Daryo

Amerikalik kardinal yangi Rim papasi etib saylandi

Rim papasi lavozimiga AQSH, Italiya, Shri Lanka va Afrika mamlakatlaridan oltita asosiy nomzod ko‘rib chiqilgan

2 daqiqa o‘qish11 946 ko‘rishlar0 izoh0

8-may kuni Vatikandagi Sikst kapellasi mo‘risidan oq tutun ko‘tarildi. Bu yangi Rim papasi saylanganini anglatadi. Bu haqda Vatican News kanali xabar bermoqda.

Foto: AP Photo/Alessandra Tarantino

Avliyo Pyotr sobori balkonida kardinal-protodiakon Dominik Mamberti yangi Rim papasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, katolik cherkoviga birinchi bor Amerika qit’asi vakili rahbarlik qiladi. 

Yangi Rim papasi etib Avgustin ordeni a’zosi, 69 yoshli amerika-perulik kardinal Robert Prevo saylandi. Rim-katolik cherkovi tarixidagi birinchi amerikalik pontifik Lev XIV nomi bilan boshqaradi.

Robert Prevo Illinoys shtatining Chikago shahrida tug‘ilgan, biroq xizmatining ko‘p qismini Peruda missioner sifatida o‘tkazgan va yaqinda Vatikandagi vazirlik vazifasini bajaruvchi dikasteriyaga rahbarlik qilgan. Uning papa Fransisk islohotlarini davom ettirishi kutilmoqda.

Foto: AP/Gregorio Borgia

Yangi Rim papasini saylash bo‘yicha konklav 7-may kuni boshlandi. Dastlabki bosqichlarda kardinallar bir to‘xtamga kela olishmagan. Ular kuniga ikki marta yashirin ovoz berishgan. Nomzod ovozlarning uchdan ikki qismi va yana bir ovozni olishi lozim edi. Shundan so‘ng u Pyotr taxtini egallashga roziligini tasdiqladi va o‘zining papa nomini tanladi.

Manbalarga ko‘ra, Rim papasi lavozimiga AQSH, Italiya, Shri Lanka va Afrika mamlakatlaridan oltita asosiy nomzod ko‘rib chiqilgan.

Yangi pontifik kardinallar ovoz berishi boshlanganidan beri to‘rtinchi yoki beshinchi turda saylanganmi, hozircha noma’lum. Har holda, u konklavning ikkinchi kunida saylangan uchinchi papa bo‘ladi.

Fransisk va Benedikt XVI ham shunday tarzda saylangan edi. Ulardan oldin Ioann Pavel II konklavning uchinchi kunida tanlangan.

2013-yilda Fransisk saylanganida ham, oq tutun ko‘rinishi bilan e’lon qilinishi orasidagi kutish bir soatdan sal ko‘proq davom etgan.

Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. 26-aprel kuni pontifik Rimdagi Santa-Mariya-Majore cherkoviga dafn etildi. Dafn marosimida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar, shu jumladan, o‘nlab davlat rahbarlari ishtirok etgan. Jumladan, AQSH prezidenti Donald Tramp, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari — Argentina prezidenti Xavyer Miley va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva hamda boshqa ko‘plab yuqori martabali shaxslar qatnashgan.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar