Daryo

Myanmada zilziladan 5 kun o‘tib vayronalar ostidan tirik odam topildi (video)

Zilzila qurbonlari soni 10 mingga yetishi prognoz qilinmoqda. Qutqaruv ishlari davom etmoqda

1 daqiqa o‘qish6 684 ko‘rishlar0 izoh0

Myanma poytaxti Neypidoda zilziladan besh kun o‘tib, mehmonxona vayronalari ostidan bir kishi qutqarib olindi. Bu haqda mamlakat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga tayanib, The Guardian xabar berdi.

Myanma va Turkiya qutqaruvchilarining qo‘shma guruhi 26 yoshli yigitni vayronalar ichidan topgan. Qutqaruvchilar omon qolgan shaxsning sog‘lig‘i haqida aniq ma’lumot bermagan. Biroq tarqalgan videoga ko‘ra, yigitga jiddiy zarar yetmagan. Qidiruv va qutqaruv operatsiyalari hali ham davom etmoqda. Ammo omon qolganlarni topish umidi tobora kamayib bormoqda.

Zilzilaning halokatli oqibatlari soat sayin oydinlashmoqda. Bu allaqachon og‘ir gumanitar vaziyatda bo‘lgan Myanma uchun inqirozdir. Qutqaruv guruhlari hamon vayronalar ostida qolganlarni chiqarishda davom etmoqda, shifoxonalar esa to‘lib-toshgan. Bu falokatning jismoniy va ruhiy jarohatlari o‘n yillar davomida saqlanib qoladi, dedi Care gumanitar tashkilotining Myanmadagi direktori Orif Nur.

28-mart kuni yuz bergan kuchli zilzila 53 million aholiga ega qashshoq mamlakat uchun yana bir zarba bo‘ldi. Mamlakat 2021-yilgi harbiy to‘ntarishdan beri fuqarolar urushi girdobida qolgan.

Biz yaqinlashib kelayotgan musson mavsumi oldidan yordam ko‘rsatish uchun tezkor harakat qilishimiz kerak, chunki u dahshatli inqirozni yanada kuchaytiradi, degan BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.

Myanmada yuz bergan 7,7 va 6,4 balli zilzila qurbonlari soni 2886 kishiga yetdi, yana 4639 kishi jarohatlandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 373 kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Ba’zi idoralar norasmiy qurbonlar sonini 10 mingga baholamoqda. Qo‘shni Tailandda esa zilzila qurbonlari soni 22 kishiga yetgan, yuzlab binolar vayron bo‘lgan, 72 kishi izsiz yo‘qolgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar