Dunyo e’tibori Yaqin Sharq hamda Ukrainadan so‘ng Janubiy Osiyoga ko‘chdi. Mintaqada yangi va yanada dahshatliroq urush o‘chog‘i ochilishi mumkin. Gap mustaqillikka erishganidan buyon 4 marta katta urushni boshdan kechirgan eski dushmanlar — Pokiston hamda Hindiston haqida bormoqda.
Tomonlar 1947-yildan 1999-yilgacha bo’lgan davrda to‘rtta urush hamda yuzlab katta-kichik to‘qnashuvlarni boshdan kechirdi. Markazi Jammu va Kashmir hisoblangan janglarning aksariyatida Hindistonning qo‘li baland kelgan. Hozir mintaqaning 55 foizini Dehli, 35 foizini Islomobod nazorat qilmoqda. Qolgan 10 foizini esa 1962-yilgi urushda Xitoy bosib olgan. Biroq Pekin tasarrufidagi hududlarda aholi kam, asosan harbiy infratuzilma mavjud. Ammo chegaraning boshqa tomonida vaziyat ancha murakkab.
Kashmir vodiysi, Jammi mintaqasi hamda Ladakh hududining Hindiston nazoratidagi qismlarida 12 mln aholi istiqomat qiladi. ularning 70 foizga yaqini islom diniga e’tiqod qiluvchilardir. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 2019-yili Jammu va Kashmirni konstitutsiya darajasida belgilangan avtonomiya huquqidan mahrum qildi. Bu esa mahalliy aholida norozilikni kuchaytirib, tinch namoyishlardan qo‘poruvchilik harakatlariga qadar keltirib chiqardi.
Kim qudratliroq?
O‘zaro raqobat Dehli va Islomobodni qurollanish masalasiga jiddiy e'tibor qaratishga majbur qildi. Har ikki tomon yadroviy arsenalga ega bo‘lsa-da, konvensional vositalar ham diqqat markazidan chetda qolgani yo'q. Global Firepower ma’lumotlari asosida tayyorlangan quyidagi infografika orqali ularning harbiy salohiyati haqida umumiy tushunchalarga ega bo‘lish mumkin.
Hindiston
Mamlakat armiya, havo kuchlari, flot hamda yadroviy arsenalga mas’ul strategik qo‘mondonlik kabi tuzilmalardan iborat qurolli kuchlarga egalik qiladi. Uning tarkibida 1,4 million faol xizmatchi bo‘lib, Hindiston bu masalada faqat Xitoydan ortda qoladi.
Dehli uzoq yillar Sovet Ittifoqi, so‘ng esa Rossiya harbiy texnikalariga suyanib keldi. Uning qurolli kuchlarida 270 dan ortiq Su-30MKI hamda 60 ga yaqin MiG-29 qiruvchilari, Jami 3200 dan ziyod T-90S/SK va T-72 tanklari xizmat qilishini shu bilan izohlash mumkin. Qolaversa, mamlakat taxminan 2400 ta BMP-2 piyoda jangovar mashinalariga ham egalik qiladi. Bundan tashqari, ro‘yxatda 2018-yili sotib olingan S-400 havo mudofaa tizimlari ham bor. Shartnomaga muvofiq Rossiya beshta batareya yetkazib berishi lozim.

Moskva bilan hamkorlik harbiy-dengiz kuchlarini ham qamrab olgan. Mamlakat flotining yagona faol aviatashuvchisi INS Vikramaditya Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan bo‘lib, 1982-yili suvga tushirilgan. Dehli 2004-yili uni 2,34 milliard AQSH dollariga sotib oldi. Oradan yetti yil o‘tib modernizatsiyadan o‘tkazilgan kema hind dengizchilari bilan xizmat boshladi. U 26 tagacha MiG-29K va MiG-29KUB qiruvchilari, shuningdek 10 ga yaqin Ka-31, Ka-28 vertolyotlarini olib suzadi.

Talvar sinfidagi oltita fregat, Rajput oilasiga mansub beshta esminets, Kilo tasnifidagi 9 ta suvosti kemasi ham Sovet/Rossiya ildizlariga ega.
Biroq Dehli so‘nggi yillarda ta'minot markazlarini diversifikatsiya qilishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Fransiyadan sotib olingan 36 ta Rafale qiruvchilari shular jumlasidan. Stels xususiyatini inobatga olmaganda, u F-35 samolyotlari bilan tenglashadi. Hatto ba’zi jihatlarda ustun ham keladi.

