Pokiston armiyasi Afg‘oniston bilan shimoli-g‘arbiy chegarani kesib o‘tib, mamlakatga kirishga uringan 54 nafar jangarini o‘ldirganini e’lon qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Pokiston-Afg‘oniston chegarasi orqali kirishga urinayotgan katta guruhning harakati xavfsizlik kuchlari tomonidan 24 va 25-aprel kunlari Xayber-Paxtunxva shimoliy viloyatida qayd etildi, deyiladi armiya bayonotida.
Ta’kidlanishicha, “jihodchilar” guruhi o‘zlarining “xorijiy xo‘jayinlari”ning buyrug‘i bilan Pokiston ichida yuqori darajadagi terrorchilik faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan.
Hindiston Pokistonga qarshi asossiz ayblovlar ilgari surayotgan bir vaqtda, (“jihodchilarning”) bunday harakatlari ular kimning ko‘rsatmasiga binoan harakat qilayotganini aniq ko‘rsatmoqda, deyiladi bayonotda.
“Tolibon” 2021-yilda hokimiyatga qaytganidan beri Pokiston o‘z hududida ekstremizmning kuchayishi bilan kurashmoqda. Islomobod jangarilar Afg‘onistonda boshpana topayotganini ta’kidlamoqda.
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi keskinlik 22-aprel kuni kuchaydi. Sababi bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hujum oqibatida 30 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘ladi Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rdi. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi.
Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholadi va Hindiston uchun havo hududini yopdi.
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlamoqda.
Dunyo ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan xavotirga tushishi kerak, dedi Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif.
Izoh (0)