Tailand va Kambodja 29-iyul kuni mahalliy vaqt bilan 00:00 dan boshlab hech qanday shartsiz va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Bu haqda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bayonotiga tayanib, CNN xabar berdi.

Kelishuv Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) raisi sifatida vositachilik qilgan Malayziya ishtirokida imzolangan. Yarashuv bo‘yicha muzokaralar Malayziya poytaxti Kuala Lumpur yaqinidagi Putrajaya shahrida, Kambodja bosh vaziri Xun Manet va Tailand muvaqqat bosh vaziri Phumtam Vechayachay o‘rtasida o‘tgan.
Kelishuvga ko‘ra, 29-iyul kuni ikki davlat harbiy qo‘mondonlari alohida uchrashuv o‘tkazadi. Kambodja hukumati Tailand tomonidan ikki hududga zarba berilganini bildirgan, Tailand armiyasi esa 28-iyul kuni ertalab 3 ta provinsiyada to‘qnashuvlar bo‘lganini tasdiqlagan.
Qo‘shma Shtatlar va Xitoy muzokaralarga kuzatuvchi sifatida yordam taklif etgan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio bayonotiga ko‘ra, amerikalik rasmiylar 28-iyul kuni muzokaralarda shaxsan ishtirok etgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi hujumlarda 35 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq odam jarohat olgan. Chegaradagi bu mojarolar o‘nlab yillardan buyon davom etib kelmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp 26-iyul kuni ikki davlatni otashkesimga kelishib olganini e’lon qilgan edi. Shu bilan birga, u agar qonli mojarolar davom etsa, Tailand va Kambodja bilan hech qanday savdo bitimi tuzmasligidan ogohlantirgandi.
Izoh (0)