Afg‘oniston sharqidagi Hindikush tog‘larida sodir bo‘lgan zilzila oqibatlari 500 mingga yaqin kishiga ta’sir ko‘rsatgan, ularning yarmidan ko‘pi bolalardir. Bu haqda BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNISEF) ma’lum qildi.
“Zilziladan 500 ming kishi zarar ko‘rdi, ularning 263 ming nafari bolalardir”, deyiladi jamg‘arma bayonotida.
Idoralararo tezkor baholash natijalariga ko‘ra, Afg‘onistonning 30 ta jamoasida 20 mingga yaqin voyaga yetmagan shaxs - 10 mingdan ortiq qiz va 9,4 mingga yaqin o‘g‘il bola jabr ko‘rgan.
UNISEF’ning ta’kidlashicha, bu raqamlar ofatning aynan bolalarga nisbatan kuchliroq ta’sir ko‘rsatganini aks ettirmoqda. Jamg‘arma jabrlangan voyaga yetmaganlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
31-avgustdan buyon Afg‘onistonda uchta zilzila yuz berdi. Qutqaruv ishlari asosan vertolyotlar yordamida olib borilmoqda, chunki ko‘chki va o‘pirilishlar chekka qishloqlarga borish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Birinchi zarba va keyingi aftershoklar qurbonlari soni ortib bormoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila oqibatida 2200 dan ortiq odam halok bo‘ldi, kamida 3600 kishi jarohatlandi. Tabiiy ofatdan jami 25 ta qishloq aholisi zarar ko‘rgan.
Bundan avval BMT Afg‘onistondagi zilziladan jabrlanganlarga yordamni kuchaytirishga chaqirgandi.








