Tramp ma’muriyatining savdo siyosati AQSH iqtisodiyoti o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, global investorlarning AQSHdan “sovishiga” sabab bo‘lyapti. Bu haqda Pictet Asset Management kompaniyasining multiaktiv strategi Arun Say CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

AQSH fond bozori uzoq vaqtdan beri oltin standart bo‘lib kelgan. FactSet ma’lumotlariga ko‘ra, S&P 500 so‘nggi 15 yil davomida Yevropa va Osiyodagi hamkasblarini ortda qoldirib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, S&P 500 — AQSHdagi Standard and Poor’s 500 ning qisqartmasi bo‘lib, 500 ta mahalliy kompaniyalarning aksiyalaridan iborat fond bozori indeksidir. Ko‘plab investorlar buni amerika fond bozorining eng yaxshi ko‘rsatkichi deb hisoblaydi.
Shunday bo‘lsa-da, S&P 500 bu yil 10 foizga pastlab ketdi. Bu esa 2022-yildan beri kuzatilgan eng yomon natijadir. O‘tgan yil davomida tayanch indeks 23 foizga ko‘tarilganidan beri investorlar vaziyat keskin tus olganini anglab yetdi.
Invesco kompaniyasi menejeri Alessio de Longisning so‘zlariga ko‘ra, Amerika e’tibordan tushib, sarmoya asosan chet elga ketayotganiga 3 ta sabab mavjud:
- Birinchidan, yanvar oyida DeepSeek’ning ChatGPT’ga o‘xshash arzon sun’iy intellekt modeli Silikon vodiysini hayratda qoldirdi va bu bilan AQSHning sun’iy intellektda to‘liq ustunligi haqidagi “cho‘pchak”ka nuqta qo‘yildi.
- Ikkinchidan, fevral oyida AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda sustkashlik qildi va Germaniyadagi mudofaa xarajatlarini rag‘batlantirdi. Natijada Yevropada iqtisodiy o‘sish va sarmoya kiritilishi yanada rivojlandi.
- Uchinchidan esa, Trampning mart va aprel oylaridagi savdo boji siyosati investorlarning boshqa bozorlar izlashiga turtki bo‘ldi.
Amerika xususiy sarmoyadorlar assotsiatsiyasining so‘nggi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi sakkiz hafta davomida respondentlarning 50 foizdan ortig‘i AQSH fond bozorida “kamnamo” bo‘lishni boshlagan.
Avvalroq oltin narxi dunyo bo‘yicha oshib borayotgani haqida xabar berilgan edi. Shu yilning o‘zida oltin narxi 25 foizga ko‘tarilib ketdi.
Shu bilan birga, joriy yilda AQSH dollari sezilarli darajada zaiflashdi, bu investorlarning AQSHga bo‘lgan ishonchi pasayganidan darak beradi. Dollarning oltita asosiy xorijiy valyutaga nisbatan kuchini o‘lchaydigan AQSH dollari indeksi yaqinda 2022-yildan beri eng yomon natijani qayd etdi. O‘tgan haftada yevro dollar bilan taqqoslaganda o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichini qayd etdi. Bu so‘nggi 3 yillikdagi rekord hisoblanadi.
AQSH aktivlari daromadliligi dollarning kuchini baholovchi omil ekanligini aytib o‘tgan edik. Taxmin qilishimizcha, agar bojlar AQSH firmalarining foyda me’yorlari va real daromadlariga ta’sir qilsa, bu ketishda dollar “sinadi”, deydi Goldman Sachs tahlilchilari.
Agar siz yevropalik sarmoyador bo‘lsangiz, AQSHga sarmoya kiritishdan oldin yetti o‘lchab bir kesishingizga to‘g‘ri keladi, deydi Pictet aktivlarni boshqarish bo‘yicha katta multiaktiv strategi Arun Say.
Izoh (0)