Daryo

“Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi olti oy davomida rejalashtirilgan” — Netanyaxu

Eronga zarbalar joriy yilning aprel oyi oxirida berilishi rejalashtirilgandi, biroq belgilangan muddatda “turli sabablar tufayli” operatsiya boshlanmagan

1 daqiqa o‘qish8 564 ko‘rishlar0 izoh0

Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi 2024-yil noyabr oyidanoq rejalashtirilib, dastlab aprel oyi oxiriga belgilangan edi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.

Foto: Getty Images
“Aslida men bu buyruqni mudofaa tuzilmalari rahbariyatiga olti oydan ortiq vaqt oldin, 24-noyabr kuni berganman. U hozir mening qo‘limda”, dedi u hukumat rahbari devonxonasi tarqatgan videomurojaatda.

Shu bilan birga, Netanyaxu A4 formatdagi qog‘ozda yozilgan hujjatni ko‘rsatgan.

“Bu Eronning yadro dasturini amalda tugatish to‘g‘risidagi buyruqdir”, deya izoh berdi u.

Netanyaxuning qo‘shimcha qilishicha, ushbu operatsiyaga tayyorgarlikni boshlash to‘g‘risidagi qaror 2024-yil sentyabr oyida Livanda Isroil armiyasi kuchlari tomonidan “Hizbulloh”partiyasi bosh kotibi Hasan Nasrulloh boshchiligidagi rahbariyati yo‘q qilinganidan ko‘p o‘tmay qabul qilingan. Bosh vazirning ta’kidlashicha, dastlab Eronga zarbalar joriy yilning aprel oyi oxirida berilishi rejalashtirilgan edi. Biroq belgilangan muddatda “turli sabablar tufayli” operatsiya boshlanmagan. Bu sabablarni aniq ko‘rsatmagan holda, u zarbalar boshlanishining yakuniy sanasi harbiy rahbariyat bilan maslahatlashuvlardan so‘ng belgilanganini qo‘shimcha qildi. Netanyaxu yana bir bor operatsiyaning asosiy maqsadi Eronning yadro va raketa dasturlarini yo‘q qilish ekanligini ta’kidladi, chunki Isroil ularda o‘z mavjudligiga tahdid ko‘rmoqda.

“Bu ikkita hayotiy tahdiddir va biz endi kutib bo‘lmasligiga qaror qildik”, deya izoh berdi u.

13-iyunga o‘tar kechasi Isroil qo‘shinlari Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlab, Islom Respublikasining bir necha aholi punktlaridagi obyektlarga zarbalar berdi. Jumladan, Tehrondagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) shtab-kvartirasi ham nishonga olingan.

Keyinroq Eron Atom energiyasi tashkiloti (IAET) rahbari Muhammad Eslomiy Isroil hujumlari natijasida Natanzdagi yadroviy obyektga jiddiy zarar yetmaganini ma’lum qildi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar