Osmonda yengil parvoz qilayotgan qushlarni ko‘rganimizda ularning tezligi haqida kamdan kam o‘ylaymiz. Ammo shunday qushlar borki, ular o‘zining shiddatli tezligi bilan hayratga soladi. Bunday qushlarning har biri tabiatning mo‘jizasidir. Quyida yer yuzidagi eng tezkor 5 ta qush bilan tanishtiramiz.
5-o‘rin: Meksika erkin dumli ko‘rshapalagi

Meksikaning erkin dumli ko‘rshapalagi gorizontal parvozda eng tez ucha oladigan sutemizuvchilar sirasiga kiradi. Uning aviatreker yordamida o‘lchangan tezligi soatiga 160 kilometrgacha yetgan. Shamol omilini hisobga olmagan taqdirda ham, bu hayratlanarli natija.
Bu turdagi ko‘rshapalak AQSH janubidan to Chili chegarasigacha bo‘lgan hududlarda uchraydi. Ayniqsa, g‘orlar va ko‘priklar tagida yashashni yoqtiradi. Texasdagi ko‘prik tagida yozda 1,5 milliontagacha bo‘lgan ko‘rshapalaklar uyumi to‘planadi, Breken g‘orida esa ularning soni 20 millionga yetishi mumkin.

Uning o‘lchami kichik: uzunligi 9 santimetr, og‘irligi esa 12 grammgacha. Ammo qanotlari uzun va ingichka. Yuzi ajinli, quloqlari esa deyarli boshining tepasigacha cho‘zilgan. Parvozda kapalak, chumoli va chigirtkalarni tutadi.
4-o‘rin: Miqqiy

Miqqiy — lochinsimonlar oilasiga mansub yirtqich qush. Gavdasining uzunligi 31-38 santimetr, vazni 180-240 gramm. Osiyo, Yevropa, Afrikada tarqalgan. Osiyo va Afrikaning tropik va subtropik hududlarida qishlaydi. O‘rta Osiyoda o‘troq yashaydi. Jarlar va qoyalardagi kovaklarga hamda daraxtlarga uya quradi.
Bu qush xuddi tirik o‘qdek. Yaltiroq, uzun va uchli qanotlari bilan miqqiy tezligi 160 kilometr/soatga yetadi. U hasharotlar, kapalaklar, mayda qushlar va hatto ko‘rshapalaklarni ushlaydi. O‘ljani changali bilan tutadi, keyin havoda uchib ketayotgan holda uni yeydi.

Qiziqarli fakt: ilgari bu qushni ov uchun o‘rgatishgan va miqqiy bu ishni katta lochinlar kabi mahorat bilan bajargan.
3-o‘rin: Oqbo‘yin jarqaldirg‘och

Uning tanasi go‘yo snaryadga o‘xshaydi: zich, cho‘zilgan, kuchli qanotlar va ignasimon dumga ega. Bejizga ingliz tilida uni “needle-tailed swift” deb atashmaydi. Gorizontal parvozda tezligi 169 kilometr/soatga yetishi mumkin. Yozda Sibir va Markaziy Osiyoda uchratish mumkin, qishda esa Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyo va Avstraliyaga uchib ketadi. Yevropada juda noyob. Angliyaga tasodifan kirib qolgan shunday qushlardan biri shamol turbinasiga urilib halok bo‘lgan. Devor yoki yerga tushishni yoqtirmaydi, parvozda uxlaydi, ov qiladi.
2-o‘rin: Burgut

Burgut erkin parvozda 120–160 kilometr/soat tezlikda uchadi. Ammo o‘ljaga sho‘ng‘igan paytida bu ko‘rsatkich 320 kilometr /soatgacha yetadi. Burgut Amerikada keng tarqalgan. Tog‘ va cho‘llarning odam yashamaydigan uzoq joylarida, qoyalar orasida, saksovulzorlarda uchraydi. Odatda bir-biriga yaqin 2-3 uyasi bo‘lib, bittasidan foydalanadi.
Burgut parrandalar (kaklik, dudoq), yumronqoziq, toshbaqa, quyon va boshqa hayvonlar bilan oziqlanadi. O‘rta Osiyoda burgutning yosh jo‘jasini qo‘lga o‘rgatishadi. Voyaga yetganida uni quyon, tulki va hatto bo‘ri oviga olib chiqishadi. Kemiruvchilarni qirib, qishloq xo‘jaligiga foyda keltiradi. Burgut O‘zbekiston va boshqa davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan.
Uning qanotlari yoyilganda 2,3 metrgacha yetadi, og‘irligi o‘rtacha 7,7 kilogramm. Urg‘ochilari erkaklariga qaraganda kattaroq bo‘ladi.
1-o‘rin: Sapsan

Sapsan yirtqich qushlar turkumining lochinsimonlar oilasiga mansub, Antarktidadan tashqari barcha qitʼalarda keng tarqalgan. Yelkasi, boshi to‘q qoramtir, tanasining ostki qismi oq. Uning tezligi 389 kilometr/soatgacha yetadi. Sapsan sayyoradagi eng tez mavjudot hisoblanadi. Bu hayvonot dunyosida qayd etilgan mutlaq rekord.
O‘zbekistonda qushlar uchib o‘tish davrida va qishlab qolganda uchraydi. Uyasini qoyalarga, qarg‘alarning eski uyalariga quradi. Asosan, qushlar (kaptar, balchiqchi, o‘rdak, baliqchi, qarg‘a, chug‘urchuq, to‘rg‘ay va boshqalar)ni ovlaydi. Aeroport, bog‘ va uzumzorlarni qushlardan qo‘riqlashda foydalaniladi.

XX asr o‘rtalarida soni kamayib ketgani tufayli AQSH, Kanada, Germaniya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda sapsanni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yildi. Tabiatda kamyob tur maqomi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga va “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risida”gi konvensiya (CITES)ning II ilovasiga kiritilgan.
Qiziqarli fakt: shahar sharoitida sapsanlar baland binolar va ko‘priklarda uya quradi, ov sifatida esa kaptar va o‘rdaklarni tanlaydi. Buni shunchalik ustalik bilan bajaradiki, hattoki ornitologlar (qushshunoslar) ham ba’zida ularni osmonda ko‘rmay qolishadi. Ustunlar ustida yoki osmono‘par binolarning chetida polaponlar boqish odati qadimda qoyali jarliklarda yashagan davrlardan qolgan.
Izoh (0)