Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin “sulhga erishishga harakat qilish” va oxir-oqibat Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish uchun yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Fox News telekanali efirida Alyaskada Putin bilan o‘tkazgan muzokaralari natijalarini sharhlayotib ma’lum qildi.

“Endi hamma narsa prezident Zelenskiyga bog‘liq. Yevropa davlatlari ham biroz aralashishi kerak, deb aytgan bo‘lardim. Lekin asosiy qaror Zelenskiyga bog‘liq... Agar ular istasa, men keyingi uchrashuvda ishtirok etaman. Menimcha, yaqin kelajakda prezident Zelenskiy, prezident Putin va men o‘rtamizda uchrashuv tashkil etiladi”, dedi Tramp telekanal efirida.
Oq uy rahbarining qo‘shimcha qilishicha, uning “Zelenskiyga maslahati - Ukrainada odamlar halok bo‘lishini to‘xtatish uchun kelishuv tuzish”. Putin bilan uchrashuvda “NATO, xavfsizlik choralari va hududlar almashinuvi” kabi masalalar muhokama qilingani aytildi. Biroq Tramp batafsil ma’lumot bermadi.
15-avgust kuni AQSH va Rossiya prezidentlari Alyaskadagi Elmendorf-Richardson harbiy-havo kuchlari bazasida Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha “uchga uch” formatidagi muzokaralar o‘tkazdi. Bu Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri AQSH va Rossiya rahbarlarining ilk uchrashuvi edi.
Putin muzokaralarni samarali, Qo‘shma Shtatlarni esa mehribon “qo‘shni” deb atagan. U yana “Ukraina inqirozining asl sabablari” va “mojaroni tugatish uchun ularni bartaraf etish zarurligi” haqida gapirdi.
O‘z navbatida, Tramp tomonlar “to‘liq kelishuvga erisha olmagani va hozircha bitim yo‘qligini” ta’kidladi. Shu bilan birga, Oq uy rahbari uchrashuvni “juda samarali” deb baholab, Vashington va Moskva Ukrainadagi urush bo‘yicha ko‘plab masalalarda kelishib olishga erishganini qayd etdi. AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakatlar orasida “tinch yo‘l bilan kelishuvga erishish uchun yaxshi imkoniyat” mavjud. Tramp tez orada uchrashuv natijalari haqida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, shuningdek, NATO bo‘yicha hamkorlarni telefon orqali xabardor qilish niyatida ekanligini bildirdi.
Izoh (0)