Mamlakat mazkur qiruvchining Rafale M modifikatsiyasidan 26 ta sotib olib, hozir sinov bosqichida bo‘lgan INS Vikrant mahalliy aviatashuvchisida qo‘llamoqchi. Hindiston, bundan tashqari Tejas "yengil qiruvchi" samolyotlarini ham ishlab chiqarmoqda.

Armiya inventarida mavjud BMP-2 piyoda jangovar mashinalarini Qo‘shma Shtatlarning Stryker platformalari bilan almashtirish ko‘zda tutilgan. Hindistonni qurollantirishda Isroil ham muhim rol o‘ynamoqda. Ikki o‘rtadagi hamkorlik havo hujumidan mudofaa, uchuvchisiz uchish vositalari kabi tarmoqlarni o‘z ichiga oladi.
Ukraina urushi boshlangunga qadar Hindiston eng yirik qurol importchisi edi. Bu hindlarga nafaqat yirik masshtabda qurollanish, balki turli davlat harbiy texnologiyalarini o‘zlashtirish imkonini ham bermoqda. Boisi ularning salmoqli qismi Hindistonda yig‘iladi.
Pokiston
Alohida holatlarni inobatga olmasa, Pokiston qo‘shnisi bilan katta urushlaring deyarli barchasida mag‘lub bo‘lgan. Bangladesh mustaqilligi uchun 1973-yilgi urush eng og‘riqli xotiralardan biri. O‘shanda mojaroga Hindiston ham aralashib, 13 kun ichida Sharqiy Pokiston (Bangladesh) hududini to‘liq egalladi. Natijada 90 ming pokistonlik qurollarini topshirib, asir tushdi.

Pokistonning xorij bilan harbiy hamkorligi turli sikllar asosida rivojlandi. Mamlakat avvaliga G‘arb, xususan Qo‘shma Shtatlardan harbiy texnikalar xarid qildi. Sovetlar Afg‘onistonga bostirib kirgach, bu aloqalar yanada mustahkamlandi. Islomobod turli davrlarda 75-80 ta F-16 qiruvchilarini sotib oldi. Ular hozir Pokiston harbiy-havo kuchlarining yadrosini tashkil qiladi. 2019-yili pokistonlik uchuvchilardan biri Amerika samolyoti bilan hindlarning MiG-21 qiruvchisini urib tushirdi.

Ammo 1990-yili vaziyat o‘zgardi. Vashington yadroviy sinovlar sabab Islomobodga qurol-yarog‘ embargosi joriy qildi. Tabiiyki, bu mamlakatning Pekin bilan aloqalarini mustahkamladi.
Xitoy Pokistonning harbiy sohadagi muhim ittifoqchisi hisoblanadi. Tomonlar birgalikda JF-17 ko‘p maqsadli qiruvchisi, K-8 Karakorum o‘quv samolyoti, Al-Xalid jangovar tanki, Burraq dronlari, Hangor sinfidagi dizel suvosti kemalari va boshqa harbiy texnikalarni ishlab chiqqan.

Bundan tashqari, Pokiston o‘zining ittifoqchisidan J-10 qiruvchisi, VT-4, Type-85, Type-69 tanklari, A-100E, PHL-81 Azar yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari hamda HQ oilasiga mansub uch xil havo mudofaa tizimlarini sotib olgan. Ammo bularning ichida eng ko‘p muhokamalarni keltirib chiqargan qadam J-35 “beshinchi avlod” qiruvchilaridan 40 ta buyurtma berilishidir. Ular yaqin kelajakda Pokiston harbiy havo kuchlari inventaridan joy olishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, Hindistonni tashvishga solmoqda.

Shunga qaramay, Islomobod Xitoyga butunlay qaram deb aytib bo‘lmaydi. Mamlakat qurolli kuchlarida fransuzlarning Mirage III va Mirage V samolyotlari, Qo‘shma Shtatlarning M109 o‘ziyurar gaubitsalari hamda Ukrainadan sotib olingan T-80UD tanklari ham xizmat qilmoqda.

Gap flot masalasiga kelganda, bu ikkisining aktivlari o‘rtasidagi farq 2,6 nisbatga chiqadi. Ya'ni Hindiston harbiy dengiz kuchlari ham son, ham sifat jihatdan ancha ustunlikka ega. Hind flotida hujumkor missiyaga qaratilgan kemalar, jumladan aviatashuvchi mavjud. Pokistonlik dengizchilar esa asosan mudofaa amaliyotlariga o‘qitilgan.
PNS Tugril kemasi mamlakat harbiy dengiz kuchlarining bayroqdori hisoblanadi. U Xitoyda qurilgan bo‘lib, 2022-yildan buyon xizmat qilmoqda. Islomobod mazkur sinfdagi yana uchta kemani qabul qilib olgan. Bundan tashqari, Zulfiqor oilasiga mansub 4 ta korvet ham mamlakatning dengizdagi manfaatlarini himoya qilmoqda.

