Daryo

2025-yil qanday esda qoldi? Dunyodagi eng muhim voqealarga nazar

Donald Trampning prezidentlikka qaytishi, AQSHning yangi, qat’iy tarif siyosati, yong‘inlar qamrab olgan Yaqin Sharq, Rossiya-Ukraina mojarosining kuchayishi, Janubiy Koreya prezidentining impichmenti, Papa Fransiskning vafoti, misli ko‘rilmagan tabiiy ofatlar — yakunlangan 2025-yildagi shu va boshqa tarixiy voqealar “Daryo” sarhisobida.

18 daqiqa o‘qish10 199 ko‘rishlar0 izoh5

Donald Trampning prezidentlikka qaytishi, AQSHning yangi qat’iy tarif siyosati, yong‘inlar bilan qamrab olingan Yaqin Sharq, Rossiya-Ukraina mojarosining kuchayishi, Janubiy Koreya prezidentining impichmenti, Papa Frantsiskning vafoti, misli ko‘rilmagan tabiiy ofatlar… Yakunlangan 2025-yil shu va boshqa tarixiy voqealarga boy bo‘ldi.

“Daryo” o‘tgan yil davomida yuz bergan voqealarni esga oladi.

Foto: AP
  • Donald Trampning prezidentlikka qaytishi

2025-yil 20-yanvarda Donald Tramp AQSHning 47-prezidenti sifatida ikkinchi marta rasman lavozimga kirishdi. Tramp o‘z inauguratsiya nutqida “Amerikaning oltin davri” boshlanayotganini e’lon qildi. Avvalgi hukumatni tanqid qilib, inflyatsiyani yengishni, “so‘z erkinligini qayta tiklashni” va “tinchlik o‘rnatuvchi hamda birlashtiruvchi meros” qoldirishni va’da qildi. Lavozimiga kirishgan birinchi kuniyoq u Kapitoliyga hujum qilgan ishtirokchilarni afv etdi, AQSHning JSSTdan chiqishi va Parij bitimini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Shuningdek, Meksika bilan chegarada favqulodda holat e’lon qildi. Bundan tashqari boshqa davlatlarga ko‘rsatiladigan barcha yordam dasturlarini 90 kunga to‘xtatdi.

Bundan tashqari, Tramp farmon orqali Davlat boshqaruvi samaradorligi departamentini (DOGE) tashkil etdi. Uning amaliy rahbari, texnologiya sohasidagi milliarder Ilon Mask bu departamentni “byurokratiyaga qarshi arra” deb ta’rifladi. Mart oyiga kelib, DOGE 260 000 nafar federal xodimni ishdan bo‘shatdi. AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning tugatilishi hamda Ta’lim vazirligi, Milliy sog‘liqni saqlash institutlari va boshqa idoralar moliyasi keskin kamaytirilishi yilning eng ko‘zga ko‘ringan qisqartirishlardan bo‘ldi.

Tramp 14-mart kuni AQSH hukumatining Global ommaviy axborot vositalari agentligi (USAGM) va boshqa hukumat tuzilmalari faoliyatini sezilarli darajada qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmon bilan “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” faoliyati to‘xtatildi.Qisqa qilib aytganda 2025-yil davomida Donald Tramp nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki butun dunyo siyosatining eng ko‘p muhokama qilingan arbobiga aylandi.
Foto: AP
  • Kaliforniya va o‘rmon yong‘inlari

Yanvar oyida Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Falokat Los Anjelesdagi mingta bino hududlarini, jumladan, Pasifik Paliseyds, Altadena va Malibu shaharlarini qamrab oldi. Keyinchalik yong‘in Iton, Xerst va boshqa hududlarga ham tarqaldi. Oqibatda Entoni Xopkins, Adam Brodi, Peris Xilton, Mendi Mur va boshqa mashhurlar o‘z uylari va mulklaridan ayrildilar.

