Daryo

Zelenskiy 18-avgust kuni Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi

Ukraina prezidenti Kiyevning Ukraina, AQSH va Rossiya rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan

1 daqiqa o‘qish4 445 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp Ankorijdan qaytish yo‘lida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan gaplashdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Foto: Reuters
“Tramp Zelenskiy bilan uzoq suhbat o‘tkazdi. Biroq suhbat tafsilotlari noma’lum”, deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng u NATO davlatlari rahbarlari bilan telefon orqali bog‘langan. Ushbu suhbat tafsilotlari ham hozircha noma’lum.

Shu bilan birga, Axios nashri muxbiri Barak Ravid ishonchli manbaga tayanib, Zelenskiy bilan suhbat bir soat davom etganini ma’lum qildi. Unda davlat kotibi Marko Rubio va prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham ishtirok etgan.

“So‘ngra bu suhbatga yarim soat davomida Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Finlyandiya, Polsha rahbarlari, shuningdek, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen qo‘shildi”, deya Ravid suhbatdoshining so‘zlarini keltirdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy telefon suhbati yakunlari bo‘yicha bergan xabarida Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi.  Uchrashuv 18-avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, ularning Tramp bilan suhbati “uzoq va mazmunli” kechgan. AQSH prezidenti unga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilgan uchrashuv natijalari haqida ma’lumot bergan. Suhbatning yakuniy qismida Yevropa yetakchilari ham muloqotga qo‘shilgan.

Shuningdek, Zelenskiy Kiyevning Ukraina, AQSH va Rossiya rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

15-avgust kuni Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida Tramp va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi Rossiya—Ukraina mojarosini tugatish masalasi bo‘ldi. Vazirlar ishtirokidagi “uch-uchga” formatidagi uchrashuv 2 soat 45 daqiqa davom etdi.

Amerika prezidenti sammitdan so‘ng Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalasi endi Zelenskiyning qo‘lida ekanini aytdi. Tramp hozircha Ukraina bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘qligini ta’kidladi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar