AQSHning xalqaro savdo ishlari bo‘yicha federal sudiga 12 ta shtat prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan bojlarni bekor qilish uchun da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda NBC News telekanali xabar bermoqda.

Da’vo arizasining tashabbuskorlari Arizona shtati bosh prokurori Kris Meys va uning Oregondagi hamkasbi Den Reyfild bo‘lib, ikkalasi ham AQSH Demokratik partiyasidan.
“AQSHga kiritilayotgan har qanday mahsulotga ulkan va doimiy o‘zgarib turadigan bojlar joriy etish vakolatini da’vo qilib, u o‘zi qulay deb hisoblagan sababga ko‘ra favqulodda vaziyat e’lon qilishni tanlab, prezident konstitutsiyaviy tartibini ag‘dar-to‘ntar qildi va Amerika iqtisodiyotiga tartibsizlik kiritdi”, deyiladi da’vo arizasida.
Meys da’vo sabablarini tushuntirar ekan “Trampning aqldan ozgan tarif sxemasi nafaqat iqtisodiy jihatdan bebosh, balki noqonuniy” ekanini aytdi. Nyu York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeyms esa bojlar “inflyatsiya, ishsizlik va iqtisodiy zararning oshishiga olib kelishini” va importga yuqori soliqlarni aynan yakuniy iste’molchi to‘lashini qo‘shimcha qilgan.
“Letitsiya Jeyms kabi demokratlar yana o‘z saylovchilarining xavfsizligi va farovonligini himoya qilishdan ko‘ra, prezident Trampga qarshi jodugarlar ovini afzal ko‘rmoqdalar. Tramp ma’muriyati hozirda mamlakatimiz duch kelayotgan o‘ziga xos favqulodda vaziyatlarga, yildan-yilga o‘sib borayotgan savdo taqchilligiga qarshi turish uchun o‘zining to‘liq qonuniy vakolatlaridan foydalanishda davom etmoqda”, dedi Oq uy vakili Kush Desay.
Da’vogarlar Tramp tomonidan imzolangan bojlarni joriy etish yoki amaldagilarini oshirish to‘g‘risidagi to‘rtta farmonni keltirishmoqda. Har bir farmon AQSHning Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonuniga asoslanadi, u prezidentga e’lon qilingan favqulodda vaziyatlar doirasida Kongressning roziligisiz savdo to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolatini beradi.
“Prezident Tramp tomonidan ‘milliy miqyosdagi favqulodda vaziyat’, deb ta’riflangan taxminiy ‘g‘ayrioddiy va favqulodda tahdid’ aslida favqulodda vaziyat emas. Ular na favqulodda, na g‘ayrioddiy”, deyiladi da’vo arizasida.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, tegishli asoslarsiz Tramp ma’muriyati AQSH konstitutsiyasining 1-moddasida ko‘rsatilganidek, “Kongressning soliqlar, bojlar, yig‘imlar va aksizlarni belgilash va yig‘ish bo‘yicha vakolatlarini” buzmoqda.
Telekanalning qayd etishicha, da’vo Kongressning keng savdo vakolatlarini qonun chiqaruvchi hokimiyat qo‘liga qaytarish bo‘yicha ikki partiyaviy tashabbusi fonida berilgan. Qonun loyihasi hammualliflari AQSH Senati Moliya qo‘mitasi a’zolari, Vashingtondan demokrat Mariya Kantvell va Ayovadan respublikachi Chak Grassli bo‘ldi.
Hujjat qabul qilingan taqdirda prezidentga yangi tariflar joriy etilishidan 48 soat oldin Kongressni xabardor qilish majburiyatini yuklaydi.
Fevral oyida AQSHning 14 ta shtatidan demokrat prokurorlar va rasmiylar prezident Donald Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskni sudga bergandi.
Izoh (0)