Yong‘inlar jami 40 ming akrdan ortiq (16 ming gektardan ortiq) maydonni qamrab olgan. Halokat oqibatida 27 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 16 kishi bedarak yo‘qolgan hamda taxminan 150 ming aholi evakuatsiya qilindi.

JPMorgan banki tahlilchilarining dastlabki hisob-kitoblariga tayanib, sug‘urta kompaniyalarining yong‘in tufayli yo‘qotishlari 20 milliard dollarga, umumiy zarar esa 50 milliard dollarga yetishi mumkin.

Jamoat tashkilotlari, shu jumladan, Demokratik partiya bilan bog‘liq tashkilotlar yong‘inlardan jabrlangan yoki mol-mulkidan ayrilganlar uchun mablag‘ yig‘ishni e’lon qildi. Ushbu tashabbus doirasida 30-yanvar kuni Kaliforniyada xonandalar Billi Aylish, Ledi Gaga, Keti Perri va boshqa mashhur ijrochilar ishtirokida xayriya konserti o‘tkazildi. Taxminan 100 million dollar yig‘ilgan, biroq Fox News telekanalining xabar berishicha, mablag‘lar keyinchalik jabrlanganlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri berilmay, bir qator nodavlat tashkilotlar o‘rtasida taqsimlangan.

Foto: AP
  • Zelenskiy va Trampning Oq uydagi janjali

28-fevral kuni Ukraina va AQSH prezidentlari Vladimir Zelenskiy hamda Donald Tramp Oq uyda uchrashdi. Oval kabinetdagi uchrashuvi ommaviy bahs-munozara bilan yakunlandi.

Bunga Ukraina rahbarining Kiyev o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor emasligi va Vashingtondan xavfsizlik kafolatiga muhtoj ekanini aytgani sabab bo‘lgan. Bunga javoban Tramp Zelenskiyga AQSHga yetarlicha “hurmat ko‘rsatmayotganini” va “Amerika o‘zini qanday tutishi bo‘yicha ko‘rsatma berishga haqqi yo‘qligini” aytgan. Kutilmagan janjal sababli Ukraina delegatsiyasi Oq uyni muddatidan oldin tark etdi.

Keskin muzokaralardan so‘ng AQSH prezidenti Zelenskiy “tinchlikka tayyor emasligini” bildirdi. Ukraina yetakchisi esa Oq uyda bo‘lgan dahanaki jang “har ikki tomon uchun ham yomon bo‘lganini” aytdi.

Zelenskiy va Trampning Oq uydagi munozarasiga dunyodagi siyosatchilar turlicha munosabat bildirdi. Yevropaning bir qator rahbarlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, amerikalik siyosatchilar Trampning harakatlarini yoqlagan. Kanada, Chexiya, Latviya va Litva ham Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlar berdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer esa Britaniya bosh vaziri Tramp bilan telefon orqali suhbatda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images
  • Hibsga olingan Istanbul meri, Turkiyada namoyishlar

19-mart kuni Istanbul shahri meri, muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi vakili Akrom Imomo‘g‘li qo‘lga olindi. Buning ortidan Turkiya shaharlarida namoyishlar avj oldi. 22—mart kuni namoyishlarga chiqqanlarning ming nafardan ortig‘i qo‘lga olindi. Erdo‘g‘on Istanbul meri hibsga olinishi sababli bo‘layotgan namoyishlarni ko‘cha terrori deb atadi. Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishiga qarshi aksiyalarga taqiqlar joriy etildi.

Bundan tashqari, Istanbul universiteti Imomo‘g‘lining 1990-yilda Kipr shimolidagi xususiy universitetdan uning biznes boshqaruvi fakultetiga o‘tishida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni sabab qilib ko‘rsatib, diplomini bekor qildi.

23-mart kuni, sud korrupsiyada gumonlanayotgan Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Imomo‘g‘li bilan birga shahar hokimligining bir qator yuqori lavozimli amaldorlari ham qamoqqa olingan, jami 90 dan ortiq kishi sud jarayoniga jalb qilingan.Sakkiz oylik tergovdan so‘ng prokuror Akin Gyurlek gumonlanuvchilar, jumladan 105 nafar hibsdagilar, pora olish, berish va pul yuvish bilan shug‘ullangan ulkan jinoiy uyushma tuzganini aytdi. Davlatga yetkazilgan zarar miqdori 160 milliard lira (taxminan 3,8 milliard dollar) etib baholandi.2028-yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qoʻymoqchi boʻlgan Imomo‘g‘li 12 ta poraxo‘rlik, 7 ta jinoiy daromadlarni legallashtirish va yana 7 ta davlat muassasalari va tashkilotlariga nisbatan firibgarlik ishi bo‘yicha ayblangan.Anadolu axborot agentligining baholashicha, ayblovlar 2430 yillik qamoq jazosini nazarda tutadi.
Foto: Getty Images
  • Myanmada yuz bergan zilzila

28-mart kuni Myanma va qo‘shni Tailandda 7,7 va 6,4 magnitudali ikkita kuchli zilzila yuz berdi. Zilzila yirik shaharlarda, jumladan, favqulodda holat rejimi joriy etilgan va aeroportlar faoliyati to‘xtatilgan Bangkokda ham sezilgan. Mandalay va Sikayn shaharlari orasidagi Iravadi daryosi ustidagi ko‘prik qulab tushgan, tarixiy binolar, jumladan, Chauktoji pagodasi va XIX asrga oid Mandalay saroyi devorlari shikastlangan. Tailand poytaxtida qurilayotgan 30 qavatli osmono‘par bino qulab tushib, 43 kishi vayronalar ostida qoldi.

Seysmologlarga ko‘ra, bu 1946-yildan beri mamlakatda sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila hisoblanadi. Uning episentri Myanmaning ikkinchi yirik shahri Mandalay g‘arbida bo‘lgan. Silkinish to‘lqinlari poytaxt Neypido va boshqa yirik shaharlarda ham sezilgan.

Zilzila oqibatida Myanmada kamida 5300 kishi, Tailandda 36 kishi halok bo‘ldi, 7 mingdan ortiq odam turli darajadagi tan jarohati oldi.

Foto: Reuters
  • Donald Trampning tarif urushlari

2-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp xorijdan olib kiriladigan barcha tovarlarga bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Shu kuni Oq uy rahbari bojxona to‘lovlari joriy etiladigan 185 davlat ro‘yxatini keltirdi. Bazaviy tarif 10 foizni tashkil etadi, O‘zbekiston tovarlariga ham shuncha miqdorda boj solinmoqda. Biroq ko‘plab davlatlar uchun tariflar yuqoriroq bo‘lib chiqdi.

Xususan, Xitoydan keladigan tovarlarga bojlar 34 foizni, Yevropa ittifoqi mamlakatlaridan 20 foizni, Shveysariyadan 31 foizni, Isroildan 17 foizni, Qozog‘istondan 27 foizni tashkil etadi. Vyetnam (46 foiz), Kambodja (49 foiz), Laos (48 foiz) eng yuqori tariflarga ega bo‘ldi.

Ro‘yxatda Rossiya tilga olinmagan, Meksika, Eron, Kanada va Belarus ham yo‘q. Vashington Ukraina tovarlariga nisbatan 10 foizlik savdo bojini joriy etishga qaror qildi.Tramp 2-aprelni Amerikaning “Ozodlik kuni” deb e’tirof etdi. Trampning bu qarori jahon yetakchilarining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi va javob tariqasida boj to‘lovlari to‘lqinini keltirib chiqardi. Keyinchalik Amerika rahbari ayrim mamlakatlarga nisbatan tarif stavkasini o‘zgartirdi.

“Biz Amerikani yana buyuk va boy mamlakatga aylantiramiz. Yurtimizni 50 yildan ortiq vaqt mobaynida talashdi. Endi bunday bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi Tramp.

​Dekabr oyida mamlakatning bojxona-chegara xizmati yuqori import bojlari joriy etilishi natijasida AQSH 200 milliard dollar mablag‘ yig‘ganini ma’lum qildi.

