Marhum Rim papasi Fransisk 20-aprel Pasxa kuni Pyotr maydonida nutq so‘zladi. Nutqida unga yordam berganlarga minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Bu uning so‘nggi nutqi bo‘ldi. Bu haqida Vatican News xabar berdi.

Qayd etilishicha, Fransisk umrining so‘nggi kunida yordamchisi Massimiliano Strappettidan Pyotr maydoniga yig‘ilgan dindorlar bilan uchrashtirishini so‘ragan. U mashinada turib olomon bilan salomlashmoqchi bo‘lgan.
Maydonda nutq so‘zlagan Papaning yakshanba kuni kechqurun tobi qochib qoldi. Taxminan, bir soat o‘tgach komaga tushdi.
Fransisk yordamchilariga “Meni maydonga olib kelganingiz uchun rahmat”, degan
Ular, o‘z navbatida, pontifikning so‘nggi daqiqalarda azoblanmaganini xabar qilishdi.
Avvalroq Vatikan Fransiskning dafn marosimi 26-aprel, shanba kuni Santa Mariya Majora bazilikasida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingandi.
23-aprel kuni pontifikning jasadi jamoatchilik bilan vidolashuv uchun Pyotr soboriga qo‘yiladi. Bu uch kun davom etadi. Dafn marosimi esa 26-aprel kuni boshlanadi. Marosimni Kardinallar kolleji dekani Jovanni Battista Re olib boradi. Unda butun dunyodan patriarxlar, kardinallar, arxiyepiskoplar, yepiskoplar va ruhoniylar ishtirok etadi.
Reuters xabariga ko‘ra, marosimda AQSH prezidenti Donald Tramp rafiqasi Melaniya bilan, Argentina prezidenti Xavyer Mayli va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ishtirok etadi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning tashrifi ham kutilmoqda, deb yozadi agentlik uning ofisidagi manbalarga tayanib.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rim papasining dafn marosimida qatnashishni rejalashtirmayapti. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, marosimda Rossiya Federatsiyasi nomidan kim ishtirok etishi hali hal qilinmagan.
14-fevraldan 23-martgacha Fransisk kasalxonada bo‘lgan, unga ikkilamchi pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Papaning ahvoli og‘ir bo‘lib, unga qon quyishga to‘g‘ri kelgan. Fevral oyi oxirida pontifik sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
Izoh (0)