Tesla rahbari Ilon Mask AQSH hukumatidagi rolini “sezilarli darajada” qisqartiradi. Sababi uning elektromobil kompaniyasi yil boshidan beri foyda va sotuvda pasayish tempini qayd etdi.

Mask o‘tgan yildan beri yangi tashkil etilgan maslahat organi — Hukumat samaradorligi departamentiga (DOGE) rahbarlik qilib kelayotgan edi. Unga AQSHning xarajatlari va ish o‘rinlarini qisqartirish masalalari yuklangan.
Ammo Mask kelasi oydan boshlab bu vazifasiga kamroq vaqt, aniqrog‘i, haftasiga 1-2 kunini ajratishini aytib o‘tdi. Sababi uni odamlar Tesla’ni “tashlab qo‘yganlikda” ayblashmoqda.
Uning siyosatga aralashuvi butun dunyo bo‘ylab norozilik namoyishlari va Tesla avtomobillarining boykot qilinishiga sabab bo‘ldi.
Mask kabi vaqtinchalik davlat xizmatchilari odatda yiliga 130 kun ishlash bilan cheklanadi. Agar bu muddat prezident Donald Trampning inauguratsiyasi kunidan boshlab hisoblansa, u keyingi oyning oxirida tugaydi.
Ammo Trampning qayta saylanishiga chorak milliard dollardan ko‘proq hissa qo‘shgan Maskning qachon to‘liq iste’foga chiqishi noma’lum.
Tramp shu oy boshida Maskni “qo‘lidan kelguncha” uzoqroq olib qolishini aytgandi.
Texnologik magnat endi Tesla’ga ko‘proq vaqt ajratishini aytdi, ammo Tramp ma’muriyatidan butunlay ketmasligini ham bildirib o‘tdi. Sababi uning vazifasi juda muhim va prezident bu vazifani bajarishga undar ekan, Mask ham buni inkor etmasligini ta’kidladi.
Seshanba kuni Tesla yilning dastlabki uch oyida avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga, foyda esa 70 foizdan ko‘proqqa kamayganini ma’lum qildi.

Kompaniya investorlarni bu holat davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirib, o‘sish prognozi yo‘qligini hamda bunga davlatning “siyosiy kayfiyati” sabab bo‘layotganini yetkazdi.
Kompaniya aksiyalari seshanba kuni yopilgan bozor holatiga ko‘ra joriy yilda o‘z qiymatining qariyb 37 foizini yo‘qotdi.
Izoh (0)