Foto: Kollaj: “Daryo”
  • Hindiston va Pokiston mo‘jarosi

22-aprel kuni Jammu va Kashmirda terrorchilik hujumi sodir bo‘ldi. Oqibatda 26 kishi halok bo‘ldi. Ushbu hujum uchun mas’uliyatni Pokistonda joylashgan “Lashkari Tayba” radikal guruhining diversiya qanoti hisoblangan “Qarshilik fronti” guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Pokistonni “chegaradan tashqari terrorizm”ni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Hindiston hukumati Islomoboddagi o‘z elchixonasi xodimlarini qisqartirdi, Pokistonning Hindistondagi diplomatik vakolatxonasining harbiy maslahatchilarini persona non grata deb e’lon qildi. Suv resurslaridan foydalanish huquqini belgilovchi 1960-yilgi Hind suvlari to‘g‘risidagi shartnoma amal qilishini to‘xtatdi. Islomobod “Qarshilik fronti” jangarilariga aloqadorlikni rad etib, Hindiston uchun o‘z havo hududini yopdi va Hindiston elchixonasining harbiy attashelarini mamlakat tashqarisiga chiqarib yuborishini e’lon qildi.

7-mayga o‘tar kechasi Hindiston qurolli kuchlari “Sindur” operatsiyasini o‘tkazib, “Pokistondagi terrorchilik infratuzilmasi”ga va uning nazoratidagi Kashmir hududiga zarbalar berdi. To‘qqizta obyekt hujumga uchradi. Pokiston bunga javoban qarshi hujumlar uyushtirdi. Har ikki tomondan halok bo‘lganlar soni o‘nlab kishini tashkil etdi.

Hindiston hukumati bu qadamlarni “Hindistonning chegaradan tashqari terrorizmga qarshi maqsadli va o‘ylangan javobi” deb baholadi. Pokiston esa Hindistonning harakatlarini o‘z suverenitetini “qo‘pol ravishda buzish” deb baholab, BMT nizomining 51-moddasiga muvofiq, o‘zini himoya qilish maqsadida “istalgan vaqtda, istalgan joyda va o‘z tanloviga ko‘ra istalgan usulda” javob qaytarish huquqini saqlab qolishini ma’lum qildi. 10-may kuni AQSH vositachiligida mamlakatlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: AP
  • Yangi Rim papasi saylandi

Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. 26-aprel kuni pontifik Rimdagi Santa-Mariya-Majore cherkoviga dafn etildi. Dafn marosimida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar, shu jumladan, o‘nlab davlat rahbarlari ishtirok etgan. Jumladan, AQSH prezidenti Donald Tramp, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari — Argentina prezidenti Xavyer Miley va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva hamda boshqa ko‘plab yuqori martabali shaxslar qatnashdi.

8-may kuni Amerikalik kardinal 69 yoshli Robert Prevo yangi Rim papasi etib saylandi. U o‘ziga Lev XIV ismini tanlagan. Robert Prevo Illinoys shtatining Chikago shahrida tug‘ilgan, biroq xizmatining ko‘p qismini Peruda missioner sifatida o‘tkazgan va yaqinda Vatikandagi vazirlik vazifasini bajaruvchi dikasteriyaga rahbarlik qilgan.

Rim papasi lavozimiga AQSH, Italiya, Shri Lanka va Afrika mamlakatlaridan oltita asosiy nomzod ko‘rib chiqilgan.

Foto: Kollaj

  • Hindistonda 242 kishini olib ketayotgan yo‘lovchi samolyot halokati

12-iyun kuni Hindistondan Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan Boeing 787 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti Ahmadobod shahri yaqinida uchib ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib halokatga uchradi. Layner shifokorlar yotoqxonasiga qulab tushgan. Samolyotning dum qismi bo‘laklari turar joy binolari ustiga tushgan, natijada ulardan birining devorlari qurum bilan qoplangan, boshqa binoning tomi esa yonib ketgan.

