Daryo

Tailand besh kunlik mojaroda qo‘lga tushgan ikki nafar Kambodja askarini yurtiga qaytardi

Bangkok ixtiyorida qolayotgan yana 18 nafar kambodjalik askar haqida ham ma’lumot berildi

1 daqiqa o‘qish4 020 ko‘rishlar0 izoh0

Tailand armiyasi Kambodja bilan besh kun davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda asir olingan 20 nafar kambodjalikning ikki nafarini uyiga qaytardi. Bu kelasi hafta Malayziyada bo‘lib o‘tadigan muhim uchrashuv oldidan tashlangan ijobiy qadam sifatida baholanmoqda.

Kambodjalik askarlarni qaytarish jarayoni
Kambodjalik askarlarni qaytarish jarayoni
Foto: AP

Tailand va Kambodja o‘rtasida bahsli hududlar sabab yig‘ilib qolgan muammolar 24-iyul kuni qurolli mojaro keltirib chiqardi. Tomonlar og‘ir artilleriya, harbiy aviatsiyani ishga solib, bir-birga zarba berdi. Besh kun davom etgan to‘qnashuvlarda kamida 43 kishi halok bo‘ldi, yana 300 mingdan ortiq tinch aholi uylaridan ko‘chirildi. 

Tomonlar Donald Tramp bilan telefon muloqoti, shuningdek, Malayziya vositachiligidan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Ma’lum qilinishicha, Oq uy urishayotgan tomonlarga ular bilan suvdo muzokaralari to‘xtatilishini aytib, bosim o‘tkazgan.   

Tailand Kambodja bilan besh kun davom etgan qurolli mojaro vaqti Stryker zirhli transport vositalarini chegaraga joylashtirdi
Foto: Bangkok Post

Tailand ixtiyorida qolayotgan 18 nafar kambodjalik taqdiriga ham oydinlik kiritildi. Bangkokda o‘tgan anjumanda hukumat matbuot kotibi Jirayu Houngsub ularni immigratsiya qonunini buzishda ayblab, asirlar tegishli protseduradan o‘tkazilayotganini bildirdi. 

“Kambodja askarlari Tailand hududiga noqonuniy kirgan, armiya ularni qo‘lga oldi va gumanitar tamoyillarga asoslanib muomala qilmoqda”, dedi u.

Kambodja Mudofaa vazirligi esa bayonot chiqarib, barcha askarlarni qaytarishni talab qildi va xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra ular “zudlik bilan va shartsiz ozod qilinishi kerakligi”ni yana bir bor ta’kidladi.

Chegara muammosini bartaraf etishga qaratilgan muzokaralar 4–7-avgust kunlari Malayziyada o‘tkaziladi. Unga ASEAN mamlakatlari, shuningdek, AQSH va Xitoydan harbiy attashelari taklif etiladi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar