Hindiston Pokiston bilan munosabatlardagi keskinlik fonida kemaga qarshi raketalarni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Hindiston harbiy-dengiz floti vakili xabar berdi.

Harbiy-dengiz flotiga ko‘ra, bu “platformalar, tizimlar va ekipajning uzoq masofaga aniq hujumlar uyushtirishga tayyorligini tasdiqlash va namoyish etish” maqsadida o‘tkazilgan. Sinov so‘nggi kunlarda Pokiston bilan yuzaga kelgan keskinlik fonida amalga oshirildi.
Bunga 22-aprel kuni bir guruh terrorchilar bahsli Jammu va Kashmir hududida tinch aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida 30 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lamoqda. Pokiston hukumati hujumchilar bilan aloqasi borligini qat’iyan rad etmoqda.
Hindiston Pokistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, keskin choralar ko‘rgan. Jumladan, Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopildi. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatildi. Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholagan va Hindiston uchun havo hududini yopgan.
Pokistonning Islomobod va boshqa shaharlarida o‘nlab namoyishchilar Hindistonning shartnomani to‘xtatishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqib, o‘z hukumatidan javob choralarini ko‘rishni talab qilgan.
Urush ehtimoli
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket uchinchi kecha otishmalar davom etmoqda. Shu bilan birga, Pokiston Mudofaa vazirligi mamlakat Hindistonga qarshi harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlamoqda.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 27-aprel kuni millatga murojaatida Nyu Dehli sayyohlarni o‘ldirishda aybdorlarni jazolashini aytgan.
Dunyo ikki yadroviy davlat — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan xavotirga tushishi kerak, dedi Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif.
Uning fikricha, bu mojaro “keng ko‘lamli urush”ga aylanib ketishi mumkin. Shu bilan birga, Asif nizoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish mumkinligiga umid bildirdi.
Izoh (0)