Faqat bitta yo‘lovchi omon qolgan. Keyinchalik erkakning aytishicha, samolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng “go‘yo havoda to‘xtab qolgandek bo‘lgan”, so‘ngra tibbiyot kolleji yotoqxonasiga qulab tushgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qutqaruvchilar tomonidan topilgan aviahalokat qurbonlarining umumiy soni 275 kishini tashkil etdi. Samolyot bortida jami 169 nafar Hindiston fuqarosi, 53 nafar britaniyalik, 7 nafar portugaliyalik va bir nafar kanadalik bo‘lgan.

Iyul oyida Hindiston aviatsiya halokatlarini tekshirish byurosining dastlabki tergov hisobotini e`lon qildi. Unga ko‘ra, Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti uchib ko‘tarilgandan so‘ng dvigatellarga yoqilg‘i uzatilishi to‘xtatilishi oqibatida halokatga uchragan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ahmadobodda yuz bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga taʼziya maktubi yo‘lladi.

Ushbu falokatli hodisa o‘n yillikning eng yirik aviatsiya halokatlaridan biri hisoblanib, xalqaro e’tiborni tortdi va jahon aviatsiya sanoatini xavfsizlik choralari hamda favqulodda vaziyatlarga javob berish tartib-qoidalarini qayta ko‘rib chiqishga undadi.
Foto: AP
  • Eron va Isroilning 12 kunlik urushi

13-iyun kechasi Isroil Eronni maxfiy harbiy-yadroviy dasturni amalga oshirishda ayblab, unga qarshi operatsiya boshladi. Havo hujumlari va diversiya guruhlarining reydlari nishonlari atom obyektlari, generallar, mashhur yadro fiziklari, aviabazalar, havo hujumidan mudofaa vositalari, “yer-yer” raketalari bo‘ldi.

Eron o‘z atom loyihasining harbiy maqsadlarga yo‘naltirilganini rad etdi. MAGATE bosh direktori Rafael Grossi 18-iyun kuni ma’lum qilishicha, agentlik inspektorlari Eronning yadro quroli yaratish dasturini amalga oshirayotgani haqida aniq dalillarni ko‘rmagan. AQSH razvedka hamjamiyati prezident Donald Tramp va Isroil bayonotlariga qarama-qarshi o‘laroq, Eron yadro qurolini yaratishga intilmagan, deb hisobladi.

Eron Isroilning harakatlariga raketa zarbalari va hujumchi uchuvchisiz apparatlar bilan javob qaytardi, harbiy obyektlarga zarba berayotganini ta’kidladi. Har ikki tomondan ham turar joy binolariga zarar yetkazish va tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib bordi.
Foto: AP

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 220 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, kamida 2,8 ming kishi jarohatlangan. Shu bilan birga, Eronning Rossiyadagi elchisi Kazem Jaloli 300 ga yaqin tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Isroilda Eron zarbalari oqibatida 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgani, 1,2 mingdan ortiq kishi yaralangani aytildi.

Isroil va Eron kuniga bir necha marta o‘zaro zarbalar berdi. Isroil hukumati Eron yadro dasturi yo‘q qilinmaguncha kampaniyani davom ettirish bilan po‘pisa qildi. Tehron esa, o‘z navbatida, Isroil bombardimonni to‘xtatmaguncha o‘qqa tutishni davom ettirishini bildirdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Isroil bilan 12 kunlik urush davomida ko‘rilgan zarar “jiddiy” ekanini bildirdi.
Foto: AP

AQSH 22-iyunga o‘tar kechasi Erondagi uchta yadroviy obyektga zarba berdi. Soat 2:30 atrofida Amerikaning B-2 samolyotlari tog‘ ichida joylashgan Fordodagi uranni boyitish markaziga hujum qilib, unga kamida o‘nlab 13 tonnalik GBU-57 bunkerga qarshi bombalarini tashladi.

