Daryo

Eron Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasidan chiqishi mumkin

Tegishli hujjat parlamentda “o‘ta muhim” belgisi bilan ko‘rib chiqiladi. Parlament a’zosi MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatish Eron uchun foydali bo‘lganini aytdi.

2 daqiqa o‘qish6 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Der Spiegel

Eron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishi mumkin. Mamlakat parlamenti tegishli taklifni ko‘rib chiqadi. Bu haqda Eron parlamenti spikeri o‘rinbosari Ali Nikzadga tayanib “RBK” xabar berdi.

Nikzadning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tashabbusning xalqaro oqibatlari o‘rganilmoqda. Shundan so‘ng hujjat “o‘ta muhim” belgisi bilan muhokamaga kiritiladi. Bu deputatlar hujjatni shu kunning o‘zida ko‘rib chiqishi kerakligini anglatadi.

Nikzad Eron 2025-yil sentyabr oyida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatganini eslatdi. U agentlik bosh direktori Rafael Grossini tanqid qilib, uni Eronga tekshiruvlar bilan kelib, mamlakat rasmiylarini maqtab, biroq keyinchalik Eron haqida salbiy hisobotlar tayyorlagan shaxs sifatida ta’rifladi.

“MAGATE bosh direktori yoki u yerda ishlaydigan boshqa shaxslar bizga yadro energetikasi sohasida yordam beradi, deb umid qilishimiz uchun biror asos bormi? Albatta, yo‘q”, dedi Nikzad.

U MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatish Eron uchun foydali bo‘lganini aytdi. Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron yadro qurolini yaratish arafasida ekani haqidagi da’volarni asossiz deb atagandi. U Eron 1970-yildan beri Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma ishtirokchisi ekanini ta’kidlab, mamlakatning yadro dasturi tinch maqsadlarga xizmat qilishini bildirgan.

AQSH va Isroil 2025-yil iyun oyida Natanz, Fordo va Isfahondagi yadroviy obyektlarga zarbalar bergandi. Mazkur hujumlardan so‘ng Eron uranni boyitish uchun foydalaniladigan minglab sentrifugalarini Pikaks tog‘idagi tunnellarga ko‘chirgan. 13-iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp birinchi marta Pikaksni zarba berish uchun ehtimoliy nishon deb atagandi.

Pikaks tog‘i (Eronda Kulang nomi bilan tanilgan) mamlakatning asosiy yadroviy obyektlaridan biri yaqinida joylashgan. U yillar davomida AQSH va Isroil kuzatuvi ostida qolmoqda. Tog‘dagi yerosti majmuasi 2020-yildagi portlashda jiddiy shikastlangan sentrifugalarni yig‘ish zavodining o‘rniga qurilgan. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, tunnellar 90–140 metr chuqurlikkacha kirib borgan va u yerda bir nechta yadroviy obyektlar uchun yetarli joy mavjud. MAGATE obyektga kirish huquqiga ega emas, Eron esa agentlikka u yerdagi ishlar va rejalar haqida ma’lumot bermaydi.

Reuters sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, Eron 2025-yildagi hujumlarda zarar ko‘rgan yadro va raketa obyektlarini qayta tiklayotgani haqida xabar bergandi. Ular orasida Natanz va Isfahondagi tunnellar, Sheroz va Qum yaqinidagi raketa bazalari bo‘lgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar