Hindistonda halokatga uchragan Air India aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti bortidagi barcha 242 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida 10 nafar ekipaj a’zosi va bort kuzatuvchilari ham bor. Bu haqda Ntws 18 telekanali ma’lum qilmoqda

Hodisa 12-iyun payshanba kuni Ahmadobod shahri aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan. Samolyotning dum qismi bo‘laklari turar-joy binolari ustiga tushgan, natijada ulardan birining devorlari qurum bilan qoplangan, boshqa binoning tomi esa yonib ketgan. Halokatga uchragan samolyot Air India aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, Londonga uchmoqchi edi. Samolyot bortida jami 169 nafar Hindiston fuqarosi, 53 nafar britaniyalik, 7 nafar portugaliyalik va bir nafar kanadalik bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat hodisani tekshirishni davom ettirmoqda va hozirda layner halokati sababini aniqlamoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo kemasi qush bilan to‘qnashgan va uchish uchun zarur tezlikka erisha olmagan.
Ta'kidlanishicha, samolyotining yotoqxona binosiga qulab tushishi oqibatida kamida 20 nafar tibbiyot kolleji talabasi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ahmadobod aeroportining ma’lum qilishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 13:39 da 23-sonli uchish-qo‘nish yo‘lagidan havoga ko‘tarilgan. Shundan so‘ng favqulodda vaziyat haqida ogohlantiruvchi “Mayday” signalini yuborgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay aloqa uzilgan.
Flightradar24 parvoz haqida oxirgi signal samolyot havoga ko‘tarilganidan atigi bir necha soniya o‘tib olinganini ma’lum qildi. Shuningdek havo kemasi VT-ANB kodi bilan ro‘yxatga olingan Boeing 787-8 Dreamliner bo‘lganini tasdiqladi. Biroq Boeing kompaniyasi hozircha rasmiy izoh bermadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ahmadobodda yuz bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga taʼziya maktubi yo‘lladi.
Izoh (0)