Bir vaqtning o‘zida suvosti kemalari Natanz va Isfahondagi obyektlarga 30 ga yaqin Tomahawk qanotli raketalarini uchirdi. Tramp nishonlar “to‘liq yo‘q qilinganini” e’lon qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Biroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mazkur ma’lumotni rad etdi. Biroq 24-iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirganini e’lon qilindi.

Foto: AP
  • Alyaskadagi sammit: ikki soatdan ortiq davom etgan Putin va Tramp muzokaralari

15-avgust kuni Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida Tramp va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi Rossiya—Ukraina mojarosini tugatish masalasi bo‘ldi. Vazirlar ishtirokidagi “uchga uch” formatidagi uchrashuv 2 soat 45 daqiqa davom etdi.

Putin muzokaralarni samarali, Qo‘shma Shtatlarni esa mehribon “qo‘shni” deb atagan. U yana “Ukraina inqirozining asl sabablari” va “mojaroni tugatish uchun ularni bartaraf etish zarurligi” haqida gapirdi.

O‘z navbatida, Tramp tomonlar “to‘liq kelishuvga erisha olmagani va hozircha bitim yo‘qligini” ta’kidladi. Shu bilan birga, Oq uy rahbari uchrashuvni “juda samarali” deb baholab, Vashington va Moskva Ukrainadagi urush bo‘yicha ko‘plab masalalarda kelishib olishga erishganini qayd etdi.

Ushbu uchrashuvdan so‘ng taraflar bir necha marotaba telefon orqali suhbatlashdi. Ommaviy axborot vositalari ularning yana yuzma-yuz uchrashuvi o‘tkazilishi haqida yozdi. Ammo tomonlar qayta uchrashmadi.
Foto: Telegraph
  • Afg‘onistonda dahshatli zilzila: qurbonlar soni 2 mingdan oshgan

31-avgust kuni Hindukush tog‘larida 6,2 ball kuchidagi zilzila qayd etildi. U Afg‘oniston sharqidagi Asadabad shahridan 27 kilometr janubi-g‘arbda sodir bo‘ldi. Kuchli yer silkinishlari butun qishloqlarni vayron qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 2,2 mingdan oshgan, 3,6 mingga yaqin afg‘on jarohat olgan.

Bundan avval BMT Afg‘onistondagi zilziladan jabrlanganlarga yordamni kuchaytirishga chaqirgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afg‘onistonning sharqida yuz bergan zilziladan keyin 500 mingga yaqin aholi shoshilinch tibbiy yordamga ehtiyoj sezayotganini bildirdi. Yevropa Ittifoqi kuchli zilziladan zarar ko‘rgan Afg‘onistonga 1 million yevro mablag‘ ajratgan hamda 130 tonna gumanitar yordam yubordi.Shundan so‘ng ushbu mamlakatda yuqori magnitudali uchta kuchli yer silkinishi yuz berdi.
Foto: Telegraph
  • Nepalda Z avlod inqilobi

2025-yil 4-sentyabrdan boshlab Nepal hukumati mamlakatda WhatsApp, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlariga kirishni butunlay chekladi. Bu holat fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lib, ular ommaviy namoyishlar uyushtirdi. Namoyishlar davomida odamlar avtomobillarni yoqib yubordilar, yo‘llarni to‘sib, hatto prezident, bosh vazir hamda boshqa siyosatchilarning qarorgohlariga o‘t qo‘ydi.  “Z avlodi inqilobi” deb nomlangan mitingga minglab ishtirokchilar to‘plandi. 9-sentyabr kuni hukumat ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Biroq, namoyishlar va tartibsizliklar to‘xtamadi.

Politsiya bilan to‘qnashuvlar natijasida 72 nafar namoyishchi halok bo‘ldi, yuzlab kishi jarohat olgan. Nepal bo‘ylab uyushtirilayotgan norozilik namoyishlari vaqtida taxminan 25 ta qamoqxonadan 15 mingdan ortiq mahbus qochib ketdi.

Nepalda hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashayotgan Gen Z harakati vakillari mamlakat muvaqqat hukumati rahbari lavozimiga Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini tayinlashni taklif qildi. Mamlakatning yangi bosh vaziri Sushila Kark korrupsiyani tugatishga vaʻda berdi.
Foto: AP
  • Isroil va HAMASning tinchlik kelishuviga erishdi

2025-yil 6-oktyabrda Isroil va HAMAS delegatsiyalari Misr, Qatar, AQSH va Turkiya vositachiligida G‘azodagi mojaroni hal etish bo‘yicha bilvosita muzokaralarni qayta boshladi.

10-oktyabr kuni Isroil va Falastinning HAMAS harakati qariyb ikki yil davom etgan harbiy harakatlarni to‘xtatdi. AQSH prezidenti Donald Tramp vositachiligida 9-oktyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida erishilgan kelishuvga ko‘ra, Isroil Mudofaa Kuchlari (SAHAL) G‘azo sektoridan qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishni boshladi, HAMAS jangchilari esa barcha tirik isroillik garovlarni ozod qildi.

Amerika rahbari Knesset deputatlari oldida nutq so‘zladi, so‘ngra Misrda o‘tkazilgan “tinchlik sammiti”da ishtirok etdi. Tramp urush tugaganini va kelishuvda hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, o‘t ochishni to‘xtatish uzoq muddatli tinchlikka olib keladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. Boisi HAMAS to‘liq qurolsizlanishga rozi emas, Isroilda esa tashkilotga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rish talab qilinmoqda.

BMTning Falastin qochqinlari agentligi (UNRWA) G‘azoda tinchlik kelishuvi kuchga kirgach, ayrim maktablar qayta ochilayotgani va o‘quvchilar asta-sekin darslarga qaytayotganini ma’lum qildi.

Isroil hujumlari boshlangan 2023-yil oktyabr oyidan beri halok bo‘lganlar soni 70 ming nafardan oshgan, yaradorlar soni esa 170 179 nafarga yetgan. Sulh kuchga kirganidan buyon esa 381 kishi vayronalar ostidan chiqarib olingan. Hozir ham minglab jasadlar qulagan binolar ostida qolayotgani aytilmoqda.

7-dekabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Trampning G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi qismi deyarli amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Dekabr oyida AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Oq uy rahbarining kuyovi Jared Kushner G‘azo sektorini qayta tiklash bo‘yicha 112 milliard dollarlik taklif ishlab chiqdi.

Foto: AP
  • Nyu Yorkning ilk musulmon meri

4-noyabr kuni Demokratlar partiyasidan nomzod Zohran Mamdani Nyu York merligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozondi. 34 yoshli nomzod partiyadoshi Endryu Kuomo va respublikachi Kyortis Slivani ortda qoldirdi. Mamdani Nyu Yorkning so‘nggi yuz yildagi eng yosh meriga, shuningdek, ushbu lavozimni egallagan ilk musulmon va kelib chiqishi janubiy osiyolik bo‘lgan birinchi shaxsga aylandi.

Mamdanining g‘alabasi hatto partiyadoshlarini ham hayron qoldirdi. Siyosatchining G‘azodagi urush va HAMAS borasidagi pozitsiyasi sabab ayrimlar “xavotir ham bildiryapti”. Ba’zilar bo‘lsa, Mamdaniga antisemitizm va “Amerikani islom teokratitsiyasiga aylantirish” istagi ayblovlarini qo‘ymoqda. Sotsialistik qarashlarga ega Tramp Mamdanini kommunist deb atab, u g‘alaba qozongudek bo‘lsa, shaharni federal moliyalashtirishdan mahrum qilish bilan tahdid qilgandi. 

