Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Bu haqda “Uzatom” agentligi xabar berdi.

Keltirilishicha, 15-aprel kuni Jizzaxda RITM-200N reaktoriga ega kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) loyihasini amalga oshirish doirasida qurilish-montaj bazasi (QMB) qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha Rossiyaning ilg‘or texnologiyalarini o‘zida mujassam etgan holda Jizzax tumanida joylashgan bo‘lib, mintaqa energetika infratuzilmasini rivojlantirishda yangi bosqichni belgilaydi.
AES qurilishi direksiyasi direktori o‘rinbosari Otabek Amanov loyiha jamiyat uchun yuqori darajada ochiqlik va xabardorlikni oshirish uchun xizmat qilishini taʼkidlagan.
“Biz ushbu loyiha jamiyat uchun yuqori darajada ochiqlik va xabardorlikni oshirish uchun xizmat qiladi, deb ishonamiz. Bu esa barcha tomonlar uchun ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydi. RITM-200N reaktoriga ega kichik quvvatli atom stansiyasi sinovdan o‘tgan texnologiyalar va avariyasiz ishlash tajribasiga asoslanib, ekologik toza energiyaning ishonchli manbai bo‘ladi. Ixchamligi, yuqori xavfsizlik darajasi va samaradorligi RITM-200N ni mintaqa energetikasini barqaror rivojlantirish uchun ideal yechimga aylantiradi”, deydi u.
Rossiya KQAES loyihasi O‘zbekistonni o‘nlab yillar davomida kafolatlangan elektr energiyasi bilan taʼminlashi va mintaqa rivojlanishi uchun energetik asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etilgan.
AES energiya mustaqilligini ta’minlashda yangi imkoniyat
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birinchi bo‘lib Rossiyada 1954-yilda quvvati 6 MVt bo‘lgan AES ishga tushirilgan. Oradan 70 yildan ortiq vaqt o‘tib, AES imkoniyatlaridan foydalanadigan mamlakatlar soni anchaga ko‘paydi.
Bugunga kelib dunyoning 32 ta mamlakatida umumiy quvvati jami 377 GVt bo‘lgan 417 ta atom reaktorlari faoliyatini davom ettirmoqda. Shuningdek, 61 ta atom reaktorlari qurilish jarayonida.
AES qurgan va ulardan to‘liq foydalanayotgan mamlakatlar ro‘yxatiga Yaponiya, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Shveysariya, Fransiya, Turkiya, AQSH, Rossiya, Pokiston, Eron, Xitoy, Hindiston, Germaniya, Angliya, Belarus va boshqa davlatlar kiradi. Aynan shu davlatlar qurilgan AES hisobiga o‘zlarining energiya mustaqilligini ta’minlagan hamda iqtisodiy o‘sishda sezilarli natijalarga erishgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston ham ko‘plab rivojlangan mamlakatlar qatori zamonaviy AES qurish borasida bir qancha loyihalarni boshlagan edi. Kuni kecha davlat rahbariga mazkur masalaga daxldor bo‘lgan mas’ullar tomonidan respublikada atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot berildi.
AESda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi narxi an’anaviy energiya resurslariga (gaz, ko‘mir, mazut) nisbatan barqaror, arzon, ekologik toza elektr manbai hisoblanadi.
Shu bilan birga AESlarning uglevodorodli yoqilg‘i qo‘llaniladigan an’anaviy elektr stansiyalariga nisbatan yana bir afzalligi kam hajmdagi yoqilg‘i sarf qilgan holda ulkan miqdorda energiya ishlab chiqarish xususiyatiga ega ekanligi.
Atom elektr stansiyalarini qurish istiqbolli loyiha bo‘lib, kelajak avlod uchun energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim zamin yaratadi.
Izoh (0)