Afg‘onistonda 1-sentyabr kuni sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 1124 kishiga yetdi. Bu haqda Qizil yarim oy jamiyatining gumanitar guruhi xabar berdi.
Tabiiy ofatda kamida 3251 kishi jarohat olgan, 8 mingdan ortiq uy vayron bo‘lgan. Qutqaruv guruhlari sharqiy tog‘li hududlarda qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Yaradorlar Kunar shahridan Nangarhor viloyatiga vertolyotlar orqali evakuatsiya qilinmoqda. Yo‘llardagi vayronagarchilik sababli ayrim hududlarga qutqaruvchilar hanuz yetib bormagan.“Jabrlanganlar evakuatsiya qilinayotgani uchun bu raqamlar yana o‘zgarishi mumkin. Zilzila ba’zi joylarda ko‘chkilarga sabab bo‘lib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan, biroq ular qayta ochildi”, dedi Afg‘oniston Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi vakili Yusuf Hammad.
AQSH Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila oqibatida 1000 dan 10 000 gacha odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 1,1 milliondan ortiq odam kuchli silkinish ta’sirini his qilgan. Afg‘oniston so‘nggi yillarda bir necha bor halokatli zilzilalarni boshdan kechirdi. 2023-yilda Hirot viloyatidagi zilzilalar 2,4 mingdan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi. Minglab uylar vayron bo‘lib, o‘n minglab odamlar ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Afg‘onistondagi so‘nggi zilzila
1-sentyabrga o‘tar kechasi yuz bergan 6 magnitudali zilzilada qurbonlarning aksariyati Kunar viloyatidan bo‘lgan. Undan keyin 4,5–5,2 magnitudali aftershoklar qayd etilgan. Afg‘oniston aholisi asosan paxsa devorli uylarda yashagani bois vayronagarchilik ko‘lami keng bo‘lgan. Zilzila tog‘li va olis hududda ro‘y bergani sababli aniq ma’lumotlarni yig‘ish vaqt olmoqda.
Afg‘oniston Hind va Yevrosiyo litosfera plitalari to‘qnashgan hududda joylashgani uchun seysmik xavfi yuqori bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, Sharqiy Afg‘onistonning tog‘li hududlari ko‘chkilarga moyil bo‘lib, bu qutqaruv ishlarini yanada murakkablashtirmoqda.