Mamdani o‘zini demokratik sotsialist deb ataydi va ancha so‘l qarashdagi siyosatchi hisoblanadi. U davlat oziq-ovqat do‘konlari tizimini yaratish tarafdori, ozchiliklar va muhojirlar huquqlarini himoya qiladi, shuningdek, Isroilni keskin tanqid qiladi.
Foto: AP
  • Gonkongda yirik yong‘in: qurbonlar soni 200ga kishiga yetgan

26-noyabr kuni Gonkongdagi Wang Fuk Court turar joy majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in bambukdan yasalgan qurilish narvonlari bo‘ylab tezlikda tarqalib, bir nechta baland binolarga o‘tib ketgan. Yong‘in xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, turar joy majmuasining sakkizta binosidan kamida beshtasi alanga ichida qolgan. Unda besh mingga yaqin kishi istiqomat qilardi. Yong‘inni ikki kundan so‘ng o‘chirishga erishildi.

Hodisa yuzasidan hukumat jinoiy tergov boshladi. Uch kishi — ikki direktor va ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan pudratchining maslahatchisi — ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lishda gumonlanib hibsga olindi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi idora 330 million Gonkong dollarilik ta’mirlash loyihasi bo‘yicha alohida tekshiruv boshlagan.

Mahalliy hokimiyatning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 161 nafarni tashkil etgan. 200 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgan.

Olov tez tarqalib, dastlab to‘rtta binoni, keyinchalik esa sakkizta binodan iborat bo‘lgan deyarli butun turar joy majmuasini o‘z ichiga oldi. Yong‘in oqibatida 161 kishi halok bo‘ldi.

Keyinchalik Gonkong hukumati yong‘in oqibatida qarindoshlarini yo‘qotgan oilalarga 25,7 ming dollardan tovon puli berilishini bildirdi.

Foto: AP
  • Tailand va Kambodja mojarosi

2025-yilda Tailand va Kambodja chegarasidagi mojaro ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara bo‘ylab joylashgan Ta Muen Tom, Preah Vihear va Ta Krabey kabi qadimiy ibodatxonalar atrofidagi hududiy nizolar bilan bog‘liq ko‘p yillik keskinlik tufayli yuzaga keldi. Iyul oyida mina portlashi tailandlik askarni yaralashi oqibatida 24-28-iyul kunlari to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlar, o‘qqa tutishlar va keng ko‘lamli havo hujumlari sodir bo‘ldi. Oqibatda ikkala tomondan ham qurbonlar bo‘ldi va yuz minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.

Mojaro 28-iyul kuni kunduzi ikkala tomon Malayziyadagi tinchlik muzokaralaridan so‘ng 29-iyul yarim tundan boshlab “darhol va so‘zsiz” o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishganini e’lon qilganidan keyin pasaydi.
Foto: Getty Images

26-oktyabr kuni Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan ASEANning 47-sammiti doirasida Tailand va Kambodja bosh vazirlari qo‘shma tinchlik kelishuvi deklaratsiyasini imzoladi. Bu ASEAN raisi sifatida Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim va AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida imzolangan hujjat mojaroni to‘xtatish va ikki mamlakat o‘rtasidagi bahsli chegara bo‘ylab tinchlikni tiklash uchun rasmiy qadam bo‘ldi.

Ammo oradan yarim oy ham o‘tmasdan Tailand hukumati 10-noyabr kuni Kambodja bilan AQSH vositachiligida tuzilgan sulh bitimini to‘xtatishini e’lon qildi. Natijada bahsli chegara hududda 12-noyabr kuni otishma yuz berdi. Kambodja Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, voqeada kambodjalik bir nafar askar halok bo‘lib, uch kishi yaralandi.

Biroq 7-dekabr kuni ikki mamlakat o‘rtasida jangovar harakatlar qayta boshlanib, kamida 101 kishi halok bo‘ldi. Ikki mamlakatning chegaradosh viloyatlarida 700 mingdan ortiq tinch aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi, infratuzilma jiddiy zarar ko‘rdi va ko‘plab savdo o‘tish joylari yopildi.

Tailand va Kambodja Qo‘shma chegara qo‘mitasining (GBC) uch kunlik yig‘ilishlaridan so‘ng Tailand mudofaa vaziri Nattapxon Narkpanit va uning kambodjalik hamkasbi Tea Seyxa 27-dekabr kuni tushdan boshlab kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar