Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik uchun Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishni talab qilayotgandi. AQSH prezidenti Donald Tramp mazkur talabni qo‘llab-quvvatladi.

Putinning talablari orasida Donbassni Moskva nazoratiga topshirish va Rossiya armiyasi qisman nazorat qilayotgan Xerson va Zaporojyedagi front chizig‘ini muzlatish talabi mavjud. AQSH prezidenti ikkalasini ham yoqlagani aytilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Rossiya rahbari Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarining hali bosib olinmagan qismlarini nazarda tutib, “Ukrainaning Donbassni tark etishini talab qilmoqda”.
Putin Donbass hududlari evaziga Xarkov va SumI viloyatlaridagi kichikroq hududlarni Kiyevga qaytarishga rozi bo‘lgan. Ammo bu yerlarning umumiy maydoni u talab qilayotgan hududlardan 15 baravar kichik, deydi Reuters agentligi manbasi.
16-avgust kuni Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan Alyaskada Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarni muhokama qildi.
Ukraina prezidenti Donbassni tark etishdan bosh tortgan, dedi manba.
Zelenskiy har qanday hududiy yon berishni rad etib, bu mamlakat konstitutsiyasiga zid ekanini ta‘kidlagan. Biroq u Tramp va Putin bilan uch tomonlama uchrashuvda bu masala muhokama qilinishini istisno qilmagan.
Bunday uchrashuv 22-avgust, juma kuni bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu sanani shanba kungi suhbat chog‘ida Trampning o‘zi yevropalik hamkorlarga ma’lum qilgan, deb yozadi CNN.
AQSH prezidenti 18-avgust kuni Ukraina prezidenti bilan muzokara olib boradi. U muvaffaqiyatli o‘tsa, uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha ish boshlanadi. Uchrashuvda Yevropadan kamida yana bir yetakchi ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, unda AQSH vitse-prezidenti Jyey Di Vens ham qatnashadi.
AFP manbasining aytishicha, agar Kremlning Donbassni topshirish bo‘yicha talablari bajarilsa, Rossiya prezidenti “Xerson va Zaporojye viloyatlarida hujumni davom ettirmaydi, shuning uchun u yerda o‘ziga xos muzlash sodir bo‘ladi. Ammo de-fakto hammasi Putinning so‘ziga bog‘liq bo‘ladi”, deya ta‘kidladi manba.
Izoh (0)