Yangi Rim papasini saylash uchun konklav 7-may kuni Vatikanda o‘tkaziladi. Bu haqda Reuters Vatikandagi yuqori lavozimli manbaga asoslanib xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, sana kardinallarning papa Fransisk dafn etilganidan keyingi birinchi yopiq majlisida belgilangan. Yig‘ilishda dunyoning turli burchaklaridan kelgan 80 yoshgacha bo‘lgan 135 ga yaqin kardinal ishtirok etish huquqiga ega.
Agentlikning ma’lum qilishicha, 2005 va 2013-yillarda bo‘lib o‘tgan avvalgi ikkita konklav bor-yo‘g‘i ikki kun davom etgan. Kardinal Anders Arborelius saylovlar bu safar uzoqroq cho‘zilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Chunki Papa Fransisk tomonidan tayinlangan ko‘plab kardinallar ilgari bir-birlari bilan uchrashmagan.
Saylovlar davrida kardinallar Vatikan hududidagi Avliyo Marfa uyi deb ataluvchi mehmonxonada istiqomat qiladilar. Yig‘ilishlar uchun Mikelanjelo va Uyg‘onish davri boshqa rassomlarining durdona asarlari bilan bezatilgan Sikstina kapellasi fon vazifasini o‘taydi.
Saylovning o‘zi yopiq tarzda o‘tkaziladi, bu paytda kardinallar tashqi dunyo bilan aloqa qilmaydilar. Yangi papa saylanganligi haqidagi xabar mo‘ri orqali e’lon qilinadi: tanlangan nomzodlar yozilgan qog‘oz kartochkalar yoqiladi, natijada mo‘ridan oq tutun chiqadi, bu esa yangi papa tanlanganini bildiradi.
Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. 26-aprel kuni pontifik Rimdagi Santa-Mariya-Majore cherkoviga dafn etildi. Dafn marosimida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar, shu jumladan o‘nlab davlat rahbarlari ishtirok etgan. Jumladan, AQSH prezidenti Donald Tramp, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari — Argentina prezidenti Xavyer Miley va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva hamda boshqa ko‘plab yuqori martabali shaxslar qatnashgan.
Izoh (0)