Mozori Sharif—Hirot—Dilaram—Qandahor—Chaman va Termiz—Naibobod—Lo‘gar—Xarlachi.
Ushbu loyihalarni muhokama qilish bo‘yicha birinchi sessiya 2025-yil 15—16-may kunlari Qozon shahrida o‘tkaziladigan “Rossiya—Islom dunyosi” forumi doirasida bo‘lib o‘tishi reja qilingan.
Siyosatshunosning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Afg‘oniston orqali yo‘nalishlarni diversifikatsiyalashtirish tarafdori.
“Qozog‘iston va Turkmaniston ham Afg‘oniston orqali yo‘nalishlarni faol ilgari surmoqda. Qozog‘iston Turkmaniston va Afg‘oniston bilan hamkorlikda temiryo‘lning Afg‘oniston hududidagi “Turgundi—Hirot—Qandahor—Spin Buldak” uchastkalarini qurishda, materiallar va muhandislik yechimlari bilan ta’minlashda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan. Bu g‘arbiy yo‘nalish hisoblanadi.
2024-yilning iyul oyida ushbu yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston, Eron va Turkmaniston o‘rtasida, jumladan, Transafg‘on temiryo‘lining g‘arbiy tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangan edi. Ehtimol, barcha ishtirokchilar o‘z resurslarini bitta yo‘nalishda jamlashi mumkin. Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar sharqiy tarmog‘i faol ilgari surilganini hisobga olsak, endi tomonlar Hirot va Qandahor kabi viloyatlar hududi orqali g‘arbiy tarmoqqa moyil bo‘lishi mumkin.
Rossiya Markaziy Osiyoda transafg‘on loyihalari (transport va energetika) orqali o‘z ishtirokini mustahkamlamoqda, chunki mintaqa davlatlari Rossiyani Janubiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, potensial ravishda Yaqin Sharq va Sharqiy Afrika bilan bog‘laydigan strategik tranzit xabiga aylanishi mumkin”, deya ta’kidladi Muxtor Nazirov.
Siyosiy tahlilchi, Jahon iqtisodiyoti diplomatiyasi universiteti qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Nargiza Umarova “Daryo” jurnalisti bilan suhbatda, AQSH Rossiya uchun Afg‘onistonga kirish yo‘llarini ochib berayotganini, Rossiya esa faqat O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga kirishi mumkinligini aytdi.
“Rossiyaning Afg‘onistonda faollashuviga Amerika to‘sqinlik qilmaydimi? Hozir AQSH o‘ziga asosiy raqib sifatida — Xitoyni ko‘rmoqda. Chunki Rossiya nafaqat temiryo‘l qurmoqchi, balki Afg‘onistonga investitsiya kiritmoqchi. Xitoy Afg‘onistondagi mineral resurs konlarini deyarli egallab oldi. Rossiya Afg‘onistondagi iqtisodiy foyda keltiruvchi to‘liq Xitoy qo‘liga topshirishni istamaydi. O‘z navbatida Amerika ham.
E’tibor bersangiz, hozir AQSH Xitoyni barcha joydan siqib chiqarishga intilmoqda. Afg‘onistonda Amerika bilan Rossiya manfaatlari hamohang kelmoqda. Ayni shu omil tufayli Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning bu hududga kirishi uchun yo‘l ochib bermoqda. Rossiya esa O‘zbekistonsiz Afg‘onistonga kira olmaydi.
Bu bilan AQSH mintaqada Rossiyaning ta’sirini kuchaytirib yubormaydimi, degan savol tug‘iladi. Aslida, Amerika bu orqali Markaziy Osiyo davlatlarida kuchayib ketgan Xitoy ta’sirini qirqishni ko‘zlamoqda”, dedi Umarova.
Xulosa qilganda, Lavrovning O‘zbekistonga tashrifi 2 ta muhim omil yuzasidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Birinchisi — mintaqa mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvidan xavotir. Ikkinchisi — Afg‘oniston bilan bog‘liq istiqboldagi loyihalar.
Izoh (0)