Demokrat kongressmenlar AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish evaziga bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bitimlar tuzgan yuridik firmalardan ehtimoliy poraxo‘rlik va tovlamachilikni aniqlash maqsadida bitimlar haqidagi ma’lumotlarni so‘ragan. Bu haqda ABC telekanali xabar bermoqda.

Ilgari Tramp bir qator yuridik firmalar bilan ma’muriyatga bepul xizmatlar ko‘rsatish evaziga ularga nisbatan cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida kelishuvlar tuzgan edi. Aslida mazkur firmalar Tramp siyosatiga qarshi sud jarayonlarida ishtirok etganligi sababli sanksiyalarga duchor bo‘lgan.
Prezident maxsus farmonlar bilan firmalarni davlat shartnomalaridan mahrum etib, ularning advokatlariga hukumat binolariga kirishni taqiqlagan. Oqibatda, bir nechta firma ma’muriyatga taxminan 1 milliard dollar qiymatidagi bepul xizmatlar ko‘rsatishga rozi bo‘lgan.
Ma’lumotga ko‘ra, demokratlar Tramp ma’muriyati bilan kelishuv tuzgan to‘qqizta yuridik firmaga xat yo‘llagan. Xatda ushbu bitimlar poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik yoki reket to‘g‘risidagi federal qonunlarni buzish-buzmasligi so‘ralgan.
So‘rovlar Kirkland & Ellis LLP, Latham & Watkins LLP, Allen Overy Shearman Sterling LLP, Simpson Thacher & Bartlett LLP, Skadden, Arps, Slate, Meagher & Flom LLP, Willkie Farr & Gallagher LLP, Paul, Weiss, Rifkind, Wharton & Garrison LLP, Cadwalader, Wickersham & Taft LLP va Milbank LLP firmalariga yuborilgan.
“Bunday turdagi kelishuvlar hokimiyatni suiiste’mol qilishga rozilik berish ma’nosini anglatadi va firmangiz mijozlarning manfaatlarini qanday himoya qilishi yoki prezident Trampga zid deb baholanishi mumkin bo‘lgan masalalar bilan qanday shug‘ullanishi haqida o‘ylashga majbur qiladi”, deyiladi so‘rovda.
Kongressmenlar firmalardan bitimlarni tuzishdagi sabablarni, shuningdek, har bir bitimning axloqiy me’yorlarga muvofiqligi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni talab qilishgan.
Izoh (0)