Bundan tashqari, Pokiston flotida Bobur, Yarmuk va Azmat sinfiga mansub 9 ta korvet xizmat qilmoqda. Ulardan yana uchtasi yaqin istiqbolda yetkazib beriladi.

Pokiston flotining qolgan aktivlari esa Fransiya hamda Italiyada ishlab chiqarilgan 8 ta suvosti kemasi, raketa katerlari hamda qo‘llab-quvvatlash kemalaridan iborat.
Urush yaqinmi?
Hindiston va Pokiston keng ko‘lamli harbiy mojaroga kirishsa, buning yakuni qanday bo‘lishi qorong‘i. Agar flotni inobatga olmasa, har ikki davlat qurolli kuchlari sifat jihatidan keskin farqlarga ega emas. Biroq Dehli harbiy harakatlar uchun ko‘proq resurs ajrata oladi. Qolaversa, 25 nafar fuqarosining o‘limiga olib kelgan teraktdan o‘z harakatlarini xalqaro hamjamiyat oldida olqash uchun foydalanishi mumkin.
Pokiston qurolli kuchlari esa anchayin qimmatli resurs hisoblangan tajribaga ega. Balujiston mintaqasidagi separatist kuchlar, “Tahriki Tolibon” va Afg‘oniston Toliboni bilan to‘qnashuvlar ularni jangovar holatda saqlashda muhim rol o‘ynab kelmoqda. Ammo boshqa tarafdan bu muammo ham tug‘dirishi mumkin. Armiya Hindiston bilan mashg‘ul vaqti buzg‘unchilar faollikni oshirishi, hatto bu orqali mamlakat yaxlitligiga raxna solishi mumkin.

Ammo Pokistonda buni istamaydigan kuchli ittifoqchi – Xitoy bor. Pekin va Islomobodni Hindistonga qarshi umumiy manfaatlar birlashtirib turadi. Qolaversa, xitoyliklar Pokiston bo‘ylab milliardlab dollarlik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda. Boisi mamlakat “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining muhim qismi hisoblanadi.
“Hozir urush davri emas”
2022-yili Samarqandda o‘tgan ShHT sammitida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Vladimir Putinni Ukraina masalasida ochiqcha tanqid qilib, “hozir urushlar davri emas”ligini aytgan va mojaroga diplomatik yechim topishga chaqirgandi.
Dehli va Islomobod so‘nggi yillarda ham bir necha bor turli darajadagi mojarolarga kirishib, harbiy konfrantatsiyaga bordi. Ammo xalqaro bosim va ommaviy qirg‘in qurollari oldidagi mas'uliyat har qachon ularni og‘ir-bosiqlikka undadi. Chunki istalgan uchqun domino effektini ishga tushirishi, oqibati bashorat qilib bo‘lmas jarayonlarga turtki berishi mumkin. Ayniqsa xalqaro munosabatlar strukturasi izdan chiqqan hozirgi geosiyosiy sharoitda.
Qolaversa, hozir na Hindiston, na Pokistonning iqtisodiy ahvoli havas qilarli emas. Ayniqsa Islomobod jiddiy muammolar girdobida turibdi. Bosh vazir Shahboz Sharif qarshisida energetik inqiroz, defoltga qarab borayotgan byudjetdan tortib, terrorchilik xurujlariga qadar hal qilinishi lozim bo‘lgan jiddiy muammolar mavjud. Shu bois mojaro keng ko‘lamli urushga aylanmasligi, nari borsa chegaraoldi to‘qnashuvlar bilan cheklanishi mumkin degan farazlar bor.
Ammo bu xotirjamlikka berilish uchun yetarli asos emas. Pokiston qishloq xo‘jaligi hamda gidroenergetika tizimining 80 foizi Indus daryosiga bog‘langan. Mamlakat bug‘doy, paxta va sholi hosilining 70 foizdan ortig‘ini aynan ushbu manba hisobidan yetishtiradi. Hindiston to‘g‘onni yopish bilan ancha keskin qadam tashladi. Agar suv oqimi tez orada tiklanmasa, uning o‘rniga qon oqishi mumkin, deb hisoblamoqda siyosiy tahlilchilar.
Izoh (0)